Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:16

"Suriyadagi isyonchilar orasida o‘zbeklar ham bor"


Hukumat qo‘shinlariga qarshi urushayotgan suriyalik isyonchilarga yordam berish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan, xususan, asli O‘zbekistondan bo‘lgan islomiy janggarilar yetib kelgan.

Bu haqda The Guardian gazetasining muxbiri Martin Chulov Avstraliyaning AVS radiosiga bergan intervyusida gapirib bergan.

Chulovning aytishicha, Suriyada to‘qnashuv boshlangan 18 oy badali u birinchi marta o‘z ko‘zlari bilan puxta tayyorgarlik ko‘rgan, bekamu ko‘st qurollangan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri jang maydoniga otlanishga shay bo‘lgan janggarilarni ko‘rgan.

- Ular chet ellik muxbirlar bilan suhbatlashib o‘tirmadilar, biroq isyonchilarga o‘zlarining Saudiya Arabistoni, Senegal, Jazoir, O‘zbekiston va Chechenistondan kelganlarini aytishibdi, - deydi Martin Chulov.

The Guardian muxbiri bu odamlarning o‘ta dindor va azmu qarorda qat‘iy ekanini, ular safida esa temir intizom o‘rnatilganini ta‘kidlaydi.

Ayni paytda Chulov suriyalik isyonchilar “qo‘shimcha kuch”ni biroz asabiy qabul qilganini, chunki bu kishilarning Bashar Assad rejimiga qarshi kurashayotgan mahalliy aholi vakillari ko‘zlagan maqsaddan farqlanuvchi o‘z vazifalari borligini anglashlarini qo‘shimcha qildi.

- Kecha oqshom mahalliy isyonchilar anchagacha bu masalani muhokama qilishdi. Keyin “G‘arbdan hech qanday qo‘llov bo‘lmayotganidan keyin islomiylar yordami ortiqchalik qilmaydi”, degan qarorga kelishdi, - deydi Chulov.

The Guardian muxbiriga ko‘ra, isyonchilar: “Islomiylar umumiy qo‘mondonligimiz buyruqlariga bo‘ysunishga rozi bo‘lishdi”, deb aytishgan.

Ayni paytda, Chulovga ko‘ra, isyonchilar islomiylarning ortidan Halabga uchqichlarni urib tushiradigan ko‘chma zenit-raketa komplekslari yetib kelishiga umid qilayotibdilar. Bunga suriyalik muxolifatchilar shu kunda o‘ta muxtoj bo‘lib turganini qayd etgan muxbir Suriya aviatsiyasi isyonchilar qarorgohlarini muttasil ravishda bo‘mbalayotganini, bu xavf bartaraf qilinmagunicha mamlakatdagi eng yirik shaharlaridan biri bo‘lmish Halab uchun jangda muvaffaqiyatga erishish o‘ta qiyin bo‘lishini gapirib bergan.

Avvalroq Suriyaning Idlib viloyatida ham oldin Iroqdagi AQSh qo‘shinlariga qarshi urushgan chet ellik islomiylar paydo bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Bundan tashqari, Suriya shimolida Liviyadagi fuqarolar urushi faxriylari yetakchiligida “Ummat brigadasi” tuzilgani haqida ham ma‘lumotlar bor.
XS
SM
MD
LG