Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:41

"Qora niqoblilar"ga qonun bormi?


Keyingi ikki yil davomida O‘zbekiston bozorlarida tez-tez reyd o‘tkazayotgan "qora niqoblilar" faoliyati qaysi qonunning qay bandi va qay moddasiga asoslanganidan hatto o‘zbek huquqshunoslarining o‘zlari ham bexabar.

Mustaqillik arafasida "qora niqoblilar" faollashdi


“Qora niqoblilar” ishtirokidagi reydlarning so‘nggilari o‘tgan hafta Toshkent va Namanganda o‘tkazildi.

Namangandagi “Isfarxon” savdo markaziga, u yerda savdo qiladigan tadbirkorlardan birining Ozodlikka aytishicha, bir nechta huquq-tartibot idorasi xodimlarining qo‘shma guruhi bostirib kirgan.

- 14 avgust ertalab birdaniga "Isfarxon"ga yuz-ko‘zi ko‘rinmaydigan qora niqobli, avtomat bilan qurollangan odamlar bostirib keldi. Ular do‘konlardan xaridorlarni chiqarib yubordi. Keyin soliqchilar, korruptsiya (korruptsiyaga qarshi kurash bo‘limi xodimlari-tahr.) kirib keldi. Ichkarida faqat do‘kon egalari qoldi, xolos, deydi ismi sir qolishini istagan tadbirkor.

Uning aytishicha, “qora niqobli” qurollangan guruh tadbirkorlarni joylaridan jildirmay qo‘ygan, soliq qo‘mitasi xodimlari esa militsiya yordamida mollarni hech bir hujjatsiz yoki xatlamasdan avvaldan tayyorlab qo‘yilgan yuk mashinalariga orta boshlagan.

Rasmiylar tomonidan “mamlakatga mollarning noqonuniy olib kirilishi va sotilishiga qarshi” uyushtirilayotgani aytilayotgan reydlardan yana biri Toshkentdagi “Bek-Baraka” bozorida o‘tkazildi.

Toshkentlik tadbirkorlardan bo‘lgan yana bir suhbatdoshimiz,(u kishi ham ismi sir qolishini istadi), “qora niqoblilar” reyd o‘tkazgan bozor yonidagi “Chinni bozorda” savdo qiladi.

“Bek-baraka”dan ham mollar hech bir asossiz olib ketildi, deydi u.

- Qaroqchilarga o‘xshab kelib olib ketishlari bu haqiqat. Tekshiruvchi keladigan bo‘lsa, tekshiruvlarni qayd qilish kitobiga kim qayerdan kelganligini qayd etib, shundan keyingina tekshiruv o‘tkazishi kerak. O‘g‘lim tadbirkorlik qilardi. Uning ham do‘konini dabdurustdan kelib bosishib, hech bir sababsiz do‘konini bosib o‘zining kimligini tanishtirmasdan, tekshirishlarni qayd etish kitobiga yozuv kiritmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mollarni olib chiqib ketgan hollari bo‘lgan, deydi toshkentlik suhbatdoshimiz.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, ba‘zi tadbirkor ayollar janjal qilib, mollarini qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan, lekin aksar savdogarlar bir haftadan beri tovarini ololmay sarson.

Kunduzgi qaroqchilik yoxud o‘zbek qonunlariga mos harakat?


Ozodlik bilan suhbatlashgan tadbirkorlar bir ovozdan huquq idoralari o‘tkazayotgan amaliyotlar qaroqchilikdan boshqa narsa emas, degan ishonchda.

Lekin Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashishga rozi bo‘lgan o‘zbekistonlik huquqshunos fikricha, bu holatlarda qars ikki qo‘ldan chiqmoqda. Suhbatdoshimiz o‘z ta‘biri bilan “maski-shou” deb atagan reydlar huquqiy jihatdan ko‘p savollar tug‘dirishini e‘tirof etgan holda, tadbirkorlar ham aksar hollarda yo o‘z huquqlarini bilmaydi, yo bilib turib qonunbuzarlikka qo‘l uradi, deydi.

“Soliq va bojxona xodimlari birgalikda o‘tkazayotgan bu operatsiyalar avvaldan rejalangandir. Ular mutlaqo qonun doirasida harakat qilishmoqda. Albatta¸ bizda militsiya to‘g‘risidagi qonun bo‘lmagani bois, bunday amaliyotlar ichki nizomdagi tartibga ko‘ra amalga oshiriladi. Lekin tadbirkorlar ham ko‘p hollarda mollari vaqtincha hibsga olinayotgan paytda tegishli tarzda xatlanishiga e‘tibor bermaydi”, deydi huquqshunos.

Bundan tashqari, deydi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullangan yurist, bozordagi mollar ham har doim qonun doirasida sotilmaydi.

“Masalan, bu kabi holatlarda, soliq yoki bojxona xodimlari bozorga kirib kelishi bilanoq tadbirkorlarning ko‘pchiligi mollarini tashlab qochadi. Chunki aksar tadbirkorlar sotayotgan tovar ichida¸ albatta¸ qonuniy tarzda rasmiylashtirilmagan moli bo‘ladi va javobgarlikdan qo‘rqib molidan ham voz kechadi. Albatta¸ bunday tovar olib ketilganidan keyin uni sud orqali ham qaytarib olish amri maholdir”, deydi huquqshunos.

Toshkentlik tadbirkor suhbatdoshimiz ham savdogarlar orasida soliqdan qochadiganlar bo‘lishini tasdiqlaydi. Lekin qonunga to‘la amal qilgan tadbirkor ham moli olib ketilgan holda uni qaytarib ololmaydi, deydi u.

- Xuddi shunaqa soliqdan qochadigan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar ham juda ko‘p. Lekin o‘shalarga nisbatan haqiqatan zarba berish, o‘shalarga nisbatan ish olib borishning o‘rniga nima deydi ho‘lu quruq baravar yondi, yonayaptida hozirgi kunda. Qo‘lga tushgan tadbirkor borki, xoh u oq bo‘lsin, xoh u qora bo‘lsin baribir aybdor, deydi toshkentlik tadbirkor suhbatdoshimiz.

"Niqoblilar" bosgan mol qayga ketmoqda?


Ovozi yozib olinmasligi sharti bilan Ozodlikka gapirgan yana bir toshkentlik tadbirkor o‘z tajribasidan kelib chiqib, bozordan “hibsga olindi” deb olib ketilgan mollar sud qarorisiz sotib yuborilishi ham hech gap emas, deydi.

Huquqshunos suhbatdoshimiz buni huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qonunning qo‘pol tarzda buzilishiga aniq misol, deya ataydi.

“Bunday holatlar ro‘y bermasligi uchun tadbirkor o‘z haqlarini talab qilishi kerak, jumladan reydlar “qora niqobli”lar tomonidan o‘tkazilgan hollarda ham iloji boricha tovar hibsga olinishi tegishli tarzda rasmiylashtirilishini talab qilish kerak” deydi yurist.

Aslida, deya qo‘shimcha qiladi u, qora niqob kiygan va avtomat ko‘targan guruhlarning bu kabi amaliyotlarga jalb qilinishidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham qo‘rquv faktorini yaratishdir.

“Qurollangan maxsus guruh vahima bilan bozorga bostirib kirgandan sarosimaga tushib qolgan tadbirkor o‘z huquqlarini talab qilishga qo‘rqib qoladi. Aslida "qora niqobli"larning bu operatsiyalarga jalb qilinishi va tadbirkorlarni qo‘rqitishi huquq me‘yorlariga ko‘ra ortiqcha kuch ishlatish, deya kvalifikatsiya qilinishi mumkin. Tadbirkorlar bunday reydlar paytida boshdan kechirgan ruhiy, ma‘naviy va moddiy zararni qoplash yuzasidan sudga murojaat ham qilishi mumkin”, deydi huquqshunos.

Bundan tashqari, soliq idorasi tegishli tadbirkorga qarashli molni tegishli tarzda rasmiylashtirmasdan yoki tadbirkorning qonun doirasida faoliyat olib borgani aniqlanganidan keyin ham ishni boshqa idoraga tergov uchun o‘tkazishi ham qonunchilikning qo‘pol tarzda buzilishidir, deydi yana huquqshunos.

“Qora niqoblilar” kim?


Xalq orasida “maski shou” nomi bilan ham tanilgan bunday reydlar keyingi bir-bir yarim yil davomida nafaqat bozor va savdo markazlari, yoqilg‘i quyish shahobchalari, kafe-restoranlarda ham o‘tkazildi. Lekin shu paytgacha “qora niqoblilar” qaysi idoraga qarashli degan savol ochiq qolmoqda.

- Kimlar tomonidan o‘tkazilayotganini hech kimga ayon qilishmaydi, hech kimga ma‘lum qilishmaydi. Lekin men bozorda haqiqatan shaxsan shu narsaning tepasida guvohi bo‘lgan o‘sha maska kiyganlar bozorga qo‘lida avtomatlar bilan kirib kelishib¸ tadbirkorlarning mollarini hech qanaqa gap-so‘zsiz mashinaga ortib olib chiqib ketishgan, deydi toshkentlik tadbirkor suhbatdosh.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan yurist O‘zbekiston qonunchiligidan kelib chiqib bunday guruhlarning faqatgina Ichki ishlar va Milliy xavfsizlik xizmatiga qarashli bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.
XS
SM
MD
LG