Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:35

Nazarboyev qirg‘izlarni cho‘ntakka qarab yashashga chaqirdi


Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev (ch) va Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev (o‘).
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev (ch) va Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev (o‘).

22 avgust kuni Qirg‘izistonga ilk bor rasmiy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev qirg‘izistonliklarga bundan buyon o‘z kuchiga tayangan holda umrguzaronlik qilishni maslahat berdi.

Nazarboyev fikricha, qirg‘izistonliklar bundan buyon xorijdan grant va yordam umid qilmay, qo‘lni qo‘lga berib ishlashlari kerak.

- Endi barcha inqiloblardan, urushlardan o‘tib bo‘ldinglar. Qachongacha shuning orqasida yurasizlar. “25 yoshgacha inqilobchi bo‘lmaganning yuragi yo‘q, 40 yoshgacha konservatorga aylanmaganning miyasi yo‘q”, degan gap bor. Endi aqlni kiritadigan hodisalar yuz berib bo‘ldi. Bundan buyog‘iga hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, deb o‘ylaymiz. Buning uchun qo‘ldan kelgan yordamni qilamiz. El ichida tinchlik-osoyishtalik hukm surib, rahbarlarga ishlashga imkoniyat berib, qirg‘iz xalqi bir hukumat, bir rahbarning atrofida jamlanmagunicha biror o‘zgarish bo‘lmaydi. Davlatlar yerining ko‘lami bilan emas, balki mehnat qilgan fuqarolari bilan katta davlatga aylanadi, - dedi Qozog‘iston prezidenti.

Nazarboyev fikricha, bugungi kunda bo‘hron tufayli Yevropa va AQSh banklari beradigan qarzga umid bog‘lab bo‘lmaydi. “Shu vajdan, Qirg‘iziston imkon qadar tezroq (Rossiya, Belorussiya va Qozog‘iston kirgan) Bojxona ittifoqiga qo‘shilishi kerak, shunda muammolar, shu jumladan, Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati fondidan mablag‘ olish masalasi ham tezroq hal bo‘la boshlaydi”, dedi Qozog‘iston prezidenti.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 22 avgust kuni ikki davlat prezidentlari uchrashuvi chog‘ida olti hujjat imzolangan.

Bu haqda so‘zlagan Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini urg‘uladi.

- Faqat Qirg‘izistongina emas, balki butun dunyoda qurg‘oqchilik tufayli yuzaga kelgan oziq-ovqat tanqisligi bilan bog‘liq vaziyatni e‘tiborga olib, bizga 100 ming tonna bug‘doy ajratishni so‘ragandik, 200 ming tonna beradigan bo‘lishdi. Nursulton Abishevich menga: “Qancha kerak bo‘lsa, shuncha olaveringlar”, deb ham aytdi. Yana bu yil qo‘shimcha 100 million kub metr gaz olish haqida ham kelishib oldik. Yuqori kuchlanishli Olmaota-Kemin elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini amalga oshirish haqida gaplashdik. Buni qurib olsak, kelajakda energetikani eksport qila olamiz. Shuningdek, yangi GESlar qurish to‘g‘risida ham so‘zlashdik. Hukumatlararo komissiyaga Chimkentdan Qirg‘izistonga neft quvuri tortish masalasi ustida ishlash topshirildi, - dedi Almazbek Atambayev.

Bundan tashqari, kechagi uchrashuvda Qozog‘iston Qirg‘izistonga qo‘shma sarmoya jamg‘armasi uchun 100 million AQSh dollari ajratishi ham ma‘lum bo‘ldi.

Hamma shunda, ammo o‘zbeklar yo‘q

Chorshanba kuni Qirg‘izistonga kelgan Qozog‘iston prezidenti bugun Bishkekda o‘tadigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a‘zo davlat rahbarlarining sammitida ham ishtirok etdi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a‘zo davlat rahbarlarining sammiti ishtirokchilari (chapdan o‘ngga) - Ozarbayjon bosh vaziri Artur Rasizoda, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev, Turkiya prezidenti Abdulloh Gul hamda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Xalil Oqinja.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a‘zo davlat rahbarlarining sammiti ishtirokchilari (chapdan o‘ngga) - Ozarbayjon bosh vaziri Artur Rasizoda, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev, Turkiya prezidenti Abdulloh Gul hamda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Xalil Oqinja.
Nursulton Nazarboyev va mezbon prezident Almazbek Atambayevdan tashqari mazkur anjumanda Turkiya prezidenti Abdulloh Gul hamda Ozarbayjon bosh vaziri Artur Rasizoda ham qatnashdi.

Sammit nihoyasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi moliyaviy qoidalari bo‘yicha, tashkilotning Turk Akademiyasini tuzish bo‘yicha hamda Turk madaniyati va turk merosini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tuzish bo‘yicha shartnomalar hamda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ikkinchi sammitining yakuniy hujjati bo‘lmish Bishkek deklaratsiyasi imzolandi.

Ayni paytda bu anjumanda O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlari qatnashmadi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Xalil Oqinja kecha Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston va Turkmaniston mazkur tashkilotga a‘zo bo‘lishga shoshilmayotgani haqida bayonot bergandi.

Turkiy tilli davlatlar integratsiyasi haqida tadqiqotlar olib borayotgan o‘zbekistonlik tarixchi va siyosatchi, “Ozod dehqonlar” partiyasi rahbari Nigora Hidoyatova O‘zbekiston rasmiylari mazkur tashkilot anjumanlarini e‘tiborsiz qoldirish ortidan ko‘p narsa yo‘qotayotganini urg‘ulaydi.

- Bugungi kunda turkiy tilli davlatlarning birlashishi uchun avval hech bo‘lmagan imkoniyat bor va bu turkiy tilli xalqlar madaniyatini panadan olib chiqib, umumdunyo jarayoniga qo‘shish uchun juda zo‘r imkoniyatni beradi. Bugun dunyoda umumiy madaniyatga ega bo‘lgan adadi 160 millionga yaqin turkiy tilli xalqlar yashaydi. Turkiylar birlashuvi haqida gapirilarkan, bu yerda xalqlarning siyosiy birlashuvi haqida emas, ularning o‘z mustaqilligi va tilidan voz kechishi haqida emas, balki umumiy ust madaniyat barpo qilish haqida so‘z borayapti. Bugungi kunda turkiy tilli xalqlarning 43 foizini turklar, 15 foizini ozarbayjonlar, 14 foizini esa o‘zbeklar tashkil qiladi. Va O‘zbekiston uchun bunday jarayonda qatnashmaslik, uni e‘tiborsiz qoldirish o‘zbeklar hayotida juda salbiy aks etadi, - deydi Nigora Hidoyatova.

Hozirda turkiy tilli davlatlar kengashiga Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kiradi. Mazkur tashkilot 2009 yil 3 oktyabrida Ozarbayjonning Naxichivan shahrida tashkil topgan. Bu tashkilotni tuzish tashabbusini 2006 yilda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ilgari surgan.
XS
SM
MD
LG