Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:33

Apple ga sudni boy bergan Samsung aksiyalari arzonladi


Samsung shirkati aksiyalari Seul birjasidagi dushanba kungi savdolarda kutilmaganda 7,7 foizga tushib ketdi.

Bloomberg agentligiga ko'ra, Samsung aksiyalarining bunday tezlikda qulashi 2008 yildan beri kuzatilmagan edi.

Tahlilchilarga ko'ra, bunga Samsung Apple shirkatiga 1 milliard dollar to‘lashi kerakligi haqidagi AQSh sudi qarori sabab bo'lganini aytishmoqda.

O'tgan haftada Kaliforniya shtatidagi San-Xose shahri mahkamasi Janubiy Koreyaning Samsung shirkatini Galaxy smartfoni va tabletlarini yaratish uchun Amerikaning Apple shirkati kashfiyotlarini o‘g‘irlaganlikda ayblagan va Apple shirkatiga 1 milliard dollardan ziyod zararni to‘lashi kerak, degan qaror chiqargan edi.

2011 yilning aprel oyida qator patentlari Samsung tarafidan buzilganini da'vo qilib sudga murojaat qilgan Apple shirkati Janubiy Koreya shirkatidan 2,5 milliard dollar undirish umidida bo‘lgan edi. Samsung sud qarorini asossiz deb atab, qaror ustidan shikoyat qilmoqchi.

O'z navbatida Samsung shirkatining Apple ga nisbatan qo'zg'agan 399 millionlik "ko'chirmachilik" da'vosi sud tarafidan rad etilgandi.

Avvalroq Seul shahri sudi ikkala shirkatni ham bir-biriga tegishli patentlarni buzganlikga aybdor deb topib, ular chiqaradigan texnologiyalarni Janubiy Koreyada qisman ta‘qiqlagan edi.
Ikkala shirkat o‘rtasidagi patent mojarosi yana qator davlatlarda davom etmoqda.

Samsung va Apple jahon smartfonlar bozoridagi eng yirik shirkatlardir. Janubiy Koreya shirkati bozorning 35% ga, AQSh shirkati esa 18% ga egalik qiladi.
XS
SM
MD
LG