Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:42

Eng kam ish haqi to‘lash ikki baravarga oshirildi


Uzbekistan - A Bunch of Uzbek National Currency.
Uzbekistan - A Bunch of Uzbek National Currency.

O‘zbekiston prezidenti imzolgan qonunga ko‘ra, endi ish beruvchilar ishchilar maoshini mehnatga haq to‘lash bo‘yicha yagona tarif setkasining kamida birinchi razryadi bo‘yicha berishi kerak. Bu eng kam ish haqining ikki baravari deganidir.

Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining ba‘zi qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni 10 sentyabr kuni imzoladi. Qonun 11 sentyabrdan kuchga kirdi.
Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 21 iyun kuni qabul qilindi va 30 avgust kuni Senat tomonidan ma‘qullangan edi.
Qonun O‘zbekiston Mehnat kodeksiga o‘zgartish kiritilishini ko‘zda tutadi. Bu o‘zgartishga ko‘ra, eng kam ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lash bo‘yicha Yagona tarif setkasining birinchi razryadidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanishi lozim.
O‘zbekistonlik iqtisodchi Orif Hoshimovning aytishicha, endi ish beruvchilar ishchilarga eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida ish haqi to‘lashga majbur bo‘ladi:
- Avval bizda ish haqi berish yagona tarif setkasining 0-razryadi bilan belgilanardi. Bu stavka eng kam ish haqi bilan bog‘liq edi. Endi esa xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlar, mulkchilik shaklidan qat‘iy nazar, belgilangan eng kam ish haqini ikki baravar miqdorida o‘rnatishga majbur bo‘lishdi. Agar hozir eng kam ish haqi 72 ming 355 so‘m bo‘ladigan bo‘lsa, endi ishchiga to‘lanadigan eng kam ish haqi shuning ikki baravarida bo‘ladi, ya‘ni 144 ming 710 so‘mdan iborat bo‘ladi. To‘lanadigan eng kam ish haqi yagona tarif setkasining 0-razryadi bilan emas, balki 1-razryadi bilan belgilanadigan bo‘ldi,- deydi iqtisodchi.
Orif Hoshimovga ko‘ra, endi ish beruvchi ishchini 144 ming so‘mu 710 so‘mdan kam oylik bilan ishga qabul qila olmaydi.
- Shu paytgacha ko‘pchilik kichik biznes sub‘ektlari ishchilarni oyligini shu 0-razryad bilan 72 ming 355 so‘m qilib qo‘yardida, qolganini naqd hisob-kitob qilaverardi. O‘z-o‘zidan u kamroq soliq to‘lardi. Endi bunday qilolmaydi. Bu yollanma ishchilar uchun juda yaxshi, ijobiy holat. Lekin ish beruvchilar uchun bu qo‘shimcha nagruzka. Bundan ko‘proq zarar ko‘radiganlar kichik biznes sub‘ektlari bo‘ladi. Chunki ular o‘z xodimlariga, masalan, savdoda, maishiy xizmatda, oshxonalarda kichkina oylikni belgilab qo‘yganda, qolganini o‘zlari naqd to‘lab qo‘yishaverardi,- deydi iqtisodchi Orif Hoshimov.
O‘zbekiston Moliya vazirligining sobiq mulozimi, hozir Qozog‘istondagi Yevroosiyo milliy universiteti dotsenti Saparboy Jubayevning aytishicha, eng kam ish haqi mamlakatdagi iste‘mol savatchasi miqdoriga qarab belgilanadi:
- Ish haqini belgilash potrebitelskiy korzinani (iste‘mol savatchasi-tahr.) belgilashdan kelib chiqadi. Ya‘ni ishlaydigan odamning bir oy yashashi uchun ketadigan eng kam miqdorda iste‘mol mollari narxidan kelib chiqiladi. Har bir yuridik sub‘ekt o‘z ishchilariga bundan kam ish haqi to‘lashi mumkin emas. Bu faqat statistik ma‘lumot uchun foydalaniladi. Eng kam ish haqini Mehnat vazirligi aniqlaydi. U potrebitelskiy korzina qancha ekanligi o‘rganib chiqib, minimal ish haqi shuncha bo‘lsin degan xulosani beradi,- deydi Saparboy Jubayev.
Iqtisodchining aytishicha, Qozog‘istonda eng kam ish haqi degan normativning o‘zi yo‘q, faqat eng kam iste‘mol savatchasi degan kriteriya bor. Saparboy Jubayevga ko‘ra, hozir bu mamlakatdagi eng kam iste‘mol savatchasi 18 ming tanga, yoki 130 AQSh dollarni tashkil etadi.
O‘zbekiston hukumati esa shu paytgacha eng kam iste‘mol savatchasi narxiga oid haqidagi ma‘lumotlarni oshkor qilmay keladi.
O‘zbekistonda hozir eng kam ish haqi 72 ming 355 so‘m. Bu rasmiy kursda 37 AQSh dollarini, qora bozor kursida 26 AQSh dollarini tashkil etadi.
Toshkentlik matematika o‘qituvchisi Shavkat Badalovning aytishicha, o‘zbekistonliklarning iste‘mol savatchasi haqidagi ma‘lumot mavhum bo‘lib qolmoqda:
- Biz o‘zimiz xomaki qilib hisoblab chiqqanmiz. Eng kam ish haqi har bir kishining qorniga zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yetadigan summa bo‘lib chiqqan. Boshqa xarajatlarni biz hisoblaganimiz yo‘q,- deydi Shavkat Badalov.
Prezident 10 sentyabr kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining ba‘zi qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining bir qator moddalariga ham o‘zgartishlar kiritildi.
Bu o‘zgartishga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari va kitoblarni yetkazish va soxizmati qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.
XS
SM
MD
LG