Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:18

Test markazi qabul jarayoni halol o‘tganini bildirdi


O‘zbekiston Davlat Test markazi rahbari Bahrom Ismoilov dushanba kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu yilgi test sinovlari xolis va adolatli bo‘lgani, to‘plagan natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlarning apellyatsiya uchun topshirgan arizalari ham xolis ko‘rib chiqilganini ma‘lum qildi.

O‘zbekiston Davlat Test markazi rasmiysi Ulug‘bek Safarovning Ozodlikka aytishicha, natijalardan norozi bo‘lgan abiturentlar hamda ular ota-onalarining shikoyat-arizalarini qabul qilish 15 sentyabr kuni tugagan.

- O‘zbekiston bo‘ylab 3100 ta abituriyentdan da‘vo arizasi qabul qilindi. Ular Ekspert komissiyasi tarafidan tahlil qilinib, javoblari erta-indin shu abituriyentlarga yoki ota-onalariga ma‘lum qilinadi, dedi Safarov.

O‘zbekiston Davlat Test markazi rasmiysiga ko‘ra, shpargalka yoki o‘zi bilan telefon olib kirgan abituriyentlarning imtihondan chetlatish amalining birinchi bor qo‘llanilgani ham bu yilgi kirish imtihonlarining xolis va adolatli o‘tkazilishiga ërdam bergan.

Bu yil O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentdan 3500 nafari test qoidalarini buzgani uchun imtihondan chetlatilgan.

- Bu yil test sinovlarida nazorat kuchaytirildi va birinchi marta qoidani buzganlar, shpargalka, telefon olib kirganlar test sinovlaridan chetlatildi. O‘tgan yili shpargalka olib kirganlar ogohlantirib qo‘yilaverardi. Bu yil unaqa bo‘lmadi, qoidabuzarlar shu zahoti test zalidan chiqarib yuborildi¸ dedi Safarov.

O‘zbekiston Davlat Test markazi ma‘lumotlariga ko‘ra, bu yil mamlakatdagi 70 dan ortiq universitet, institut va institutlarning filiallariga kirish maqsadida hujjat topshirgan yoshlarning soni 432 mingdan ortiq bo‘lgan.

Ulardan 56 607 nafari (19 340 – davlat granti, 37 267 – shartnoma) talabalikka qabul qilingan.

Test natijalaridan norozi talabgorlarga apellyatsiya imkonidan foydalanish imkoni berildi¸ deb davom etadi Test markazi rasmiysi.

- Abituriyentning o‘ziga 1 avgust kuni tushgan savollar va javoblar vaqarasi qo‘liga beriladi. Uni abituriyentni o‘zi ko‘rib chiqadi. Qaysi javobga e‘tirozi bo‘lsa qog‘ozga yozadi va asoslab beradi. Hamma abituriyentlar yozib bo‘lganidan keyin ertasi kuni e‘tiroz asosli yoki asossiz ekani haqida ekspert xulosasi e‘lon qilinadi. Agar asosli bo‘lsa, Davlat komissiyasiga chiqarilib, ball qo‘shib beriladi. Asossiz bo‘lsa qaytrib yuboriladi, dedi Safarov.

Lekin o‘qishga kirolmagan aksar abituriyent ota-onalari apellyatsiya bilan biron natijaga erishib bo‘lishiga shubha bilan qarashadi:

- Faqat yugurganing qoladi. Kiradiganlar pulni berib kirib bo‘lishdi. Haqiqatni yuzaga chiqarish uchun o‘sha eng yuqori ball olganlarni qaytadan bir imtihon qilib ko‘rishsinchi, oladimi shu ballni, deydi bu yil o‘qishga kirolmagan xorazmlik abituriyent Feruzaning onasi Manzura opa.

Avvalgi yillari O‘zbekistonda biron abituriyent apellyatsiyani yutib, studentlikka qabul qilingani holati bo‘lganmi¸ degan savolga O‘zbekiston Davlat Test markazi vakili Safarov:

- Ha bo‘lgan, o‘tgan yil apellyatsiyaga topshirgan 2000 dan ortiq talabgordan to‘rt nafari grantga o‘tdi, 12 nafari kontraktga kirishga muvaffaq bo‘ldi, deb javob qildi.

Eng korruptsiyalashgan soha


Oliy ta‘lim O‘zbekistonda eng korruptsiyalashgan sohalardan biri hisoblanadi. Sovet davridan meros qolgan "pul bilan o‘qishga kirish" muammosi hali ham mamlakatda keng tarqalgan.

Toshkentdagi Ekspert ishchi guruhi faoli Suhrob Ismoilovning aytishicha, O‘zbekistonda bu yil qator oliygoh rektor va domlalari poraxo‘rlikda ushlanib, qamalgan yoki ishidan haydalgan va test sinovlari kuchli nazorat ostida o‘tgani haqida aytilayotgan gap-so‘zlarga qaramay "muammo yanada kuchaygan bo‘lsa kuchaygan, kamaymagan".

- O‘zbekiston hukumati korruptsiyaga qarshi kurash e‘lon qilgan va bu yerda asosiy jonbozlik ko‘rsatayotgan idora Milliy xavfsizlik xizmati. Korruptsiyaga qarshi milliy dastur ham qabul qilingan. Lekin shu bilan bir qatorda hukumat o‘ylamayaptiki, nega aynan bilim bilan yaxshi puxta tayyorgarlik ko‘rgan talabaning o‘qishga kirishiga umidi hali ham pastroq. Nega maktablarimiz sifatli bilim beraolmaydiki o‘quvchi faqat bilimga ishonib tanish-bilish qidirib qolmasin, deb. Mana shunaqa muammoni ildizlariga hukumat afsuski e‘tibor qaratmayapti, deydi Ismoilov.

O‘zbekistonlik ekspertning iddaosicha, Yuridik instituti va fakultetlariga o‘qishga kirish eng qimmat hisoblanadi, uning "narxi" 20-25 ming dollardan oshadi. Ayni paytda¸ kuzatuvchiga ko‘ra¸ iqtisod yo‘nalishidagi fakulьtetlar uchun 9-10 ming dollar to‘lansa bir student joyi kafolatlanishi mumkin.

Bu yil Toshkent Davlat Yuridik institutini 12 yil davomida boshqargan professor Mirzayusuf Rustamboyevning qabul imtihonlar boshlanishi arafasida rektorlik lavozimidan bo‘shatilishi ortidan ushbu oliygohga "tanish-bilishchilik" bilan kirish qiyinlashgan.

- Bu yil yangi rektor tanish-bilishlikka qarshi juda qattiq kirishgan, deb eshitdik. Hech kim kiritib berishni bo‘yniga olmadi. Farzandimizning faqat bilimiga umid qilishdan boshqa chora qolmadi. Ikki ball yetmay, kira olmadi. Kontraktga ilinganlar orasida o‘rin ochilsa, shunga qabul qilishar deb, kutdik u ham bo‘lmadi. Hozir endi yaxshi tayyorlanib, kelasi yil yana qayta topshiradigan bo‘lib turibmiz, deydi farzandi Yuridik institutida o‘qishini xohlayotgan o‘z ismini aytmagan toshkentlik ota-onalardan biri.

O‘zbekistonda o‘quv yilining boshida kontraktga ilinganlar pulni to‘lay olmasa¸ ular talabalar safidan chiqarilib, o‘rniga balli ozgina yetishmagan abituriyentlar qabul qilish amali mavjud.

O‘zbekiston Davlat Test markazi mas‘ullariga ko‘ra, bunaqa vaziyatda qarorni oliy o‘quv yurti rektorati beradi.
XS
SM
MD
LG