Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:21

Qirg‘izistonda olomon sudyani kaltakladi


Qirg‘iziston respublikasi Oliy sudi Jalolobod viloyati Olabuqa tuman sudi sudyasi Abibilla Jarimbetovni mahalliy aholi kaltaklagani to‘g‘risidagi xabarni tasdiqladi.

Xabarlarga qaraganda, qirg‘iz millatiga mansub aholining sudyaga hujum qilishiga uning o‘zbek millatiga mansub ikki yigit ishi yuzasidan chiqargan ehtiyot chorasi to‘g‘risidagi qarori sabab bo‘lgan.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati Oliy sud matbuot xizmatidan olgan ma‘lumotga qaraganda, Olabuqa tuman sudi sudyasi Abibilla Jarimbetov kaltaklanganidan so‘ng kasalxonaga yotqizilgan va uning miyasi chayqalgani aniqlangan.

Oliy sud matbuot xizmatiga ko‘ra, kaltaklangan sudya o‘zining 16 sentyabr kungi qarori bilan bezorilikda gumon qilingan Rahmiddin Egamberdiyev va Shuhrat Egamberdiyevlarning ehtiyot chorasini o‘zgartirib, uy qamog‘iga chiqargan.

Tuman sudi qarorini viloyat sudi 24 sentyabr kuni o‘z kuchida qoldirgan.
25 sentyabr kuni soat 12 ga yaqin sud qaroridan norozi bo‘lgan olomon, militsiya ko‘rsatgan qarshilikka qaramay, sudya Abibilla Jarimbetovni xizmat xonasidan sudrab olib chiqqan va uni tuman ichki ishlar bo‘limi idorasiga olib borayotib kaltaklagan.

Jalolobod viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Malik Nurdinovning Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga ma‘lum qilishicha, 8 sentyabr kuni Olabuqa tumanidagi Do‘stuk qishlog‘ida qirg‘iz va o‘zbek yigitlar mushtlashib ketgan va so‘ngra har ikki tomon bir-birining ustidan ariza yozgan.

Shundan so‘ng ikki o‘zbek qo‘lga olingan va sudning qarori bilan uy qamog‘iga chiqarilgan.

Malik Nurdinovning xabar qilishicha, tumandagi o‘zbeklar va qirg‘izlar aralash yashaydigan qishloqlarga vaziyatni nazorat qilish uchun 25 sentyabr kuni qo‘shimcha kuch – yuzga yaqin militsiya xodimi safarbar qilingan.

- Ikki millat o‘rtasida janjal chiqib ketmasin, degan maqsadda tumanga qo‘shimcha kuch jo‘natdim, dedi Jalolobod viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Malik Nurdinov.

Jalolobod viloyat sudi raisi Risbek Shүkүraliyev bezorilikda ayblanayotgan fuqaroning uy qamog‘iga chiqarilishi sabablari to‘g‘risida mana bunday dedi:

- “Bezorilik” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu og‘ir bo‘lmagan jinoyat hisoblanadi. Birinchi instantsiya sudi uy qamog‘iga chiqargan. Kecha viloyat sudi qarorni o‘z kuchida qoldirdi. Hukm chiqqan kuni birov bir narsa demagan edi. Bugun ayblanuvchining qamalmay qolganini eshitib yig‘ilishibdi, dedi viloyat sudi raisi.

Tafsilotlariga qaraganda, 25 sentyabr kungi voqea millatlararo mojaroga o‘xshab turibdi. Biroq Olabuqa tuman hokimligi ma‘muriyati boshlig‘i Guljan Asanovaning fikricha, bu voqea millatlararo mojaro emas, shunchaki bir necha kishining o‘zaro janjali xolos.

-Vaziyatni nazorat qilib turibmiz. Millatlararo janjal yo‘q. Olabuqa markazida o‘zbek-qirg‘iz aralash yashaydi. Qamalgan odam o‘zbek. Jabrlangan qirg‘iz. Shuning uchun shov-shuv bo‘lib ketdi. Milliy masala ko‘tarilgani yo‘q, dedi tuman hokimligi rasmiysi.

Olabuqa tumanida 25 sentyabr kuni yuz bergan voqeani Farg‘ona. ru sayti ham yoritdi.

Saytga ko‘ra, sudyaga hujum qilgan olomon taxminan 200 kishidan iborat bo‘lgan.

Nafaqat sudьya, balki tuman prokurori ham kaltaklangan.

Farg‘ona. ru ning yozishicha, 8 avgust kuni Olabuqa qishlog‘ida bir o‘zbek bir qirg‘izni kaltaklagan va oqibatda kaltaklangan hanuzgacha Bishkekda davolanmoqda.

Shunga qaramay, sudьya o‘zbekni uy qamog‘iga chiqarib yuborgan va bu qaror qishloqning qirg‘iz millatiga mansub aholisi g‘azabini qo‘zg‘agan.

Bu g‘azab 25 sentyabr kuni sudьya va prokurorga qarshi hujumga aylanib ketgan.
Farg‘ona. ru sayti Olabuqa tumani ichki ishlar boshlig‘i o‘rinbosari Mirbek Sultanovdan olingan ma‘lumotga tayanib, tumandagi vaziyat nazoratda ekanligini, o‘zbekning uyini hech kim yoqib yubormoqchi emasligini xabar qildi.

Voqealar markazida bo‘lgan o‘zbekning ism-familiyasini sayt keltirmadi. Aytilishicha, u 25 sentyabr kuni tushdan keyin tergov izolyatorida olib kirib qo‘yilgan.
XS
SM
MD
LG