Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:36

Chingiz Aytmatovning yangi romani topildi


Chingiz Aytmatov.
Chingiz Aytmatov.
Taniqli qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning hali hech kim o‘qimagan romani topildi. Sarg‘ayib ketgan roman qo‘lyozmasini adibning qizi Shirin Aytmatova otasining ijodxonasi arxividan iyun oyida topib olganini aytmoqda.

Aytmatovning e‘lon qilinmagan asari 1940 yilda boshlanib, Ikkinchi Jahon urushi yillarida davom etgan Katta Chuy kanali qurilishi bilan bog‘liq tarixiy voqealardan hikoya qiladi.

Kitobning bir necha sahifasi bo‘lmasa-da, matn 99 foiz saqlab qolingan, deydi Ozodlikka adibning qizi Shirin Aytmatova.

- Roman “Yer va fleyta” deb nomlangan. Sotsrelizm uslubida yozilgan bu tarixiy asar Katta Chuy kanali qurilishi yillaridan hikoya qiladi. Shu bilan birga romanda ishq-muhabbat munosabatlari haqida juda ochiq-oshkora hikoya qilinadi,- deydi Shirin Aytmatova.

Qirg‘iziston tarixida qurilgan eng yirik Chuy kanali qurilishida bugungi Bishkekning 40 mingdan ortiq aholisi ishtirok etgan.

Roman qachon yozilgani ma‘lum emas. Shirin Aytmatova otasi asarni 70-yillar oxirida yozgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.

Nimaga bu roman o‘z vaqtida nashr etilmay qolgan, degan savolga Aytmatova:

- U payt kommunistik senzura bor edi. Bu romanda esa esa sevgi-muhabbat haqida juda oshkora yozilgan. Aynan shuning uchun otam bu romanni chop etishga botinolmagan bo‘lsa kerak,- deb javob berdi.

Hozir Chingiz Aytmatovning yaqinlari "Yer va fleyta"romanini nashrga tayyorlashmoqda.

- Kelasi yil bu asar rus, keyin esa, ingliz tilida nashrdan chiqarilib, o‘quvchilarga yetib borishi mumkin,- deydi Shirin Aytmatova.

Jahon adabiyotida tan olingan yozuvchi Chingiz Aytmatov 2008 yilda Germaniyaning Nyurnberg shahridagi kasalxonada 79 yoshida hayotdan ko‘z yumgan edi.

Chingiz Aytmatov o‘zining "Asrga tatigulik kun", "Oq kema", "Kunda" va "Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar" kabi asarlari bilan dunyo kitobxonlari qalbidan joy olgan.

Aytmatov o‘zbek kitobxonlari orasida ham eng e‘zozli yozuvchilardan biri bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG