Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:24

Aktrisa Shahzoda Matchonova “Opa”ning g‘azabiga uchradi


Aytilishicha, Shahzoda Matchonova Twitter orqali Gulnora Karimova bilan aytishib qolgan.
Aytilishicha, Shahzoda Matchonova Twitter orqali Gulnora Karimova bilan aytishib qolgan.
O‘zbekistonlik iste‘dodli aktrisa Shahzoda Matchonova Twitter tarmog‘idagi yozishmalari sababli “Opa”ning, ya‘ni Gulnora Karimovaning g‘azabiga uchradi.

Mahalliy shou biznesga yaqin manbaga ko‘ra, aktrisaning qora ro‘yxatga tirkalganiga bir necha oy bo‘lgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda faol Shahzoda Matchonova “gap kelganda otasini ham ayamagani” sababli Karimovaning marhamatidan mosuvo etilgan.

– Bunga bir necha oy bo‘lib qoldi. Shahzoda Twitterda Gulnora Karimova bilan diskussiyaga kirishgan. O‘zi bilsangiz kerak, Matchonova Twitterda rosa aktiv. Endi so‘zma-so‘z emas-u, ma‘nosini aytaman-da, “Opa” Shahzodaga rollari haqida e‘tirozli gap yozgan. Shahzoda gap kelganda otasiniyam ayamaydiganlar xilidan. Haqiqatni tikka aytishga o‘rgangan qiz-da. Xullas, e‘tirozni javobsiz qoldirmagan. “Menga rejissyorlar qanday rol bersa, shuni o‘ynayman” degan mazmunda gap qilgan. Endi o‘zbekchilik, keyin “Opa” bunaqa qarshi javoblarga o‘rganmagan-ku, Shahzodadan jahli chiqib, uni zapretga tushirgan,– deydi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan mahalliy prodyuser.

Shou biznesga yaqin manbaga ko‘ra, Shahzoda Matchonova O‘zbekiston rasmiy idoralari tuzadigan istalmagan shaxslarning umumiy ro‘yxatiga tirkalmagan. Aktrisaga tatbiq etilayotgan taqiq faqat Gulnora Karimova qalamravidagi tashkilotlar doirasida.

– O‘sha voqeadan keyin Shahzoda “Opa”ga tegishli “TV Markaz”da chiqmay qoldi. Fond Forum uyushtiradigan tadbirlarga ham taklif qilinmayapti. Eshitishimcha, “Opa”ning juda qattiq jahli chiqqan-da. Shuning uchun ham yana uni ko‘rib battar tutaqmasin deyishsa kerak. Bilmadim, o‘sha voqea sababmi, oxirgi paytlarda uni filmlarga kam taklif qilishyapti,– deb fikrlarini davom ettiradi suhbatdoshimiz.

Aktrisa Shahzoda Matchonova 2011 yilda Toshkentda o‘tgan birinchi “Oltin gepard” kinofestivalining qiyofalaridan biri deb e‘lon qilingan va tadbirda bot-bot suratkashlar nishoniga aylangan.

Ammo joriy yil 1 oktyabr kuni boshlangan va o‘zbek shou biznesining barcha taniqlilari jamlangan ikkinchi “Oltin gepard” kinofestivalida Matchonovaga joy tegmagan.

– Birovning xatti-harakatiga baho berishga haqlimanmi-yo‘qmi, lekin bitta gapi uchun shunday talantli qizning yo‘li yopilgani yaxshi bo‘lmadi-da,– deydi mahalliy prodyuser.

Shahzoda Matchonova 1987 yilda Nukusda tug‘ilgan. Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Kinoga 2007 yildan tusha boshlagan.

“So‘nggi lahza”, “Qalbim o‘g‘risi”, “O‘zimdan o‘zimgacha” badiiy filmlaridagi rollari bilan tilga tushgan. Hozirga qadar 20ga yaqin filmda o‘ynagan. Aktrisa avvalroq Karimova tashkil qilgan M&TVA mukofotiga ham nomzod bo‘lgan.

Matchonova Facebook, Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarda muntazam ko‘rinish beradi. Aktrisa o‘z blogida 2011 yilgi “Oltin gepard” namoyishlari xususida ham taassurotlarini yozgandi.

Xususan, xitoylik kinematograflar kartinasi namoyish etilayotganda o‘zbekistonlik san‘at va madaniyat namoyandalaridan iborat elita zalni “madaniyatsizlarcha” tark etganini “sharmandalik” deb baholagandi.

“Madaniy saviya bo‘yicha juda pastda ekanimizni, xalqaro festivallarga yetishish uchun hali ancha qovun pishig‘i borligini tushundim. Tomoshabinni badhazm filmlar bilan ozuqlantirayotganimiz uchun ham o‘zimiz aybdormiz. Haqiqiy kinoni tushunib, ardoqlagunimizcha, birmartalik filmlarga qanoat qilib yuraveramiz. Bashang liboslarga burkangan bu odamlar usti yaltiroq, ichi qaltiroq ekani, ma‘naviy qashshoq ekanidan uyaliblar ketdim”, deya yozgandi aktrisa Shahzoda Matchonova rus tilidagi shaxsiy blogida.
XS
SM
MD
LG