Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:01

Shahrisabzlik o‘smir terimchi kaltaklab o‘ldirildi


Shahrisabzlik o‘smir militsionerlar tomonidan kaltaklanishi oqibatida nobud bo‘lgani aytilmoqda.
Shahrisabzlik o‘smir militsionerlar tomonidan kaltaklanishi oqibatida nobud bo‘lgani aytilmoqda.
Shahrisabz tumani rasmiylari tasdiqlagan xabar tafsilotlarida 16 yoshli xasta yigitni paxtadan qaytgani uchun militsionerlar qattiq kaltaklagani aytilmoqda.

Ozodlikka 8 oktyabr kuni shaxsi sir qolishi bilan xabar qilgan manbaning yozishicha, 1994 yilda tug‘ilgan va Shahrisabz tumanining Taraxli ko‘chasida istiqomat qilgan Navro‘z ismli yigit tuman militsionerlari tomonidan kaltaklab o‘ldirilgan.

Xabarda aytilishicha, bu yigit onasining o‘rniga paxta terimiga chiqqan va 6 oktyabr kuni sog‘ligi yomonlashgani bois paxta terimidan erta qaytishga majbur bo‘lgan.

Qaytayotgan paytida Navro‘zni tuman militsionerlari to‘xtatgan va o‘rtada chiqqan tortishuv natijasida yigit qattiq kaltaklangan.

Shahrisabz tumani markaziy shifoxonasida ishlaydigan manbaning, ismi sir qolishi sharti bilan, Ozodlikka aytishicha, 18 yashar hasharchi yigit o‘sha kuni og‘ir ahvolda kasalxonaga keltirilgan va o‘sha yerda vafot etgan.

Ammo, bu xodim terimchi yigitning shaxsini aniqlashtirishda ko‘maklasha olmasligini aytdi. Boisi, tuman mutasaddilari voqeani sir saqlash haqida ko‘rsatma bergan.

Shahrisabz tuman hokimligining vakili marhum yigitning janozasi 7 oktyabr kuni o‘qilganini tasdiqladi va unda hokimiyat rasmiylari ham ishtirok etganini aytdi.

Ammo, Ozodlik bog‘langan kezda rasmiylarning barchasi tuman paxta punktida yig‘ilishda bo‘lgani bois hokimiyatdan boshqa ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari ham hodisani bilvosita tasdiqladi, ammo yigitning militsionerlar tomonidan kaltaklab o‘ldirilgani qat‘iyan rad etdi.

Bu xabar tafsilotlarini o‘rganayotgan "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti vakili, jurnalist Abdurahmon Tashanov aniqlagan ma‘lumotlarga ko‘ra, bunday hodisa Qashqadaryo viloyatida so‘nggi bir hafta ichida ikkinchi bor sodir bo‘lmoqda.

Jurnalistning Ozodlikka aytishicha, o‘tgan hafta viloyatning Qamashi tumanida ham bir yosh terimchini tuman militsonerlaridan biri mast holda kaltaklagan va terimchi keyinchalik jon bergan.

Hozircha, qamashilik terimchi shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

Bu ikki hodisa viloyat rasmiylarini jiddiy tashvishlantirib qo‘ygani aytilmoqda.

Tashanovning aytishicha, 7 oktyabr kuni viloyat hokimi ishtirokida katta yig‘ilish o‘tkazilgan va terimchilarni kaltaklayotgan militsonerlarga qarshi chora ko‘rish masalasi ko‘rilgan.

Bunga qadar 30 sentyabr kuni Jizzax shahridagi San‘at kollejining 2-kursida tahsil olayotgan 18 yashar Aziz Baxtiyorov paxta terayotgan paytda kutilmagan yurak xurujidan dalada vafot etgani xabar qilingan edi.

17 sentyabr kuni esa Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida toshkentlik hasharchi-terimchi 55 yoshli Igor Yachkevskiy olamdan o‘tgani, uning ham yurak xurujidan vafot etgani aytilgan edi.

Bu yilgi paxta terimiga maktab o‘quvchilarini chiqarishni taqiqlagan O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi davlat va nodavlat tashkilotlari hamda oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini ommaviy ravishda paxataga safarbar qilgan.

Paxta terimi mavsumini kuzatayotgan ba‘zi o‘zbekistonliklar hamda huquq faollari berayotgan xabarlarga ko‘ra, ba‘zi hududlarda rasmiylar xasta talabalar hamda ishchi-xizmatchilarni ham yig‘im-terimga majburan safarbar qilgan.

Ozodlik Shahrisabzda bo‘lgan hodisaga oid tafsilotlarga aniqlik kiritishga urinishda davom etmoqda. Qo‘shimcha ma‘lumotlar uchun vebsaytni kuzatib boring.
XS
SM
MD
LG