Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:55

O‘zbekiston havo yo‘llari 6 yo‘lovchini tushirib qoldirdi


O‘zbekiston havo yo‘llari hafta boshida Tel-Avivga ketayotgan samolyotdan olti yo‘lovchini tushirib qoldirdi. Yo‘lovchilardan birining Ozodlikka aytishicha, davlatga qarashli shirkat vakillari buning sababini muhim mehmonlar kutilmaganda Isroilga uchib ketishi ma‘lum bo‘lib qolgani bilan izohlashgan.

SkyTeam xalqaro aviatashuvchilar ittifoqiga qo‘shilish niyatida bo‘lgan O‘zbekiston havo yo‘llari o‘z mijozlariga nisbatan mulozamatsizlik qilishi bilan tanilgani aytiladi. Darvoqe, SkyTeam vakilining Ozodlikka aytishicha, hozircha O‘zbekiston havo yo‘llarini uyushmaga qabul qilish bo‘yicha qaror berilgani yo‘q.

8 oktyabr kuni Toshkentdan Tel-Avivga uchib ketayotgan samolyotdan olti nafar yo‘lovchi tushirib qoldirildi. Ozodlikka kelgan maktub muallifi o‘zini manzilga vaqtida yeta olmagan yo‘lovchilardan biri ekanini yozdi.

Shaxsi sir qolishini istagan mushtariymizning yozishicha, O‘zbekiston havo yo‘llari amalga oshirayotgan reysga hamma qatori registratsiya, chegara nazorati va xavfsizlik nazoratidan o‘tgan. Samolyotga chiqish e‘lon qilingach esa, u bilan birga yana besh kishi bortga qo‘yilmagan.

“Men bilan yana besh kishi reysga qo‘yilmadi. Oramizda yosh bolali oila ham bor edi. Avval, keragidan ortiq bilet sotib yuborilganini bahona qilishdi. Lekin biz, bo‘lishi mumkin emas, deb turib olganimizdan keyin, o‘zini Vadim Ashurov, deb tanishtirgan aeroport xodimi, muhim mehmonlar bor edi, o‘shalarni uchirib yuborishimiz kerak degan gapni aytdi”, deb yozadi Ozodlik mushtariysi.

Maktubda yana yozilishicha, aeroport xodimi, reysga qo‘yilmagan yo‘lovchilarni yupatish uchun “muhim mehmonlar” biznes-klassdagi yo‘lovchilarning o‘rnini egallagani, ular esa ekonom-klassga o‘tkazilganini aytgan. Lekin “muhim mehmonlar kim o‘zi”, degan savolni O‘zbekiston havo yo‘llari vakillari javobsiz qoldirgan.

Davlatga qarashli aviashirkat vakillari Ozodlik bilan suhbatda 8 oktyabr kuni ro‘y bergan hodisadan bexabar ekanliklarini aytishdi. Lekin O‘zbekiston havo yo‘llarining Vadim Ashurov ismli xodimi borligini tasdiqlashdi.

Shu oy boshida O‘zbekiston matbuoti prezident Islom Karimov milliy aviashirkatga SkyTeam xalqaro alyansiga qo‘shilish imkonini beradigan qonunga imzo chekkanini xabar qildi.

SkyTeam uyushmasiga qo‘shilish aviatashuvchiga obro‘ keltirishdan tashqari, qator imtiyozlar beradi, qolaversa mijozlarga ham qulayliklar yaratadi. Lekin alyansga qo‘shilmoqchi bo‘lgan shirkatdan ma‘lum standartlarga amal qilish, shu jumladan mijozlarga yaxshi munosabatda bo‘lish ham talab qilinadi.

Mahalliy matbuot O‘zbekiston havo yo‘llari barcha talablarga javob beradigan shirkat o‘laroq, shu yilning oxirigacha SkyTeam alyansiga qo‘shilishga umid qilayotganini yozgan edi.

Biroq SkyTeam matbuot xizmati vakili Marishka Kensenxoys Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek matbuotidagi xabarlar biroz bo‘rttirilganini aytadi.

- O‘zbekiston matbuoti bu ma‘lumotni qayerdan olganini men bilmayman. Haqiqatan, O‘zbekiston havo yo‘llari SkyTeamga qo‘shilish borasida bizga murojaat qilgan, bu sir emas. Lekin O‘zbekiston havo yo‘llari joriy yilda yoki kelasi yilda alьyansga qo‘shila oladi, degan gapdan SkyTeam bosh qarorgohining xabari yo‘q. Albatta, ular kelgusida qo‘shilishi mumkin, lekin buning uchun qator talablarni bajarishi lozim bo‘ladi. Bu O‘zbekiston milliy aviashirkati talablarga javob bermaydi degani ham emas. Lekin hozircha O‘zbekiston havo yo‘llarini baholash jarayonini boshlash haqida gap ketmoqda, bu jarayon yakunlanganidan keyin ham shirkatni SkyTeamga qabul qilish jarayoni kamida 12 oyga cho‘ziladi,- deydi SkyTeam ushmasining Amsterdamdagi qarorgohi vakili.

Uning aytishicha, SkyTeamga qo‘shilmoqchi bo‘lgan har qanday aviashirkatdan yuzdan ortiq kriteriyga javob berish talabi qo‘yiladi.

Asosiy talablarga xavo xavfsizligining ta‘minlangani, informatsion texnologiyalarining boshqa a‘zo shirkatlarnikiga moslashtirish bilan birgalikda, mijozlarga bo‘lgan munosabat darajasiga oid omillar kiradi, deydi SkyTeam vakili.

- Bizga qo‘shilmoqchi bo‘lgan aviashirkatning boshqa a‘zo kompaniyalar va, albatta, o‘z mijozlariga qanday imtiyozlar yaratib bera olishi imkoniyatlariga qaraladi. Mijozolarga bo‘lgan munosabat SkyTeam a‘zosi bo‘lmoqchi bo‘lgan shirkat oldiga qo‘yiladigan asosiy talablardan biridir. Albatta, har bir aviakompaniyaning o‘ziga xos siyosati bor, ulardan mijozlarga xizmat ko‘rsatishning yagona standartiga amal qilish talab qilinmaydi, lekin a‘zolarimizdan o‘z mijozlariga nisbatan ma‘lum darajadagi hurmatni ko‘rsatishlarini so‘raymiz,- deydi Marishka Kensenxoys.

O‘zbekiston havo yo‘llari o‘z mijozlariga nisbatan mulozamatsizlik qilishi odatiy holga aylangani aytiladi. Shu yilning 8 avgust kuni Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan Boing 767 samolyotiga chiqarilgan yo‘lovchilar diqqi nafasda to‘rt soat kutib o‘tirishlariga to‘g‘ri kelgan edi.

Shirkat vakillari Ozodlikka reysning kech uchirilganini tasdiqlashgan va buning sababini texnik nosozliklar bilan izohlashgan edi.

Lekin Ozodlik manbalaridan ma‘lum bo‘lishicha, samolyotning kech qolishiga reys yo‘lovchilaridan biri – prezident qizi Gulnora Karimovaning kech qolgani sabab bo‘lgan.

SkyTeam xalqaro aviatashuvchilar ittifoqiga qo‘shilish niyatida bo‘lgan O‘zbekiston havo yo‘llari samolyotlari hokimiyat vakillari oila a‘zolari tufayli kech qolishi hollari tez-tez kuzatilishi aytiladi.

SkyTeam vakilidan 8 oktyabr va avgust oyidagi kabi hodisalar uyushmaga a‘zo shirkatlar orasida ham uchrab turadimi, deb so‘radik.

- Mijozlarga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lish bizning siyosatimizdir. Lekin sizga eslatib qo‘ymoqchiman, siz hali bizga a‘zo bo‘lmagan shirkatning hatti-harakatlarini izohlab berishimni so‘rayapsiz. Biz hozircha siz tilga olgan shirkat bilan hech qanday shartnoma imzolaganimiz yo‘q. Lekin biz alyansga qabul qilayotgan shirkat, xoh u O‘zbekiston havo yo‘llari bo‘lsin, xoh boshqasi bo‘lsin, ulardan xizmatlarni muayan darajada saqlash talab qilinishi haqida xabardor qilamiz. Bu nafaqt bizning alyans boshqa xalqaro uyushmalar tomonidan ham qo‘yiladigan talablardir, deydi SkyTeam alьyansining Amsterdamdagi qarorgohi vakili Marishka Kensenxoys.
XS
SM
MD
LG