Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:32

Virtual muzey - yolg‘on muzey degani emas


Sovet paytida tashkiliy olib borilgan o‘zbeklar bugun na an‘anaviy, na virtual muzeyga borishga vaqt topa oladi.
Sovet paytida tashkiliy olib borilgan o‘zbeklar bugun na an‘anaviy, na virtual muzeyga borishga vaqt topa oladi.

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi o‘z rasmiy sahifasida Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek muzeyi bo‘yicha virtual sayohat tashkil qilinganini yozdi. Ayni paytda mutaxassislar bu iddaoning puch ekanini fosh qilishdi.

Vazirlik nashrida Mirzo Ulug‘bek virtual muzeyi loyihasi Toshkentdagi “SMI-Aziya” nashriyoti va “Desht-i-Art” nodavlat tashkiloti tarafidan amalga oshirilgani aytiladi.

Shuningdek bu loyiha uchun Niderlandiyadagi Xivos jamg‘armasidin pul olingani ham vazirlik nashrida alohida bildirilgan

Virtual muzey, deya iddao qilingan internetdagi sayt bilan tanishgan mutaxassislarga ko‘ra¸ Mirzo Ulug‘bek muzeyi haqidagi nashr virtual galereya degan formatga to‘g‘ri kelmaydi.

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi nashrida Mirzo Ulug‘bek muzeyi bo‘ylab 3-D sayr qilish mumkin deb yozilgan.

Ammo O‘zbekiston rasmiy nashlari mamlakatda ilk virtual muzey deb atagan bu nashrda 3-D sayr qilishning sira imkoni bo‘lmadi.

Bu saytni yaratgan Toshkentdagi Parus shirkati bilan bog‘landik.

Mirzo Ulug‘bek muzeyining virtual variantini yaratish uchun buyurtma ustida ishlaganini aytgan va bir yarim yildan beri haqini ololmayotganidan shikoyat qilgan mutaxassis masalaga oydinlik kiritdi.

O‘zini Dmitriy deb tanishtirgan mutaxassisga ko‘ra¸ Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek muzeyi ma‘muriyati domen uchun yiliga belgilangan atigi 20 dollarni ham to‘lamagan:

- Biz ularga xostingni tekinga berdik. Domen uchun 20 dollar to‘la desak to‘lashmadi.

Suhbatdoshga ko‘ra buyurtmachilar oddiy saytni 3-D virtual muzey deb yanglish aytishgan:

- 3-D virtual muzey bo‘lishi uchun maxsus 3-D fotosurat bo‘lishi kerak. Bu juda qimmat turadi. Yiliga 20 dollar to‘lashdan qochgan vazirlik qanday qilib bunday qimmat fotosessiya uchun pul topa oladi. Ikkinchi masala buyurtmachilarning o‘zi Internet nima¸ virtual muzey nima degan savolga javob bera olmaydi. Shuning uchun ular oddiy saytni virtual muzey deb jar solishgan¸- deydi mutaxassis.

Dmitriy bilan suhbatdan ma‘lum bo‘lishicha¸ Mirzo Ulug‘bek muzeyi hech bir tarzda virtual muzey emas. 3-D sayr haqidagi gaplar esa g‘irt yolg‘on. Shu holidagi sayt uchun esa deyarli mablag‘ sarflanmagan.

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligining Muzeylar boshqarmasi mulozimi bu loyiha uchun Niderlandiyadagi Xivos jamg‘armasidin qancha pul olingani va bu pul qayerga sarf bo‘lgani haqidagi savolimizni javobsiz qoldirdi.

Ichan-Qal‘a virtual muzeyini yaratish boshlanmasdan to‘xtadi


O‘zbekistonda virtual muzey tuzish tashabbuslari ko‘p bo‘lgan.

Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida Xorazmdagi Xiva Ichan-Qal‘a qo‘riqxonasining virtual muzeyini yaratish bo‘yicha mustaqil guruh Germaniyadagi jamg‘arma tomonidan berilgan grant asosida ish boshlagan edi.

Ammo bu ishlar mahalliy hokimlik tarafidan to‘xtatib qo‘yilgan.

Xiva Ichan-Qal‘a muzeyining Bosh xazinaboni Ozod Karimovning Ozodlikka aytishicha¸ katta mablag‘ talab qilinadigan bunday virtual muzey tuzilishi ayni muddaodir:

- Xiva kabi qadimiy maskandan o‘rin olgan 40 mingga yaqin eksponatni dunyoning turli burchaklaridan turib to‘laligicha namoyish qilish imkoniyati ayni muddao. Ammo buni qilish uchun xozir bizda na mablag‘ bor va na rahbariyat rag‘bati,- deydi Ozod Karimov.

Virtual muzey nima?


Virtual muzey (vebsayt-muzey) — bu Internet nashrning maxsus turidir.

Internetdagi ilk muzey 1991 yili paydo bo‘lgan edi.

Mutaxassislarga ko‘ra, har qanday fotosuratlar to‘plami virtual muzey bo‘la olmaydi.

Virtual muzey degan nomni qozonish uchun kamida ikki xususiyat lozim.

Birinchidan 3-D virtual sayr imkoniyati bo‘lishi kerak. Ikkinchidan asarlarni chuqur tadqiq qilish imkonini beradigan yuqori sifatli suratlar lozim.

Virtual muzey imkoniyatlarini ilk bora Microsoft asoschisi Bill Geyts tushunib yetgani aytiladi.

Bill Geyts Corbis vositachi firmasi orqali san‘at asarlarini namoyish qilish huquqini 1989 yildan boshlab sotib ola boshlagani aytiladi.

Ayni paytda google shirkati yaratgan virtual muzeylar millionlab ziyoratchilar bilan gavjum.
XS
SM
MD
LG