Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:27

O‘IH moliyachisi global terrorchilar ro‘yxatiga kiritildi


Afg‘onistonning Qunduz viloyatidagi O‘IH janggarilari.
Afg‘onistonning Qunduz viloyatidagi O‘IH janggarilari.
O‘zbekiston Islomiy Harakatiga (O‘IH) moliyaviy yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtirib kelgan pokistonlik Qori Ayub Bashir va yana ikki shaxs AQSh Moliya vazirligining global terrorchilar ro‘yxatiga kiritildi.

AQSh Moliya vazirligi O‘zbekiston Islomiy Harakati (O‘IH) moliyachisi Qori Ayub Bashir, Afg‘oniston toliblari lideri, bomba tayyorlashni o‘rgatuvchi Mavlaviy Odam Xon Achekzay hamda Pokistondagi Tolibon harakatining portlovchi qurilmalar va elektronika bo‘yicha mutaxassisi Amir Ali Chaudrini o‘zining global terrorchilar ro‘yxatiga kiritdi.

AQSh Moliya vazirligi 17 oktyabr kuni e‘lon qilgan bayonotida Moliya vazirining Terrorizm va moliyaviy razvedka masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Devid Koyen choradan ko‘zlangan maqsad Afg‘oniston va Pokistondagi tinch aholi va harbiylar hayotiga taxdid soluvchi hujumlarni amalga oshirish ustida ishlayotgan uch nafar shaxs faoliyatini to‘xtatish ekanini ma‘lum qilgan.

AQSh Moliya vazirligi bayonotiga ko‘ra, Ayub Xon Bashir 2010 yil boshidan beri O‘IH rahbarlari kengashi, ya‘ni sho‘ro a‘zosi bo‘lgan.

2009 va 2011 yillarda u O‘IHning Afg‘oniston va Pokistondagi operatsiyalarini pul bilan ta‘minlash ishlarini muvofiqlashtirgan.

“O‘zining moliyaviy qo‘llab-quvvatlash faoliyati doirasida Bashir Turkiya va Yevropaning boshqa yerlaridagi manbalardan olingan mablag‘larni O‘zbekiston Islomiy Harakati lideriga yetkazgan”, deyiladi AQSh Moliya vazirligi bayonotida.

Ayub Bashir yig‘ilgan pullarini 2011 yil 29 sentyabrida AQSh Moliya vazirligining Global terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan O‘IH faoli Fazal Rahim ismli shaxsga ham yetkazib turgan.

Vazirlik ma‘lumotiga ko‘ra, 2010 va 2012 yillarda O‘IHning Afg‘oniston va Pokistondagi faoliyatini har tomonlama-qo‘llab quvvatlagan Ayub Bashir Harakatning Afg‘oniston va Pokistondagi liderlari bilan yaqin aloqada bo‘lgan.

2009 yildan boshlab Ayub Bashir Afg‘onistonning Qunduz viloyatida afg‘on politsiyasiga qarshi hujumlar uyushtirishga yetakchilik qilgan va Pokistondagi o‘z madrasasida O‘zbekiston Islomiy Harakatiga janggarilar yollash bilan shug‘ullangan.

Qori Ayub Bashir O‘IH yangi a‘zolarining lagerlarga yoki terror xurujlari amalga oshiriladigan manzillarga yetib olishini tashkillashtirishda ham yordam bergan.

Bashir O‘IHning sobiq lideri Tohir Yo‘ldosh qo‘mondonligi ostida Afg‘onistonning Qunduz va Tahor viloyatlarida Xalqaro koalitsiya kuchlariga qarshi janggari guruhlarga boshchilik qilgan.

Longwarjournal.org Internet nashri xabariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Qori Ayub Bashir Pokistonning Shimoliy Vaziriston viloyatidagi qabilalar nazoratida bo‘lgan Mir Ali mintaqasiga joylashib olgan.
XS
SM
MD
LG