Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:33

Reja bajarildi, lekin terim avjida


Prezident Karimovning “3 million 350 ming tonnadan ziyod yuksak xirmon” bunyod etilgani munosabati bilan “O‘zbekiston paxtakorlari va barcha mehnatkashlariga” yo‘llagan tabrigi e‘lon qilinganiga esa 4 kun bo‘ldi.

Tabrik matnida “reja” so‘zi ishlatilmagan bo‘lsa-da, davlat rahbarining bunday chiqishi butun mamlakat aholisining har yili tinchini oladigan yig‘im-terim kampaniyasi yakuniga yetganini bildirdi.

Biroq joylardan olingan ma‘lumotlarga qaraganda, paxta terimi hanuz avjida.

Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumanidagi vaziyat to‘g‘risida shu tumanda istiqomat qiluvchi 53 yashar Faxriddin aka aytib berdi. Hasharchilar, dedi u:

- Qaytgani yo‘q. O‘qituvchilar ham yotoqda. Qolgani dalada. Terayapti, battar kuchayyapti. Nihoyatda kuchayyapti kundan-kunga. O‘zbekiston tumani bu. Plan to‘ldi viloyatniki ham, tumanniki ham, respublikaniki ham. Lekin qaytarayotgani yo‘q. Kundan kunga kuchayyapti talab. Bilmaymiz nimaga bunaqa bo‘layapti.

Ozodlik: Dalada paxta bormi o‘zi?

- Bor endi. Oltinchi terimmi, beshinchi terimmi, shunaqada.

Ozodlik: Hasharchilarning qachon qaytishi haqida gapi yo‘g‘-a?

- Hali umuman gap yo‘q. Aytayapmanku sezon nihoyatda kuchayyapti. Tushunib bo‘lmayapti. O‘qituvchi kolxozchidan battar bo‘lib ketdi hozir. Shunaqa holat. Fermerdan ham battar. Nuqul o‘qituvchini urushayapti, direktorni, boshqani. Odam topasan, terasan deyapti, deydi Faxriddin aka.

O‘zbekiston tumanida yashovchi 53 yashar Faxriddin akaning gaplariga viloyat markazida yashovchi Ma‘rufjon Abdurahmonovning mana bu gapini ilova qilmoqchimiz.

- Plan bajarilgani bilan paxtadan qaytishgani yo‘q. Bitta qo‘shnim bor. U maktabda o‘qituvchilik qiladi. Boshlang‘ich sinflarga dars beradi. Kecha paxtaga borib kelgan ekan. Bugun navbati bilan boshqa odam bordi, men bugun bormayman, deb o‘zining ishlari bilan maktabga ketayotgan ekan.

Ozodlik: Bu bugungi gap-a?

- Ha. Ertalab taxminan 15ta kam 7da bo‘layotgan gap, deydi Ma‘rufjon Abdurahmonov.

Ma‘rufjon Abdurahmonovga ko‘ra, o‘quv yurtlari talabalarining ham paxtadan qaytgani bilinmayapti.

Biroq Navoiy viloyatidagi o‘quv yurtlari talabalari paxtadan qayta boshladi. Har holda karmanalik Dilbar ismli jurnalist shunday dedi.

- Bugun kollej o‘quvchilari qaytdi. Bugun o‘qishga chiqdi. Navoiy shahrida ham qaytdi.

Ozodlik: Navoiy shahrida barcha kollejlar qaytdimi?

- Ha.

Ozodlik: Korxona, tashkilotlardan chiqayotganlarchi?

- Menimcha, hammasi tugadimi deyman. To‘ldiyu paxta.

Ozodlik: Kollej o‘quvchilari qaytgani aniq-a?

- Aniq. Bugundan o‘qish boshlandi, deydi karmanalik Dilbar ismli jurnalist.

Toshkent shahridagi kollejlar o‘quvchilari ham paxtadan qayta boshlagani to‘g‘risida Ozodlik radiosi 19 oktyabr kuni xabar qilgan edi.

Poytaxt va Navoiy viloyatidagi kollejlar o‘quvchilari o‘qishga qaytgan bir paytda Qashqadaryoning Nishonida terim avjida.

Bu haqda nishonlik Abdukarim aytdi.

- Tugagani yo‘q. Qashqadaryoning Nishon tumani bu.

Ozodlik: Terim davom etayaptimi?

- Terim bo‘layapti. Zo‘r bo‘layapti. Paxta ko‘p.

Ozodlik: Hasharchilar, kollej o‘quvchilari qaytarildimi?

- Hasharchilar qaytgani yo‘q.

Ozodlik: Hasharchilar deganda kimlarni nazarda tutayapsiz?

- Bu yoqda kollej o‘quvchilari yo‘q. Kitobdan kelgan mahallaning odamlari terishayapti.

Ozodlik: Qachon qaytarkan hasharchilar?

- Aniqmas endi, deydi Abdukarim aka.

Paxta terimi Qashqadaryodagiday Jizzaxda ham yakuniga yetgani yo‘q.

Boz ustiga, bu viloyat hokimligida 22-oktyabr kuni ertalab o‘tkazilgan yig‘ilishda terim 1-noyabrgacha davom ettirilajagi e‘lon qilindi.

Bu haqda jizzaxlik Ma‘murjon Azimov xabar qildi.

- Bugun ertalab soat 5da viloyat hokimi yig‘ilish o‘tkazib, barcha tashkilot rahbarlarini yig‘ib, 1-noyabrgacha paxta kuni deb e‘lon qildi. Kollej talabalari ham, institut talabalari ham hali qaytgani yo‘q paxtadan. Paxta terish davom etayapti, deydi Ma‘murjon aka.

Vaziyatning naqadar nozikligini viloyat hokimligidagi yig‘ilishning tong sahar 5 da o‘tkazilganidan ham bilish mumkin.

O‘zbekiston Prezidentining 19 oktyabr kuni e‘lon qilingan tabriknomasida terimning og‘ir yukini o‘z zimmasiga olgan hasharchilar biron marta ham tilga olinmagan.
XS
SM
MD
LG