Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:44

Buxoroda hasharchi talaba fojiali halok bo‘ldi


Buxorodagi Yuqori texnologiyalar injener-texnik institutining 3 kursida o‘qiyotgan qashqadaryolik Umid ismli talaba 22 oktyabr kuni kechqurun fojiali halok bo‘ldi.

Ovozini eshittirmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan neft-gaz muhandislik fakulteti talabasining aytishicha, bu voqea talabalar paxtadan qaytayotgan paytda sodir bo‘lgan:

- 22 oktyabr kuni talabalar paxtadan qaytishayotgan bo‘lgan. Terim kechgacha davom etgani uchun qaytishda qorong‘i bo‘lgan. Umid yo‘l chetida qulog‘iga naushnik taqib, qo‘shiq eshitib kelayotgan bo‘lgan. Orqadan faralari yo‘q traktor kelib bosib ketgan. Traktorchi qorong‘ida uni ko‘rmay qolganda. Bola o‘sha yerni o‘zida jon bergan. 23 oktyabr kuni Qashqadaryodan ota-onalari kelib Umidni olib ketishdi,- deydi ismi sir qolishini so‘ragan talaba yigit.

Buxorodagi Yuqori texnologiyalar injener-texnik instituti rektoratining o‘zini tanishtirmagan o‘qituvchisi shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi, biroq u voqea tafsilotlarini ochiqlamaslikni ma‘qul ko‘rdi.

8 oktyabr kuni 1994 yilda tug‘ilgan va Shahrisabz tumanining Taraxli ko‘chasida istiqomat qilgan Navro‘z ismli yigit paxatdan kasal bo‘lib qaytganda, tuman militsionerlari uni paxtadan qaytgani uchun kaltaklab o‘ldirishgan edi.

Bunga qadar 30 sentyabr kuni Jizzax shahridagi San‘at kollejining 2-kursida tahsil olayotgan 18 yashar Aziz Baxtiyorov paxta terayotgan paytda kutilmagan yurak xurujidan dalada vafot etgani xabar qilingan edi.

17 sentyabr kuni esa Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida toshkentlik hasharchi-terimchi 55 yoshli Igorь Yachkevskiy olamdan o‘tgani, uning ham yurak xurujidan vafot etgani aytilgan edi.

16 sentyabr kuni Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Miskin qishlog‘ida mahalliy kollej talabalari Masharip Siddiqov va Doston Amitovlar paxtadan qochayotgan paytda poyezd tagida qolib o‘lgan edi.

30 sentyabr kuni Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani kasalxonasiga olib kelingan toshkentlik hasharchi ham vafot etgan edi.

"Paxta-2012" kampaniyasining rasman tasdiqlangan qurbonlari soni¸ Ozodlik hisobicha¸ yetti nafarga yetdi.

Bu yilgi paxta terimiga maktab o‘quvchilarini chiqarishni taqiqlagan O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi davlat va nodavlat tashkilotlari hamda oliy o‘quv yurtlari, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini ommaviy ravishda paxtaga safarbar qilgan.

Paxta terimi mavsumini kuzatayotgan ba‘zi o‘zbekistonliklar hamda huquq faollari berayotgan xabarlarga ko‘ra, ba‘zi hududlarda rasmiylar xasta talabalar hamda ishchi-xizmatchilarni ham yig‘im-terimga majburan safarbar qilgan.

Garchi mamlakat prezidenti paxta rejasi bajarilganini 20 oktyabr kuni e‘lon qilgan va paxtakorlarni bu muvaffaqiyat bilan tabriklagan bo‘lsada, biroq viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari, kollej-litseylar talabalari hanuz paxta dalalarida qolmoqda.
XS
SM
MD
LG