Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:50

Yurtdoshlarini fohishalikda ayblab o‘ldirgan o‘zbekistonlik qamaldi


Moskva shahar sudi o‘z yurtdoshlarini “fohishalik”da ayblab o‘ldirishda ishtirok etgan o‘zbekistonlik Husanboy Mahkamovga 15 yillik qamoq jazosi tayinladi. Sudda Mahkamov o‘zining qotillikka mutlaqo aloqasi yo‘qligini bildirdi.

O‘tgan chorshanba kuni Moskva shahar sudi Rossiya poytaxtida taksichilik qilib yurgan o‘zbek muhojiri Husanboy Mahkamovni qotillikka aloqadorlikda ayblab, uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm etdi.

Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlagan Moskva shahar sud matbuot markazi rahbari Anna Usachyova mahkama davomida prokuror o‘zbekistonlikka 17 yillik qamoq tayinlashni talab qilganini gapiradi.

- Demak, u uch nafar yurtdoshini go‘yo “ahloqsizligi” uchun o‘ldirganlikda sheriklik qilgani uchun 15 yillik qamoq jazosiga mahkum etildi. U 15 yilni qattiq rejimdagi koloniyada o‘tkazadi. O‘ldirilgan ayollar esa haqiqatan O‘zbekiston fuqarolari edi, deya mahkama tafsilotlarini ma‘lum qildi Anna Usachyova.

Moskva shahar sudidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 2011 yilning 14 mayida Moskvaning Moldagulova ko‘chasi, 28-uydagi kvartiralarning biridan uch nafar o‘zbekistonlikning murdasi topilgan.

Jinoyat joyiga yetib kelgan tergovchilar odamlar vahshiylarcha pichoqlab ketilganini gapirishmoqda. Moskvaning Sharqiy ma‘muriy okrug bo‘yicha Tergov qo‘mitasi boshqarmasi vakili adliya mayori Roman Syomushkin o‘ldirilganlardan biri erkak kishi bo‘lganini aniqlashtirdi.

- Jinoyat joyini ko‘zdan kechirganimizda uch odamning murdasi topildi. Erkak kishi 1987 yilda tug‘ilgan, bir ayol 1982 yilda tug‘ilganini aytishim mumkin. O‘liklar ko‘p joylaridan pichoq bilan chavaqlab ketilgan. Biz bu hodisa yuzasidan “qotillik” moddasi asosida jinoiy ish qo‘zg‘atgan edik, deydi Tergov qo‘mitasi rasmiysi Roman Syomushkin.

Tergov taxminlari bo‘yicha, 23 yoshli Husanboy Mahkamov o‘zining yana ikkita sherigi bilan bu ayollarni “musulmonchilik aqidalariga xilof ahloqiy yurish-turishi uchun” jazolashga qaror qilgan.

Mahkamovga tegishli bo‘lgan telefon yordamida bu ayollar bilan uchrashuv joyi kvartirada belgilangan va uning mashinasida yetib kelgan jinoyatchilar kvartiradagi odamlarga jami 57 marotaba pichoq bilan zarba bergan, jarblangan ayollardan birining kallasi kesilgan.

Sud jarayonida prokuror sud raisi Mixail Otkinga o‘zbekistonlik ayollar fohishalik bilan shug‘ullanib kelganini tasdiqlagan. Izquvarlar Mahkamovning qotillik sodir etilgan kunda uning telefonidan qilingan qo‘ng‘iroqlar billingi orqali aniqlagan va 2011 yilning 16 iyunida qo‘lga olgan.

Sud davomida davlat qoralovchisi Mahkamovning tergov boshidan o‘z aybiga iqror bo‘lmagani, biroq keyinroq politsiya xodimlariga qotillarni olib borgani va ularga “fohishalarni” o‘ldirishda yordam berganidan “faxrlangani”ni ma‘lum qildi.

Lekin Husanboyning advokati mahkamada o‘z himoyasi ostidagi shaxs qotillar bilan masjidda tanishgani, ular shunchaki Moldagulova ko‘chasiga mashinada olib borishni iltimos qilgani, zero Mahkamov anchadan beri shaharda taksichilik qilib kun kechirayotganini aytgan.

Advokatning so‘zlariga qaraganda, yo‘lda ketayotganida qotillardan biri Mahkamovdan telefonidan tanishlariga qo‘ng‘iroq qilib olishni so‘ragan. “Ayblanuvchining ko‘rsatmalari mantiqan to‘g‘ri, haqiqatga mos. Ayblovchilar bu argumentlarga biror qarshilik ko‘rsata olmaydi”, dedi sudda Mahkamovning advokati.

Shuningdek, u ayblovchilarga qotillik sabablarini diniy motivlar bilan asoslash juda qulay ekani, jinoyat sodir etilgan xonada Husanboy Mahkamovning barmoq izlari topilmagani, u o‘ldirilgan o‘zbekistonliklarni umuman ko‘rmaganini ham gapirib o‘tgan.

Sud raisi o‘z qarorini e‘lon qilishidan oldin so‘zga chiqqan Mahkamov Husanboy o‘zining mutlaqo aybsiz ekani, sodir etmagan jinoyati uchun umrini qamoqda o‘tkazishni istamasligi, prokuror ishora qilayotgan “iqrornoma” esa qiynoqlar ostida qo‘l qo‘ydirilganini bildirgan.

Aytish joizki, o‘tgan yil iyunida Husanboy Mahkamov Moskva shahar Sharqiy okrug Ichki ishlar boshqarmasining hojatxonasidagi oynadan 15 metr balandlikdan yerga sakrab, qochishga uringan.

Binoning uchinchi qavatidan parkovkada turgan mashinalardan biriga tushgan muhojir bosh chanog‘i yorilishi, miya chayqalishi natijasida gospitalda ancha davolangan.

Himoya tarafi keltirgan dalil-isbot va ko‘rsatmalarga qaramasdan, Moskva shahar sudi sudyasi Mixail Otkin Husanboy Mahkamovni 3 nafar o‘zbekistonlikni o‘ldirganlikda aybdor, deb topdi.

Moskva shahar sudidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Husanboy Mahkamov sud qarori ustidan shikoyat qilishga ajratilgan 10 kunlik muhlati tugayotganiga qaramasdan, hanuzgacha apellyatsiya arizasini topshirmagan.
XS
SM
MD
LG