Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:13

Qirg‘iz jurnalisti "hazilkash" hamkasblarining jazolanishiga erishmoqchi


"O'g'irlab ketilgan" jurnalist Nazira Aytbekova turmush o'rtog'i bilan.
"O'g'irlab ketilgan" jurnalist Nazira Aytbekova turmush o'rtog'i bilan.

Qirg‘iziston Jamoatchilik teleradiokompaniyasi (JTRK) boshlovchisi Nazira Aytbekova “Super-Info” gazetasi xodimlarini bir qator jinoyatlarda ayblamoqda.

Jurnalistning bugun Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, 30 oktyabr kuni soat 11.40 larda JTRK binosi oldida uning yoniga sportchi kelbat to‘rt yigit kelib, to‘pponcha bilan qo‘rqitib, kuch bilan mashinaga o‘tqazib, noma’lum yoqqa olib ketganlar.

Yo‘lda qiz o‘g‘rilari uni ko‘plashib zo‘rlash va o‘ldirish bilan tahdid qilib ketganlar, “fohisha” deb haqorat qilganlar.

Naziraning aytishicha, uni tog‘ yonbag‘ridagi noma’lum joyga olib borganlar, etik va kamarini echib olganlar. Hodisa tafsilotlariga to‘xtalgan qiz kalta yubkasi ko‘tarilib ketganidan ich kiyimlar ko‘rinib qolganiniyu bularning hammasini uni o‘g‘irlab ketgan yigitlar tomonidan qo‘l telefoni orqali tasvirga olinganini aytadi.

Aytbekovaga ko‘ra, bu erda ham uni o‘ldirish va shu erga ko‘mib ketish bilan qo‘rqitganlar.

Pirovardida bularning hammasi “Super-Info” gazetasi xodimlari tomonidan uyushtirilgan shunchaki hazil ekani ma’lum bo‘lgan.

Uch soatcha davom etgan bu voqealarni mazkur gazeta xodimlari shou-biznes vakillariga nisbatan qilingan hazillar ruknida yoritmoqchi bo‘lgan ekanlar.

Bu voqealar jamoatchilikka oshkor bo‘lganidan keyin “Super-Info” gazetasi tahririyati bugun bayonot tarqatdi. Bayonotda gazeta bosh muharririning JTRK xodimasi Nazira Aytbekovaga hazil qilinajagidan xabari borligi, biroq bu ishga mas’ul muxbirlar hazilda shafqatsizlik unsurlari bo‘lmasligi lozimligidan ogohlantirilgani qayd etiladi.

“Bu safar muxbirlar tahririyat talablarini e’tiborga olmaganlar va o‘z vakolatlari doirasidan chiqqanlar. Mazkur voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi hamda shu asosda mehnat shartnomasi va Qirg‘iziston Mehnat kodeksiga muvofiq choralar ko‘rildi. Bundan keyingi tekshiruvlarni tegishli organlar o‘tkazib, qonun doirasida o‘z baholarini beradilar, deb umid qilamiz”, deyiladi “Super-Info” tahririyati bayonotida.

Ma’lum bo‘lishicha, “Super-Info” nashri prezidenti Shaista Shatmanova kecha JTRK telejurnalisti Nazira Aytbekovaning o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq hazilni uyushtirgan ikki xodimni ishdan bo‘shatgan.

Ammo hazil tashkilotchilari shu bilangina qutiladiganga o‘xshamaydi. Nazira Aytbekova o‘zining o‘g‘irlanishi, o‘lim va zo‘rlash bilan tahdid qilinishi yuzasidan militsiyaga ariza topshirganini ma’lum qildi.

“Ikki kundan buyon na uxlay olaman, na biron narsa eya olaman, ko‘zimni yumishim bilan to‘pponchayu qo‘rqitishlar ko‘rinayapti” degan telejurnalist hazil tashkilotchilari bo‘lgan hamkasblarining jinoiy javobgarlikka tortilishiga erishajagini aytmoqda.
XS
SM
MD
LG