Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:12

AQSh-O‘zbekiston munosabatlari o‘zgarishsiz qoladi


Ozodlik suhbatlashgan tahlilchilar O‘zbekiston-Amerika munosabatlarining 2002 yil mart oyida Karimov va Bush Oq uyda imzolagan Strategik hamkorlik shartnomasi ruhida davom etishini aytmoqda.

Amerika va O‘zbekiston o‘rtasida Andijon qirg‘inidan keyin sovuqlashgan munosabatlarning so‘nggi uch-to‘rt yil ichida yana iliqlasha boshlagani kuzatildi.

Bu iliqlik O‘zbekistonda demokratik qadriyatlar ustivor bo‘la boshlagani bilan emas¸ balki Vashingtonning Afg‘onistondan o‘z kuchlarini olib chiqishda yordamchi bo‘ladigan davlatlar¸ xususan rasmiy Toshkentga ehtiyoji ortgani bilan izohlanmoqda.

2014 yil oxiriga qadar yuz mingan oshiq Amerika qo‘shini bu mamlakatga keyingi 13 yil davomida olib kirilgan og‘iru yengil harbiy texnikasi ¸ qurol-aslahalari bilan Afg‘onistonni tark etishi kerak.

O‘zbekistonning strategik joylashishi Vashington uchun ayni maqsad yo‘lida hayotiy ahamiyatga molik.

O‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Farhod Tolipov Obamaning qayta saylanishi Amerika O‘zbekiston munosabatlarini u yo bu tarzda o‘zgartirmasligini aytadi:

- Umuman AQShning 20-asrdagi tarixi¸ bugungi kunda ko‘z oldimizda amalga oshirilayotgan siyosati ko‘rsatib turibdiki, respublikachilar va demokratlarning tashqi siyosat borasida qarashlaridagi farq borgan sari o‘chirilib borayapti. Ularning orasidagi¸ ayniqsa¸ strategik darajada farq yo‘qolib, ularning pozitsiyalari, ularning olib borayotgan siyosatlari bir-biriga o‘xshash bo‘lib kelayapti.

Shuning uchun ham biz respublikachilar kelsa, umuman siyosat boshqacha bo‘ladi, demokratlar kelsa, ularga qarama-qarshi bo‘lib boshqacha bo‘ladi¸ deya olmaymiz. Ko‘p holatlarda biz demokratlardan kutgan siyosatni respublikachilar siyosatida ko‘rardik.

Aksincha respublikachilardan kutgan siyosatni demokratlar amalga oshirganligining guvohi bo‘lganmiz. Shuning uchun ham biz menimcha hozirgi olib borilayotgan siyosat keskin burilmasa kerak deb o‘ylayman¸ deydi tahlilchi.

Ayni paytda Tolipov Vashingtonning Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqishda rasmiy Toshkent bilan hamkorlik O‘zbekistonga Amerika sarmoyasini jalb qilishda ijobiy fon bo‘lajagini taxmin qiladi.

Tolipovga ko‘ra¸ bugungi kunda O‘zbekistonda amerikalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan 240 dan ziyod korxona ro‘yxatga olingan.

O‘zbekistonga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSh sarmoyasi hajmi 2 milliard dollardan oshganini ta‘kidlagan Tolipovga ko‘ra¸ O‘zbekiston iqtisodiyotining mashinasozlik, metallni qayta ishlash, energetika, neft va gaz qazib olish, kimyo sanoati, elektr texnikasi va tog‘-kon sanoati kabi tarmoqlariga AQSh sarmoyasi jalb qilingan.

Amerika ovozi radiosi o‘zbek xizmati rahbari¸ Vashingtonda istiqomat qiluvchi jurnalist Javdat Sayhon AQSh tashqi siyosatida O‘zbekiston muhim o‘rin tutmasligini ta‘kidlab¸ Barak Obamaning yangi iqtidori davrida ham bu holat o‘zgarmay qolishini taxmin qiladi:

- Hozirgi jarayonga e‘tibor bersangiz, Afg‘oniston masalasi muhim hozir. Hozir muhim. Lekin AQSh ichki siyosatida O‘zbekistonning o‘rni yo‘q. Markaziy Osiyoni uncha tushunmaydi amerikaliklar. Afg‘oniston masalasini ko‘tarsangiz, askarlarini chiqarib olayapti.

Endi AQSh hukumati buni amalga oshirish uchun qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik qilishga hozir. Lekin Bush davrida ro‘y bergan jarayon bilan bugungi jarayonlarni solishtirish mumkin emas. Chunki jahon 10-20 yil olg‘a ketdi. Hozirgi kunda umuman ichki masala muhim. Tashqi masalalar¸ albatta¸ muhokama qilinadi, lekin milliy manfaat bo‘lganda hozirgi aytilgan qarshi so‘zlar bir nuqtaga taqalib qoladi¸ deydi Javdat Sayhon.

Ayni paytda suhbatdosh Braka Obama iqtidorining kelasi to‘rt yili O‘zbekiston Amerika munosabatlari yanada rivojlanishi uchun zamin bo‘lishi ehtimolini ham ilgari suradi:

- O‘zbekiston hukumati bilan aloqalarni rivojlantirish imkoniyati bor. Obama ma‘muriyati buni ko‘rayapti. Lekin bu imkoniyatlarning yana ochilishi O‘zbekiston qo‘lida¸ AQSh hukumati qo‘lida emas. AQSh hukumati iloji boricha harakat qilayapti yaqinlashishga¸ lekin O‘zbekiston hukumatining ham ichki, ham tashqi siyosati sababli bu harakatlar ko‘p ham samara bermayapti. O‘zbekiston hukumati bugun AQSh hukumati bilan aloqalarni yaxshilash niyatida bo‘lsa, buni aniq qilib ko‘rsatishi kerak. AQSh hukumati, prezidenti bu aloqalarni rivojlantiraman¸ desa ham AQSh Kongressi vakillarini ko‘ndirishi kerak. Shuning uchun Vashingtonda O‘zbekiston elchixonasining faoliyatini oshirish kerak¸ deydi Javdat Sayhon
XS
SM
MD
LG