Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:15

XVJ: O‘zbekiston mintaqada narx inflyatsiyasi darajasi eng yuqori mamlakatdir


O‘zbekiston bozorlarida narxlar bu yil shitob bilan oshib borganini avvalroq Ozodlik manbalari ham aytgan edilar

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2012 yilda Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida iste‘mol narxlari eng yuqori mamlakat O‘zbekiston bo‘ladi.

Iqtisodiy mavzularni yoritishga ixtisoslashgan Kapital.kz saytining XVJ Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari departamenti direktor o‘rinbosari Yuxa Kyaxkonen so‘zlariga tayangan holda xabar qilishicha, joriy yilda bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda 12,9 foizni, Tojikistonda 6 foizni, Qozog‘istonda 5 foizni, Turkmanistonda 4,3 foizni, Ozarbayjonda 3 foizni, Qirg‘izistonda 2,9 foizni, Armanistonda 2,8 foizni, Gruziyada esa 0,2 foizni tashkil qiladi.

Keyingi yilda O‘zbekistonda iste‘mol narxlari inflyatsiyasi 10,7 foizga yetishi taxmin qilinmoqda.

Foiz nisbatida 2013 yilda Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida iste‘mol narxlari eng ko‘p Gruziyada (0,2 foizdan 5,5 foizga) o‘sishi kutilayapti. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha, XVJ prognoziga ko‘ra, Qirg‘iziston ikkinchi o‘rinda bo‘lib, keyingi yilda bu mamlakatda narxlar 9,4 foizga o‘sadi. Shuningdek, 2013 yilda Ozarbayjonda bu ko‘rsatkich 6 foizni, Armanistonda 4,2 foizni, Tojikistonda 8,1 foizni, Turkmanistonda 6 foizni tashkil etishi taxmin qilinayapti.

XVJ hisobotiga muvofiq, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida iste‘mol narxlari inflyatsiyasi 2012 yilda o‘rtacha 5,8 foizni, 2013 yilda esa 7,2 foizni tashkil qiladi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2012 yilda neft va gaz import qiluvchi mamlakatlarda oziq-ovqat narxlari pasayayotgani tufayli inflyatsiya darajasi ancha mo‘‘tadil bo‘lishini taxmin qilmoqda. Biroq, agar jahonda oziq-ovqat narxlarining oshishi davom etadigan bo‘lsa, bu inflyatsiyani yana kuchaytirib yuborishi mumkin. Chunki neft va gaz sotib oluvchi mamlakatlardagi ichki oziq-ovqat narxlari jahondagi narxlarga o‘ta ta‘sirchandir.

Eslatib o‘tamiz, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida Ozarbayjon, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘iston neft va gaz eksport qiluvchi mamlakatlar bo‘lib hisoblanadi. Armaniston, Gruziya, Tojikiston va Qirg‘iziston esa neft va gaz import qiluvchi mamlakatlar qatoriga kiradi.
XS
SM
MD
LG