Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:11

Sochida mushtlashgan 82 o‘zbek yurtiga qaytarildi


Sochi shahri Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, jazo tariqasida ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi buzilgan o‘zbekistonlik muhojirlar politsiya kuzatuvi ostida Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborilgan.

Shu kunlarda 2014 yilgi Qishki olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida qurilishlar jadal davom etayotgan Sochi shahri Ichki ishlar boshqarmasi bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, ommaviy mushtlashuvda ishtirok etgan o‘zbekistonlik 82 nafar quruvchi mamlakat hududidan chiqib ketgan.

- Terrorga qarshi kurash komissiyasi qaroriga binoan “Krasnaya polyana” hududidagi qurilish ob‘ektlarida ishlash chog‘ida jamoat tartibini buzgan fuqarolar bilan mehnat shartnomalari buzildi va 82 kishilik guruh politsiya kuzatuvchi ostida doimiy yashash manziliga jo‘natildi, dedi Rossiya matbuotiga so‘zlagan Sochi shahrining “Krasnaya polyana” politsiya bo‘limi rahbari Sergey Shevchenko.

Sochi shahar Ichki ishlar boshqarmasining matbuot xizmati bergan ma‘lumotga ko‘ra, hibsda qolayotgan yana 110 nafar o‘zbekistonlik ham tez kunlarda Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuboriladi.

Boshqarma matbuot xizmati chiqarib yuborilar ekan, O‘zbekiston fuqarolari deportatsiya qilinmayotgani, balki ular bilan ish beruvchi tashkilot o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingani bois, ularning yurtiga qaytarilayotganini aniqlashtirib o‘tdi.

Ya‘ni ortga qaytarilayotgan mehnat muhojirlari boshqa ish beruvchi tashkilotlar bilan yangi shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘lsa, istalgan vaqtda yana Sochiga qaytishi mumkin.

Sochi shahri Terrorga qarshi kurash komissiyasi talabi bilan qaytarilayotgan mehnat muhojirlari uchun ish beruvchi tashkilotlar tomonidan yo‘l puli to‘landi va transport vositalari uyushtirib berildi.

O‘tgan hafta dushanba kuni Sochi shahrining “Gornaya karusel” sport va turizm majmuasi qurilishida ishlayotgan 240 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojiri orasida ommaviy mushtlashuv kelib chiqqan edi.

“Krasnaya polyana” politsiya bo‘limi mushtlashuv bir ishchining boshqasiga tosh otganidan boshlangani va jinoyat joyiga yetib borgan politsiya aralashuvi bois jiddiy oqibatlar oldi olib, ishtirokchilar orasida jiddiy tan jarohati olganlar bo‘lmaganini ma‘lum qilgan edi.

Mushtlashuv natijasida jami 243 nafar mehnat muhojiri qo‘lga olingan, ulardan 210 nafari O‘zbekiston, 33 nafari esa Tojikiston fuqarosidir.

Politsiya bergan ma‘lumotga ko‘ra, ayni paytda janjalni keltirib chiqarganlikda gumon qilingan 5 mehnat muhojiriga nisbatan Rossiya Jinoyat Kodeksining 213- moddasi 2-qismi (qurolli bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Ayblanayotgan muhojirlarining qanchasi O‘zbekiston, qanchasi Tojikiston fuqarosi ekani hozircha noma‘lum.

Bu hodisadan so‘ng Sochi meriyasi shahardagi barcha qurilish ob‘ektlarida jiddiy tekshiruv o‘tkazish haqida ko‘rsatma berdi va so‘nggi ma‘lumotga ko‘ra, hozirga qadar politsiya tomonidan 70 ga yaqin ob‘ekt tekshirib chiqilgan.

Bunday tekshiruvlarning ba‘zilarida shaxsan ishtirok etganini aytgan shahar meri Anatoliy Paxomov bundan buyon qurilish uchastkalarining barchasida qattiq tekshiruv bo‘lishi va komendantlar tayinlanishini aytdi.

Rossiya matbuotida berilgan xabarga ko‘ra, bundan buyon xorijlik quruvchilarning yirik guruhlari shahar hududida komendantlar nazorati ostida harakatlanadi.

Bundan tashqari, Sochi shahrining Terrorga qarshi kurash komissiyasi qarori bilan katta guruhlarda bo‘lgan ishchilarga jamoat joylarida spirtli ichimlik iste‘mol qilish va shovqin ko‘tarish ham taqiqlanadi.

Bunday harakatlarning oldini olish uchun esa tez-tez reydlar o‘tkazilishi va ularning ba‘zilarida shahar hokimi hamda uning yordamchilari shaxsan ishtirok etishi rejalashtirilgan.
XS
SM
MD
LG