Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:12

G‘azodagi vaziyat keskinlashmoqda


Hamas janggarilari G‘azodan turib, Isroilning janubiy tumanlariga otgan raketalar uch yahudiy fuqarosini o‘ldirdi. Ayni paytda, Isroil harbiylari Hamas nazoratidagi G‘azo mintaqasida harbiy hujum ko‘lamini oshirmoqda.

Isroil rahbariyati Hamas raketa hujumlariga javoban boshlangan harbiy operatsiya to‘laqonli urushga aylanib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi. BMT Xavfsizlik kengashi ikkala tarafni vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi.

Uch nafar yahudiy tinch fuqarosi Hamas otgan o‘nlab raketalardan biri G‘azodan 25 kilometr uzoqlikdagi Kiryat Malachi shaharchasidagi binoga tegishi oqibatida halok bo‘ldi.

Isroil armiyasi raketa hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi payshanba kuni G‘azodan otilgan o‘nlab raketani urib tushirganini, biroq ulardan biri malakat junbidagi turar-joy binosiga tekkanini ma’lum qildi.

Bu Isroil chorshanba kuni harbiy hujumni boshlaganidan beri yahudiy tomoni ko‘rgan ilk talafot bo‘ldi. "Mudofaa arkoni" deb nomlangan operatsiya hamas raketa hujumlariga javoban chorshanba kuni boshlandi va G‘azoda uyushtirilgan havo hujumi oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi.

Chorshanba kuni Isroil armiyasi quruqlik, degiz va havodan amalga oshirgan bombardimon oqibatida o‘ldirilganlardan orasida Hamas guruhining harbiy qanoti qo‘mondoni Ahmad al-Jabariy va ikki nafar yosh bola ham bor.

Bosh vazir Benyamin Netanyahu chorshanba kuni qilgan bayonotida Isroil "harbiy operatsiya ko‘lamini oshirishidan" ogohlantirdi.

Payshanba kuni yahudiy armiyasi matbuot vakili Avital Leybovich ham bosh vazir bayonotini takrorladi.

- Barcha imkoniyat, jumladan quruqlik operatsiyasi ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda. Zahiradagi bo‘lmilarni bundan xabardor qildik va keyingi qadamlarni ko‘rib chiqmoqdamiz. Hozirda turli nishonlarga qarata havodan zarba beryapmiz. Bu nishonlarga raketalar saqlanadigan omborlar, er osti tunnellari va boshqalar kiradi, dedi Isroil armiyasi rasmiysi.

Falastin hukumati mulozimi Soyib Erekatning Jenevada qilgan chiqishida aytishicha, G‘azodagi vaziyat bois prezident Mahmud Abbos Evropaga qilayotgan safarini erta yakunlashga qaror qilgan.

- Prezident Mahmud Abbos Evropaga safraini darhol tugatib, Shveytsariya prezidenti va parlament raisi bilan uchrashuvlarni o‘tkazgach ortga qaytadi. G‘azodagi vaziyat o‘ta tahlikalidir.

Falastin Muxtoriyati 2007 yilda G‘azodagi nazoratni qo‘ldan boy bergan. Hozirda muxtoriyat rahbarlari G‘arbiy Sohilni nazorat qiladi xolos, G‘azo esa Hamas guruhi qo‘lida qolmoqda. Shunga qaramay Abbos o‘zini barcha falastinliklar prezidenti deb hisoblashini aytadi.

Misr Prezdenti Muhammad Mursiy payshanba kuni televideniyeda qilgan chiqishida Isrol “agressiyasi qabul qilib bo‘lmaydigan holdir” deya bayon qildi.

Mursiy rasmiy Qohira diplomatik kanallar orqali Isroil hukumatiga norozilik notasini yuborganini ta’kidladi.

- Bizning pozitsiyamiz kecha aniq ifoda qilindi, o‘z pozitsiyamizni misr elchisini Isroildan chaqirtirib olish orqali bildirdik hamda Isroil elchisini chaqirtirib, tashqi ishlar vazirligi orqali G‘azodagi agressiyaga nisbatan pozitsiyamiz bitilgan mujdani topshirdik, dedi Misr prezidenti.

Mursiy shuningdek mavjud vaziyat haqida AQSh Prezidenti Barak Obama va BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun bilan suhbatlashganini qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda, Rossiya G‘azodagi voqealar rivojidan xavotir bildirib, vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bayon qildi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Heyg mojaroning ikkala tarafini bosiqlikka chaqirdi, lekin bo‘hron avj olishi uchun “mas’uliyat birinchi navbatda” Hamas guruhi zimmasida ekanini ta’kidladi.

BMT Xavfsizlik kengashi chorshanba kuni kechqurun mojaroni hal qilish masalasini muhokama qilish uchun favqulodda yig‘in o‘tkazib, ikkala tarafni zo‘ravonliklarni to‘xtatishga chaqirdi. Biroq Xavfsizlik kengashi biror amaliy chora ko‘rish to‘g‘risida qaror bergani yo‘q.
XS
SM
MD
LG