Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:51

Urugvay prezidenti o‘rtahol yurtdoshi kabi kun kechiradi


Urugvay prezidenti Joze Muxika.
Urugvay prezidenti Joze Muxika.
Urugvay prezident Joze Muxika boshqa davlat rahbarlari kabi qasrlarda yashashdan voz kechib, poytaxt Montevideo yaqinidagi xotinining eski fermasida umrguzaronlik qiladi.

Prezident va uning xotini tomorqasida kundalik ishlar bilan mashg‘ul bo‘ladi, gul o‘stiradi, yuvilgan kirlarni esa hovlisida quritadi.

Ular yashayotgan fermada ikki politsiyachi va uch oyoqli qari itdan boshqa qo‘riqchi yo‘q. Hatto ichadigan suvini ham u hovlisidagi quduqdan tortib oladi.

Joze Muxika oylik daromadining 90 foizini xayriya uchun sarflaydi. O‘ziga qoldirgan 10 foiz esa o‘rtahol urugvaylikning oylik daromadi bilan teng bo‘lib, bu mablag‘ taqriban 775 dollarga to‘g‘ri keladi.

“Men ko‘p yillardan beri shunday hayot kechirib kelaman, - deydi u Britaniyaning VVS agentligiga bergan intervyusida. – Bu ishim bilan boshqalar ko‘ziga g‘alatiroq bo‘lib ko‘rinishim mumkin, ammo men shuni xohladim. Men boriga shukur qilishni afzal ko‘raman”.

Joze Muxika prezidentlikka 2009 yilda saylangan. O‘tgan asrning 60-70-yillarida Kuba inqilobidan ilhomlangan “Tupamaros” so‘l isyonchilar harakatining a‘zosi bo‘lgan. Hayoti davomida u olti marta o‘q yegan va 1985 yili Urugvayda demokratiya o‘rnatilgunicha 14 yil qamoqda o‘tirgan.

“Meni eng qashshoq prezident, deb atashadi, biroq men o‘zimni qashshoq, deb hisoblamayman, - deydi Urugvay prezidenti. – Qashshoq odam bu to‘kinchilikda yashash uchun tinim bilmay chopib yurgan va mudom boyligi yanada ortishini istagan kimsadir”.

Joze Muxika jahon liderlarini o‘z mamlakatlarida “iste‘molchilik oshishi vasvasasiga duchor bo‘lganlik”da ayblaydi.

Urugvayda ko‘pchilik sodda turmush tarzi uchun Muxikani yoqtiradi, biroq ayrimlar uning hukumatini tanqid qiladi. Urugvaylik muxolifatchilar fikricha, mamlakat iqtisodiy jihatdan olg‘a siljiyotganiga qaramay, hukumat sog‘liqni saqlash va ta‘lim sohalarini rivojlantira olmayapti.

Urugvay qonunlariga ko‘ra, hozirda 77 yoshga kirgan Joze Muxika prezidentlikka qayta saylana olmaydi va aftidan, 2014 yilda mandati tugaganidan keyin u nafaqaga chiqsa kerak.
XS
SM
MD
LG