Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:13

Yangi avlod tarjimonlari Rossiya narkopolitsiyasi xizmatida


Narkotiklar nazorati bo‘yicha Rossiya Federal xizmati (FSKN) telefon suhbatlarini yozib olishga mo‘ljallangan “Etnos” poliglot-apparatini ishga tushirdi. Bu apparat FSKN xodimlariga turli tillarda, jumladan, o‘zbekchada suhbatlashayotgan shaxslarning gapini sinxron tarjima qilib berish imkoniyatiga ega ekani aytilmoqda.

“Etnos” deb nomlangan eshitish moslamasi nafaqat ovozni yozib olish, balki qaysi tilda so‘zlashilayotgani aniqlab, ayni paytda, rus tiliga tarjima qilish qobiliyatiga ega.

Yangi ovoz eshitish vositasi Rossiya narkopolitsiyasi buyurtmasi asosida Sankt-Peterburgda joylashgan “Nutq texnologiyalari markazi” tomonidan ishlab chiqilgan, deydi Ozodlikka o‘zini tanishtirmagan ilmiy-tadqiqot shirkati xodimi.

- Bu moslama FSKN buyurtmasi bo‘yicha bizning tashkilotimizda ishlab chiqildi. Ular bilan tuzilgan davlat kontraktiga ko‘ra, biz bu apparat to‘g‘risida sir saqlashimiz zarur, chunki “Etnos” huquqlari to‘liq FSKNga tegishli,- deydi apparatni ixtiro qilgan tashkilot vakili.

Moskva shahri bo‘yicha Narkotiklar nazorati xizmati boshqarmasida ovozni yozib olmaslik sharti bilan bunday apparat haqiqatan idoraning audioekspertlari tomonidan keng qo‘llanilayotgani va o‘zbek, tojik, qirg‘iz, tsigan, ozar, litva tillarni farqlay olishi va tarjima qilib berishi mumkinligini tushuntirishdi.

Aytilishicha, “Etnos” aslida bu kabi apparatlarning ikkinchi avlodidir. Mutahassislarga ko‘ra, birinchi avlod eshitish moslamalari narkosavdo bilan shug‘ullanayotgan shaxslarning ovozlarini yozib olishga va tilni aniqlashtirib berishga mo‘ljallangan bo‘lgan.

Yangi apparat murakkabroq bo‘lib, ruscha bo‘lmagan oddiy kundalik gap-so‘zlarni ajratib, bang savdosiga oid muhim ma‘lumotlar haqida gap ketayotganida o‘zi yozishga kirishishi va politsiya xodimlariga signal berishi mumkin ekan.

Demografiya, migratsiya va mintaqaviy taraqqiyot Instituti nazorat kengashi raisi Yuriy Krupnov “Etnos”ning asosan Markaziy Osiyo tillariga moslashgani tasodif emas, chunki Rossiyaga narkotiklar asosan Afg‘onistondan oqib keladi, deydi.

- Afg‘on narkotiklarining Rossiyaga kelayotgan shimoliy kontrabanda marshruti aynan shu mamlakatlar hududlaridan o‘tadi, va shu mamlakatlar tillari bu kabi apparatlar tuzilishida ishlatilishi tabiiydir. Afsuski, bang savdosi etnik xarakterga ega ekanini tan olishimiz kerak, deydi Yuriy Krupnov.

Narkotiklar nazorati bo‘yicha Rossiya Federal xizmati ma‘lumotiga ko‘ra, Rossiyaga kirib kelayotgan afg‘on narkotiklarining 90 foizi Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari yoki shu mamlakatdan chiqqan Rossiya fuqarolari tomonidan olib kirilmoqda. Qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar asosida FSKN xodimlari Rossiya ichkarisida narkotiklarni tarqatish bilan asosan tsiganlar shug‘ullanayotganini xulosa qilmoqda.

Narkopolitsiyachilar Rossiya narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning barchasi rus tilini yaxshi bilishiga qaramasdan, o‘zaro oldi-berdi ishlarida ular o‘z tilida so‘zlashishga odatlangan, shu sababli bunday vaziyatlarda “Etnos” poliglot moslamasi juda qo‘l kelayotganini ta‘kidlamoqda.

Narkopolitsiyachilar ovozni yozib olish va uni fonoskopik ekspertizasi oxirgi to‘rt yil davomida 400 ziyod sud mahkamalarida ishlatilgani va yuzdan ziyod narkosavdogarlar ayblarini isbotlashda yordam berganini ochiqlashdi.

FSKN rahbari Viktor Ivanov matbuot oldida qilgan chiqishlaridan birida Rossiyada narkotiklardan yiliga 126 ming yoshi 15 dan 34 gacha bo‘lganlar nobud bulayotganini aytdi. U 2011 yilda Rossiyada 46 tonna narkotik musodara qilingani va narkotrafikda ayblanib 100 mingdan ziyod odam jinoiy javobgarlikka tortilganini qo‘shimcha qildi.

Narkonazorat boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, narkotiklarga qarshi kurashuvchi xodimlar xizmatiga umumiy narxi 5 million rubl turadigan yana 15 ta “Etnos” apparati sotib olinadi.
XS
SM
MD
LG