Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:23

Shtatsiz otin oyidan - Mushkulkushod, shtatlisidan ma‘ruza


O‘zbekistonda Musulmonlar idorasi litsenziyasi bilan ishlash huquqini olayotgan otin oyilar orasida idoradan maosh olib maxsus tezislar asosida ma‘ruza qiladigan otin oyilardan ko‘ra, ayollarga qo‘hna uslublarda "mushkulkushod" o‘qib berib tirikchilik qilayotgan otin oyilarning ko‘pligi aytiladi.

"Bosh otin oyi", "Katta otin oyi", "Kichik otin oyi"


O‘zbekiston Musulmonlari idorasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, mamlakatda “otin oyilik” maqomi “imom”larga beriladigan maqomga tenglashtirilgan va xuddi imomlar kabi, otin oyilar ham idora maxsus ko‘rigidan o‘tgach, litsenziya oladi va ishlash huquqiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansurning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonda otin oyilar faoliyati keng yo‘lga qo‘yilgan va ular shahar, viloyat otin oyilari hamda tuman otin oyilari, degan lavozimlarda ishlashi mumkin.

- Hamma viloyat, hamma tumanlarda o‘zining otin oyilari bor. Katta otin oyi bor, kichik otin oyi bor. Bosh otin oyi bor. Ular O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan tayinlangan va ularga idora oylik to‘laydi. Har bitta mahallada ham otin oyilari bor va ular mahallaga ham, idoraga ham bo‘ysunadi. Masalan, Toshkent shahar imom-xatibi Anvar qori Tursunov bo‘lsa, Bosh otin oyi ham u bilan birga ishlaydi. Masalan, imom-xatibga keladigan tezislarni u ham o‘rganadi va ayollarga nimalarni gapirish kerak, nima mavzularda ma‘ruza qilish kerak – shularni o‘rganadi, - deydi shayx Abdulaziz Mansur Ozodlik bilan suhbatda.

Musulmonlar idorasi tomonidan Bosh, katta yoki kichik otin oyi lavozimlariga tayin etilishi uchun esa ayollar bir qator talablarga javob berishi lozim.

Eng birinchi talab – O‘zbekistondagi diniy ta‘lim muassasalarida tahsil olish va Qur‘onni bexato o‘qishga qodir bo‘lishdir.

- Birinchi navbatda, ular Qur‘onni tajvidi bilan to‘g‘ri o‘qiy oladigan, marosimlarni to‘g‘ri o‘tkaza oladigan bo‘lishi kerak. Eng qat‘iy talab shuki, pand-nasihat qilganda dinni to‘g‘ri tushuntirish, juda mubolag‘a qilib, dinni ayollarga qiyin qilib ham yubormaslik yoki bo‘lmasa, xato gapirib chalg‘itib qo‘maslikdir, deydi shayx Abdulaziz Mansur.

O‘zbekistonda ayollar uchun 4 ta diniy ta‘lim maskani bor


Hozir O‘zbekistonda ayollarga diniy ta‘lim beruvchi to‘rtta dargoh bor. Bulardan ikkitasi Toshkent shahrida — Hadichai Kubro madrasasi va Toshkent Islom universiteti qoshidagi ikki yillik kurs.

Yana ikkita madrasa esa Buxorodagi Mir Arab madrasasi qoshida va Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida joylashgan.

Har bir madrasada 150-200 atrofida talaba qiz tahsil oladi.

Bu bilim dargohlarini bitirib chiqqan qizlar otin oyilik bilan shug‘ullanishni istasa — odatda esa ularning aksariyati bunga hohish bildiradilar – otin oyilik qilishga ruxsat beruvchi litsenziyani olish uchun O‘zbekiston Musulmonlari idorasi yoki idoraning viloyat bo‘ylab hududiy bo‘linmalariga ariza bilan murojaat qilishi lozim.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi otin oyilik qilish uchun ayollarning maxsus suhbatdan o‘tib, ruxsatnoma asosida faoliyat yuritishini talab qiladi.

- Chunki, hozir har xil oqimlar bor. Biz ana shu oqimlarning zarari xususida ko‘pgina adabiyotlarni chop etib qo‘yganmiz. Otin oyilarning o‘sha adabiyotlardan xabari bo‘lishi shart. Borku, uncha muncha kitoblarni o‘qigan kishi bo‘lib, odamlarga noto‘g‘ri ta‘limot berib yuradigan otin oyilar, ular xalqni adashtirib, noto‘g‘ri yo‘lga kiritib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun biz bunaqa otin oyilarga marhamat, diniy madrasalarimizda o‘qib, ilmingizni mukammal qilib oling, deb talab qo‘yapmiz, deydi shayx Abdulaziz Mansur.

Otin oyilikni meros olgan ayollar ham idora ko‘rigidan o‘tishi shart


O‘zbekistonda onasi, buvilari otin oyilik qilib kelgan va bu hunarni meros olgan ayollar ham ko‘pchilik.

Abdulaziz Mansur bunday ayollarga ham otin oyilik bilan shug‘ullanish imkoni borligini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

- Bizda ota-onalari ilmli o‘tgan, o‘zlari ham ilmli bo‘lgan eski otin oyilar ko‘p. Ular azaldan shu ish bilan shug‘ullangan va ilm darajasi ham juda kuchli. Biz shunaqa otin oyilarga ham davlat ochib qo‘ygan ta‘lim dargohlarida o‘qib olishni yoki bizning idoraga kelib, suhbatdan o‘tib litsenziya olishni tavsiya qilamiz. Keyin bemalol ishlayverishi mumkin, - deydi Shayx Abdulaziz Mansur.

Eshonning etagini tutgan otin oyi


Idoraning hududiy bo‘linmalaridan birida suhbatdan o‘tgan va litsenziya asosida ishlayotganini aytgan qashqadaryolik otin oyilaridan biri Abdulaziz Mansur tilga olgan so‘nggi toifa otin oyilardan biri bo‘lib chiqdi.

Ismini oshkor etmayotganimiz otin oyining onalari va buvilari ham otin o‘tgan ekan.

Yoshligidan diniy ilmga uquvi bor, deb topilgan suhbatdoshimizni esa maktabni yakunlashi bilan, uning tili bilan aytganda, “eskichadan dars olish" uchun bir mahalliy eshonning qo‘liga berganlar.

- Men maktabni tugatganimdan keyin 3 yil bir eshon buvaning uyida eskichani o‘qidim. Keyin Qashqadaryodagi madrasada yana ikki yil o‘qidim, keyin udostvoreniye oldim. Endi har ish Xudoning ishiku, shu endi o‘zimizga yarasha ozgina bo‘lsa ham ilmimiz bor, ishqilib, dedi qashqadaryolik kamtargina otin oyi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u kabi idoraning ma‘qullovi bilan hujjat olib ishlayotgan otin oyilar juda ko‘p va ularning bajarayotgan ishi juda xalqning hayotida muhimdir.

- Mana hozir Ashuro oyiku, bu oyda “Bibi seshanba” o‘tkazsangiz savobi rossa ko‘p, unda Mohi Ashuro kitobini o‘qib tushirtirsangiz savobi undanam ko‘p, deb tavsiya qildi otin oyi.

U o‘zida arabiy imloda yozilgan bir necha kitob borligi, bu kitoblar yillardan buyon qo‘lma-qo‘l bo‘lib kelayotgan hamda kserokopiyadan chiqarilib saqlanayotgan kitoblar ekanini qo‘shimcha qildi.

- "Bibi seshanba", "Mushkulkushod onamiz", "Imomi-Hasan sayqali", "Mohi Aushro fazilatlari" – bular har bitta otin oyida bor. Siz ham "Bibi seshanba" o‘tkazib, bu kitoblarni o‘qitib tushirtirib yuborsangiz savobi juda katta bo‘ladi singiljonim, dedi qashqadarayolik otin oyi.

Otin oyidan bu marosimlarni o‘tkazish uchun qanday hozirlik ko‘rish kerakligini so‘radik.

- Endi bir-ikki kiyimlik material, bir-ikki hovuch mayiz, parvarda, non - shunga o‘xshash narsalar. Shu 3 ming-5 ming pul qo‘ysangiz bo‘ladi, dedi otin oyi.

Unga ko‘ra, har bir diniy marosim uchun, marosim o‘tkazuvchi xonadon sohibasi ozi bilan 3 ming ko‘pi bilan esa 50-100 ming so‘mgacha pul beradi.

- Ko‘ngildan chiqargani singlim. Bu Xudolik ish, bunga falon pul bering, deyish mumkinmas. Ataganini beradi. Bermasa ham Xudo yo‘liga ketveramiz, dedi kamsuqumgina otin oyi Ozodlik bilan suhbatda.

Qashqadarayolik otin oyining so‘zlaridan anglashilgani yana shu bo‘ldiki, shu kunlarda u juda band va bunga diniy marosimlarga chaqiriqning ko‘pligi sababdir.

Otin oyiga ishi tushgan ko‘p


Qashqadaryolik yana bir suhbatdoshimiz shu kunlarda o‘zi yashab turgan qishloqda deyarli har kuni otin oyining ishtiroki talab qilinadigan bir necha diniy marosim bo‘layotganini aytdi.

- "Mushkulkushod", "Biyi seshanba" yoki "Biyi chorshanba" qilayaptida xotinlar. Ashuro oyi kelganiga, "Biyi seshanba"ning savobi juda katta bo‘larkan, shunga. Keyin to‘y qilib, kelin tushirganlar "Joy yig‘di" (Ba‘zi hududlarda "Yuz ochdi" - Tahr.) marosimini "Bibi seshanba"day qilib o‘tkazadi. Keyin ba‘zilar ba‘zi mushkulim oson bo‘lsin, deydida "Mushkulkushod" o‘tkazadi, deydi bu ayol.

U 20 noyabr kuni o‘tgan "Bibi seshanba" marosimi haqida Ozodlik muxbiriga so‘zlab berarkan, marosimni o‘tkazish uchun shart, deb ishonilgan unsurlarni sanab berdi.

Birinchidan, marosim ishtirokchisi ko‘ngildan chiqarib otin oyiga pul berishi kerak.

- Har bir ayol 500dan, 1000 so‘mdan pul beradi, ko‘ngildan chiqaribda endi. Uyning egasi qancha beradi bilmayman. Lekin ayollar berishi kerak, dedi bu suhbatdosh.

Ikkinchidan, marosimni o‘tkazish uchun jiddiygina hozirlik ko‘rish kerak.

- Asosiy xolvaytar qiladi, shirguruch qilinadi, bug‘doy qo‘yiladi, qotirma qilinadi. Shart, bu narsalarning bo‘lishi shart. Duolar o‘qib bo‘lingandan keyin hamma oz-ozdan yeydi va savobi teksin, deb uyiga ham olib ketadi. Avvallari chiroq yoqilardi. Otin oyi duo o‘qib, paxtani eshib, chiroq yoqar edi. Hozir shu yo‘q bo‘ldi. Otin oyilar ham qilmayapti buni, deydi qashqadaryolik oddiygina uy bekalaridan biri.

Bu ayolning so‘zlaridan tushunilgani shu bo‘ldiki, ayollar otin oyi bosh bo‘ladigan diniy marosimlarni o‘tkazish shart, deb biladi va imkoniga qarab, hech bo‘lmasa, yilda bir bor "Mushkulkushod" va "Bibi seshanba" diniy marosimini o‘tkazishga harakat qiladi.

"Marosimdan so‘ng el ko‘zidan panada paxtadan pilig eshib, chiroq yoqayotganlar ham ko‘p", dedi gap orasida qashqadarayolik uy bekasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu amallar qanchalik Islom diniga mos yoki yo‘q - buni bilgandan bilmaganlar ko‘pdir. Hatto, otin oyilarning orasida ham ilmi to‘kisi oz, deya xulosa qildi bu suhbatdosh.

"Mushkulkushod", "Bibi seshanba" o‘qilmasin!


O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur esa aynan oddiy ayollar orasida urf bo‘lgan "Mushkulkushod", "Bibi seshanba" diniy marosimlarining o‘tkazilishi xatoligini aytadi.

Unga ko‘ra, bu haqda Musulmonlar idorasi fatvo bergan va maxsus ko‘rikdan o‘tar ekan, otin oyilar, avvalo, shu kabi bid‘atlardan ogohlantiriladi.

- "Mushkulkushod", "Bibi seshanba" o‘qilmasin, degan fatvolar diniy idoramiz tomonidan bir necha marotaba chiqarilgan. Bular noto‘g‘ri. Buning o‘rniga qadimiy, dinni to‘g‘ri o‘rgatuvchi turkiy kitoblarimiz bor. Ana shulardan o‘qisa bo‘ladi yoki o‘qiyman, degan kitoblarini ulamolar ko‘rigidan o‘tkazib olishi kerak, deydi shayx Abdulaziz Mansur.

Shu o‘rinda shayx ayollar qo‘lida yuradigan ko‘plab kitoblar Islomning fazilatlaridan ko‘ra ko‘proq, do‘zaxning azoblari haqidagi asossiz vahimalarga to‘laliligini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

- Islomning yo‘li oson, dinni qiyin qilib ko‘rsatish o‘rniga, oson qilib tushuntirish va fazilatlaridan ko‘proq gapirishi kerak, dedi Abdulaziz Mansur.

Otin oyilarga Karimovni alqash pullik vazifa


O‘zbekistondagi bugungi siyosiy vaziyat va hukumatning dinga munosabatiga tanqidiy ko‘z bilan qarovchi ayrim o‘zbekistonlik dindorlar O‘zbekistondagi bugungi otin oyilarni yetishtirib berayotgan diniy bilim dargohlarini tanqid qiladilar.

Bulardan biri bo‘lgan toshkentlik olima Mo‘tabar Ahmedova dinni o‘rgatishi kerak bo‘lgan bilim dargohlarida dunyoviy ilmlar salmog‘i katta, degan fikrda.

- Hozir madrasani bitirganlargina otin oyilik qilishadi. Madarasada to‘g‘ri, Qur‘onni tajvid bilan o‘qitishga o‘rgatishadi. Lekin diniy ilmi qanchalik chuqur bo‘ladi, bunisini men bilmayman. Lekin mening bilishimcha, u yerda 7 ta dunyoviy ilm o‘qitiladi va aniqki, prezident Karimovning asarlari o‘qitiladi. Bu dargohlardan chiqqan otin oyilar esa diniy marosimlarini prezidentni maqtash bilan boshlashi shart, deydi toshkentlik olima Mo‘tabar Ahmedova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, otin oyilarning marosimlardagi ma‘ruzalar ko‘p jihatdan imomlarning masjiddagi ma‘ruzalariga yaqindir. Darvoqe, shayx Abdulaziz Mansur ham buni tasdiqladi va otin oyilar ham imomlarga ma‘ruza uchun yo‘llangan tezislarga qarab ish tutishini aytib o‘tgan edi.

Mo‘tabar Ahmedova, bundan tashqari, mamlakatning diniy siyosatiga mos tarzda xavfli diniy oqimlar haqida ma‘ruza qiladigan aksar otin oyilarning Islomiy ilmi ozligiga guvohligini ham aytib o‘tdi.

- Yaqinda bir diniy marosimga tasodifan borib qoldim. Uy egasining eri o‘lgan ekan, u bo‘lsa: "Mavlud o‘tkazyapmiz", deydi. Qarang, eri tug‘ilmadi, o‘ldi. U bo‘lsa mavlud o‘tkazyapti. Shuning o‘zida u ham, unga mavludni o‘tkazib berayotgan otin oyi ham shirkka ketdi. Otin oyilar buni biladi, lekin nafs o‘lgur bor, buyruq bor, kelaveradi chaqirishsa, deydi Mo‘‘tabar Ahmedova.

Nafs bor, der ekan Ahmedova bitta diniy marosimning shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tkazib berayotgan otin oyilar yaxshigina pul topishini ham aytadi.

- Biz o‘tirgan xonadonda 20 tacha ayol bor edi. Hamma 500 so‘m, 1000 so‘mdan pul berdi. Uyni egasi qancha berdi - bilmadim, deydi Mo‘tabar Ahmedova.

Ya‘ni unga ko‘ra, masjidda o‘tirgan imomlardan farqli ravishda aholi uylaridagi diniy marosimlarda Karimovni alqab gap boshlagan otin oyilar eng kamida 20-30 ming, ko‘pi bilan esa 100-200 mingga qadar pul ishlaydi. Bundan tashqari, tuguniyu, sarposi ham bor.

Otin oyilar uchun Karimov asarlarini o‘qishda foyda bor


Shayx Abdulaziz Mansur uchun esa otin oyilarga dunyoviy ilmlarning o‘qitilishi, shu jumladan, ularga prezident Islom Karimov asarlaridan mashg‘ulotlar qo‘yishilishi, bundan tashqari, otin oyi bo‘lish uchun maxsus hay‘at ko‘rigidan o‘tar ekan, ularga prezident asarlaridan savollarning berilishi foydadan holi emas.

Unga ko‘ra, xususan, otin oyilik uchun imtihon topshirayotgan xotin-qizlarga qo‘shimcha savol tariqasida bugungi siyosat va Islom Karimov asarlaridan savol berilishi mumkin.

Shayxning bu boradagi fikr-mulohazalari va umuman, O‘zbekistondagi otin oyilar haqida hozirlangan "Islom va musulmonlar" eshittirishini to‘liq holda quyida tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:24 0:00
Бевосита линк


Eshittirishimizda ishtirok eting!

Darvoqe, albatta bu mavzu jiddiy va bahstalab mavzudir. Sizda ham eshittirish davomida bildirilgan fikrlarning ayrimlariga e‘tiroz, ayrimlariga esa qo‘shichma bo‘ladigan fikrlar, ma‘lumotlar bo‘lsa bizga murojaat qiling!

Murojaat uchun manzil:

bizga maktub yozing: ozodlikmail@gmail.com, isakovab@rferl.org

bizga qo‘ng‘iroq qiling: +420 221 123 437, +420 608 549 460 (mob)
XS
SM
MD
LG