Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:16

“DANga ishga kirish uchun $7000 uzatish kerak”


O‘zbek DANchilari.Dmitriy Chistoprudov surati.
O‘zbek DANchilari.Dmitriy Chistoprudov surati.
“Davlat avtomobil nazorati (DAN) ga ishga kirish uchun 6 – 7 ming dollar pora berish, bundan tashqari muntazam ravishda boshliqlarga “uzatib” turish kerak”. Bu DANdan haydalgan kichik serjant aytgan gaplardan bir-ikkitasi, xolos.

Birinchi bob. Arz


Bundan ikki hafta muqaddam “Jamiyat va qonun” eshittirishi bilan farg‘onalik bir yigit Skype orqali bog‘landiyu hasratidan “tutun chiqa boshladi”.

- 2007 yili ishdan olishgan. Tinimsiz mana shunaqa problemalar, azob-uqubat, poddavleniye 5-6 marta ishdan olib, 5-6 marta ishga qo‘yishgan. Mana hozir ham ishdan olishgan. Prokuratura, hammasi til biriktirayapti. Prezidentga yozgan arizalarim prokuratura yeb tashlayaptida Farg‘onanikida.

Ikkinchi bob. Tanishuv


Gapni masalaning o‘rtasidan boshlab olgan yigitni gapdan arang to‘xtatib, avval tanishib olaylik, dedik.

- Men Jahongirbek Nazarovman. Farg‘ona viloyatidan. 1983 yilman, yoshim 29da.

Ozodlik: Farg‘onaning qaysi tumanidan?

- Dang‘ara tumanidan.

Ozodlik: O‘qiganmisiz?

- O‘qiganman. Qo‘qon shahar Servis-tadbirkorlik kollejini 2002 yil imtiyozli qizil diplom bilan bitirganman.

Ozodlik: Nima degan kasbga o‘qigansiz?

- Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta‘mirlash.

Ozodlik: Oilalimisiz?

- Ha.

Ozodlik: Nechta bolangiz bor?

- Endi¸ Xudo xohlasa.

Ozodlik: 2002 yilda kollejni bitirgandan keyin qayerlarda ishladingiz?

- Qashqadaryoda, Muborak shahrida bir yarim yil harbiy xizmat qildim. Keyin kelib 2004 yildan 2006 yilgacha o‘zimizning viloyatda Buvayda tumanining qo‘riqlash bo‘limida ishladim militsioner lavozimida. 2006 yil avgust-sentyabrlarda o‘zimizning Farg‘ona viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga ishga olinganman.

Uchinchi bob. Haydalish


Bu bob mazmun mohiyatiga ko‘ra, birinchi bobning davomidir.

Ozodlik: 2006 yildan boshlab qachongacha ishladingiz?

- 2012 yil 30 iyulgacha.

Ozodlik: 30 iyuldan bu yog‘iga nima bilan bandsiz?

- Hozir ishdamasman. Ishdan olgan. Umuman ichki ishlar sohasidan chetlashtirib tashlanganman.

Ozodlik: Nima uchun?

- Endi gapirsa gap ko‘p.

Ozodlik: Gap ko‘pligini bilib turibman. Ishdan bo‘shatganlarning nazarida qanaqa qonun buzdingiz?

- Maxsus inspektsiya boshlig‘i jizzaxlik Shuhrat Soyipnazarov xizmat surishtiruvi qilgan ekan. Men bexabarman undan. Xizmat surishtiruvda delolarni yig‘ib prokuraturaga bergan. Buning sababi nima bo‘layapti ularning nazdida, men ichib olib, mast holatda yoki umuman ichib olib to‘polon qilgan ekan emishman.

To‘rtinchi bob. Maqsad


Bu bobda ishdan haydalgan kichik serjant Jahongir Nazarovdan bizga murojaat qilishi sababini so‘radik.

- Ozodlik radiosini istashimning sababi shuki, arizalarim qonuniy ko‘rib chiqilmaganligi, men muhtaram prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovga yoxud respublika MXX, prokuraturasiga ariza yozayapman. Mana shu arizalarimni bular qandaydir tanish-bilish qilib kattalarga yetkizdirmayapti. Menda adovati bor rahbarlar qonuniy ko‘rib chiqilishiga juda kuchli to‘sqinlik qilayapti. Maqsad men mana shuni radio orqali eshittirish qilsam, bu haqda yurtboshimiz eshitishlarini yoki yuqoridagi rahbarlar qulog‘iga chalinib eshitilsa, balki menga yordam berilib, mana shu holatlar qonuniy ko‘rib chiqiladi degan umiddaman. Yetkaza olmagan arizalarimni hech bo‘lmasa radio orqali yetkazish qo‘limdan kelar degan maqsaddaman.

Beshinchi bob. Arizachilar


Bu bobni o‘qimasangiz ham bo‘laveradi. Lekin biz yozib qo‘yishimiz shart.

“Jamiyat va qonun” eshittirishi uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng qayta tiklangach, uning mundarijasini tinglovchilarimiz arizalari belgilay boshladiki, biz ularni – arizalarni eshittirishimiz nomi va ruhidan kelib chiqib o‘rganishga harakat qilayapmiz.

U yoki bu arizachi bilan bog‘liq voqeani yoritar ekanmiz, maksimum xolis bo‘lishga, masalani ob‘ektiv yoritishga urinayapmiz.

Eshittirishimiz xat qutisida yana bir necha ariza o‘z navbatini kutib yotibdi.
Jahongir Nazarovniki ulardan biri.

Xo‘sh, nega boshqalarnikini ortga surib militsiya xodimining arzini o‘rganayapmiz?
Gap shundaki, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyor bo‘lganini xabar qildi.

Bas, shunday ekan, militsiya kichik serjanti Jahongir Nazarovning muammolari qonun qabul qilinishi arafasida bu sohadagi muammolarga birrov nazar tashlab olish uchun yaxshi imkon, deb o‘yladik.

Bugungi eshittirishda Nazarovning bevosita rahbari, Farg‘ona viloyat ichki ishlar boshqarmasi davlat avtomobil nazorati xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ravshan Tojiboyev ham ishtirok etadi.

Jahongir Nazarovning gaplariga ishonmaslikka asoslarimiz qanchalik yo‘q bo‘lsa, uning boshlig‘i Ravshan Tojiboyevning gaplariga ishonmaslikka ham asoslarimiz yo‘qdir.

DAN mamlakat aholisining juda qalin qatlami har kuni muloqotga kirishadigan xizmatki, Nazarovning gaplarida jon ko‘proqmi yohud uning boshlig‘i gaplaridami – ana o‘sha qatlamga kiruvchi tinglovchilarimiz o‘zlari bir fikrga kelib olar.


Oltinchi bob. Kirdikorlar


Jahongir Nazarov o‘zining “haqiqat uchun, halollik va adolat uchun tolmas kurashchi ekanligini, uning bu xislatlari boshliqlariga yoqavermasligi”ni o‘zining ishdan olinishi sabablaridan biri sifatida tilga olib o‘tdi va sohadagi “qing‘ir ishlar”ni birma-bir sanay boshladi.

Masalan, Nazarovning bir soatdan ortiqroqqa cho‘zilgan suhbat davomida aytishicha, DANga ishga kirish uchun 6 – 7 ming dollar pora berish kerak.
Nazarovga ko‘ra, doimiy qing‘irliklardan eng kattasi xodimlar maoshlarining to‘la berilmasligidir.

Aytishicha, ishdan haydalgunicha militsiya kichik serjanti Nazarovning oylik maoshi 650 ming so‘m atrofida bo‘lgan.

Ozodlik: Mana siz oylik olgani bordingiz. Vedomostga qo‘l qo‘ydingiz. U yerda 600-700 ming pul. Qo‘l qo‘ydingiz, qo‘lingizga 100 ming berdi. Sizga pul berguvchi nima deb tushuntiradi?

- Bizga oyiga kvitantsiya beriladi. Deylik bitta kvitantsiya 12 ming 450 so‘m yoki mana hozir oyliklar oshdi, oshgan bo‘lishi kerak jarima, kvitantsiya beradi haydovchilar tomonidan xavfsizlik kamari taqilmagan taqdirda joyida jarima qilish uchun yoki texnik nosoz transport vositasini boshqarganda joyida jarima qilish uchun. Ana shuni bizga majburan beradi. Biz joyida aniqlab qoidabuzarliklarni, jarima qilib pulini topshirishimiz kerakda. Pulni topshirish topshirmaslik bilan bularning ishi yo‘q. Masalan oyligim 700 ming bo‘lsa, sekingina .....

Suhbatning davomini quyida tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:33 0:00
Бевосита линк


Yettinchi bob. Boshliq


Dang‘aralik militsiya kichik serjanti Jahongir Nazarovning aytganlaridan paydo bo‘lgan savollarni “Jamiyat va qonun” eshittirishi Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi davlat avtomobil nazorati xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ravshan Tojiboyevga berdi.

Ozodlik: Sizlarda Jahongir Nazarov degan yigit ishlagan ekan.

- Ha, ha.

Ozodlik: Shu kishi bizga “Meni noqonuniy ishdan bo‘shatishdi” deb arz qilayapti. Shuning uchun u kishining boshlig‘i sifatida sizning fikringizni bilmoqchi edim.

- Endi aka bunga qidiruv e‘lon qilingan.

Ozodlik: Jinoyatchimi u?

- Ha, qamash to‘g‘risida qaror chiqqan. U qidiruvda. Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan qidiruv e‘lon qilingan unga.

Ozodlik: Nima jinoyat qilgan u?

- U ichib olib, mast holatda formada to‘polon qilib, urib, UVD zamnachalniklarni urgan bu yerda. Unga keyin 277-modda bilan ish qo‘zg‘atilgan prokuraturada. Prokuraturada ish qo‘zg‘atilib, uning buning ustidan yozib, u yoq-bu yoqda yuribdi. Hozir unga prokuratura tomonidan qidiruv e‘lon qilingan.

Ozodlik: U “Toshkentdan qo‘yilgan Soyipnazarov degan bir vakil bor. Shu odam hatto upravleniyening boshlig‘ini ham ishdan olib yuborishi mumkin bo‘lgan kuchli, qudratli odam” deydi.

- Yo‘q, yo‘q, u gapiraveradi. Qidiruv e‘lon qilingan. Uni axtarishayapti hozir.

Ozodlik: Qachon e‘lon qilingan qidiruv?

- Ancha bo‘ldi. Bir oyga yaqin bo‘lib qoldi. Ish qo‘zg‘atilib, u yuribdi disklarni qilib, disklari bor edi. MXX hamma joyga bergan uni, diskni nima qilgan. O‘sha kungi janjali disklarga olingan. Rahbariyat biladi uni hammasi.

Ozodlik: Qidiruv e‘lon qilingan bo‘lsa, bemalol Farg‘onadan telefon qilayaptiyu.

- Ha, qidiruv e‘lon qilingan. Topishadi. Bir joylarda bekinib yuribdida u.

Ozodlik: U “Meni ishdan bo‘shatishdan maqsadlari mening o‘rnimga 6000-7000 dollar pulini olib boshqa odamni ishga olishadi. Har oyda uzatib turish kerak. Biz oyligimizni olmaymiz. 700 mingga qo‘l qo‘yamiz, 100 ming olamiz. Qolganini kvitantsiya berishadi, kvitantsiyani sotishimiz kerak” deydi.

- Aka, noto‘g‘ri gaplar bu hammasi. Hamma bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazib, bu yerda otryadlar hamma joylarga ariza qilgan. Hamma joylarda xizmat tekshiruv qilinib, bolalardan so‘rab chiqilgan bu bo‘yicha. Bu bo‘yicha hamma tashkilotning xabari bor.

Ozodlik: 7000 dollarlik pora haqidagi gaplari tuhmatmi?

- Kimga bergan ekan 7000 dollar?

Ozodlik: U “Men bermaganman. Mening o‘rnimga...

- Yo‘q, yo‘q, tuhmat aka bu. Tuhmat hammasi.

Ozodlik: Oylik berishmaydi degan gapchi?

- Yo‘q, oylik vaqtida oladi hamma. Oylikni hamma vaqtida oladi. Kelib xodimlardan so‘rashib ham ketgan bu bo‘yicha. Hamma tashkilotga chiqib so‘rasangiz bo‘ladi prokuratura, boshqa joy. Men aytayotgan narsada bu. Buning hammasidan rahbariyatning xabari bor aka. Qidiruv e‘lon qilishgan. Yurishibdi, endi bilmadim nima qilishadi.

Ozodlik: U birovlarni kaltaklaganmi?

- Ha. Bizning rahbarlarga tashlagan u.

Ozodlik: Rahbarlar ham xafa qilgandirki u tashlagandir. Jinni bo‘lmasa kerak bekordan bekor rahbarlarga tashlab.

- Endi bilmadim. Mast bo‘lgan. Disklari bor aka. Rahbariyatda disklari bor.

Ozodlik: Ravshan aka, mana gaplashib oldik. Men sizning fikringizni bildim. Men bu haqda eshittirish qilsam, sizning aytganlaringizdan ham foydalanaman xo‘pmi?

- Mana shu yerda hozir qiduruv e‘lon qilishgan. Qarori ham chiqibdi deyaptiyu prokuraturadan.

Ozodlik: Bu Ozodlik radiosi. Boya ham aytdim. Eshittirish qilsam, foydalanaman.

- Bo‘ldi aka, men tushundim.

Ozodlik: Bo‘pti, rahmat sizga.

- Endi fuqaro. Ariza qilishga haqliyu.


Sakkizinchi bob. Biladi


Ustidan jinoyat ishi ochilganini Jahongir Nazarovning o‘zi ham yashirmagan edi.

- Hozirgi paytda Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahar prokuraturasi menga 277-moddaning 3-qismi bilan bezorilik degan statyani qo‘zg‘ab qo‘ygan. Bunga asos yo‘q. Bunga haqqi yo‘q. Sababi u narsalar bo‘lmagan. Mutloq noqonuniy hatti-harakat bu. Men bularni isbotlashga harakat qilayapman. Ariza yozayapman. Natijada bular arizani mutlaq ko‘rib chiqmayapti. Tepaga, misol prezidentimizga, MXXga, prokuraturaga yozayapman.


To‘qqizinchi bob. Jimjitlik


Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi davlat avtomobil nazorati xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ravshan Tojiboyev bilan suhbat 28 noyabr kuni o‘tkazilgan.

O‘shandan beri bir necha bor Jahongir Nazarov bilan bog‘lanishga urindik. Javob bo‘lmadi.

Jahongir Nazarov oldinroq - Tojiboyev bilan suhbat o‘tkazilishidan oldin - Ozodlik bilan Skype orqali bog‘langan, keyin biz o‘zimiz ham u bilan telefon orqali suhbatlashgandik.

Gaplariga qaraganda, qidiruvdagi shaxsga o‘xshamagan edi.

- Sarvar aka, internet kafeda edim, chiqib ketdimda men endi. Hozir mashinamga chiqib olay. Gapiravering, chiqayapman.

XS
SM
MD
LG