Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:58

O‘zbeklar Rossiyadan pul jo‘natishda birinchi


2012 yilning uchinchi choragida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida yakka shaxslar tomonidan pul o‘tkazish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30,14 foizga ko‘payib, 2,7 milliard AQSh dollarini tashkil qildi. O‘zbeklar Rossiyadan vataniga pul jo‘natish bo‘yicha MDH davlatlari ichida peshqadam bo‘lib qolmoqda.

Rossiya Markaziy banki ma‘lumotiga ko‘ra, joriy yil uchinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga po‘l jo‘natmalari 30,66 foizga ko‘payib, 1,969 milliard dollarni tashkil qilgan. O‘zbekistondan Rossiyaga o‘tgan yilgiga qaraganda 21,35 foizga ko‘proq, 108 million AQSh dollari jo‘natilgan.

Rossiya Markaziy bankiga ko‘ra, o‘zbeklar Rossiyadan vataniga pul jo‘natish bo‘yicha MDH davlatlari ichida peshqadamlik qilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ham bu yilgi ish mavsumi o‘tgan yilgiga nisbatan barakaliroq bo‘lganini aytishdi.

Moskvdagi do‘konlardan birida sotuvchi bo‘lib ishlayotgan andijonlik Farxod O‘zbekistonga oyiga 600-700 dollar jo‘nataman, dedi.

- Telefonlarning sim kartalarini sotaman. Oyiga 24-25 ming olaman. Shundan 700 dollarini O‘zbekistonga jo‘natamanda. 100-150 dollar o‘zimga rasxodga qoladi. 6-7 oy bo‘ldi qaytib kelganimga. Undan oldin ham kelib-ketib yurgandim. 700-800 dollar jo‘natsa, 550-600 so‘m komissiya oladi. Ozroq jo‘natsa, 200-300 rubl oladi, deydi andijonlik Farxod.

Rossiyaning Voronej viloyatida ishlayotgan farg‘onalik Umidbek esa mehnat muhojirlari O‘zbekistondagi yaqinlariga daromadiga qarab pul jo‘natishini, o‘zi esa oyiga taxminan ming dollar jo‘natishini aytdi.

- Bir oyda 35-40 ming rubl ishlayman. "Evroset"dan jo‘nataman. "Svyaznoy" degan bank bo‘limi ham bor. O‘risning puliga 32 ming bersangiz, O‘zbekistonga 1000 dollar jo‘natishadi. 1000 dollardan taxminan 400 rubl komissiya oladi. Sababi, bularda raqobat bo‘layapti. Ilgari qimmat edi. 1000 dollar jo‘natish uchun 1000-1500 rubl ketardi. Hozir 400-500 so‘m bersangiz, olib borib berishayapti, deydi farg‘onalik Umidbek.

Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari ko‘payishi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ko‘paygani bilan izohlanadi.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, hozirda Rossiya Federatsiyasida jami 10 millionga yaqin mehnat muhojiri bor. Ulardan 3 yarim millionga yaqini o‘zbekistonlikliklar ekani aytiladi. Ba‘zi norasmiy manbalar esa bu raqam ikki baravar ko‘p deb taxmin qilinadi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Farxod Rossiyaga ishlash uchun O‘zbekistondan ko‘proq odam kelayotganini tasdiqladi.

- O‘zbekistondan kelayotgan muhojirlar soni ko‘payapti deyman men. Hozir shu yerda tursangiz yosh-yosh oilalar xotin bocha-chaqalari bilan kelganini ko‘rasiz. Biz kvartirada turibmiz. U yerda butun boshli oilalar, 1-2 yashar go‘daklar ham bor, er-xotin va ularning onasi ham bor, deydi Farxod.

Mustaqil tahlilchilar fikricha, aynan mehnat muhojirlari oilalariga yuborayotgan pul jo‘natmalari O‘zbekiston iqtisodini defoltdan qutqarmoqda va jamiyatdagi taranglikni yumshatuvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

2011 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga pul jo‘natish 49,8 foizga ko‘payib, 4,909 millliard dollarga yetgan edi.

Joriy yil sentyabr oyidan boshlab xorijdagi yaqinlaridan pul oluvchi o‘zbekistonliklar ustidan nazorat kuchaytirildi. Pul o‘tkazish shoxobchasiga pul olgani kelganlardan kim, qayerdan, nima maqsadda pul jo‘natayotgani haqida ma‘lumot talab qilinmoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, "Westren Union", "Money Gram", "Contact", "Unistream", "Migom" singari tarmoqlarda joriy qilingan yangi tartibga ko‘ra, endilikda xorijdan pul oluvchi kishilar o‘z shaxsi va pul yuboruvchining ismi-sharifi, manzili haqidagi qo‘shimcha ma‘lumotlarni taqdim etishi talab qilinmoqda.

Rossiya Markaziy bankiga ko‘ra, Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari vataniga pul jo‘natishda "Anelik", "BLIZKO", "Coinstar Money Transfer", "Kontakt", "InterExpress", "Migom", "MoneyGram", "PrivatMoney", "UNIStream", "Western Union", "AziyaEkspres", "Allure", "Blits", "Fast Mail", "Gold Crown", "LIDER" va "Pochta Rossii" kabi shirkatlar xizmatidan foydalangan.

Rossiya Markziy banki e‘lon qilgan raqamlarga ko‘ra, pul jo‘natmalari bo‘yicha Tojikiston 1,28 milliard dollar bilan ikkinchi, Ukraina 804 million dollar bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
XS
SM
MD
LG