Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:57

O‘zbekistonda Qorbobo va Qorqiz taqiqlandi


O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) Yangi yil tomoshalarida Qorbobo, Qorqiz va Yalmog‘iz kampir obrazlari aks etgan tasvirlarni efirga uzatmaydi. Ularning o‘rnini milliy folklor qahramonlari egallaydi.


Qorbobo bilan Qorqiz "badarg‘a" qilindi


O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining ikkita asosiy kanali: "O‘zbekiston" va "Yoshlar" telekanallari xodimlari Ozodlik bilan suhbatda Qorbobo va Qorqiz obrazlari aks etgan video tasvirlar efirga uzatilmasligini tasdiqladi.

"O‘zbekiston" telekanalining o‘zini tanishtirmagan xodimi bosh muharrirlardan biri bilan maslahatlashgach, quyidagicha javob berdi.

- Bosh muharririmizdan so‘radim. U aytayaptiki, Qorbobo, Qorqizi bor Archa bayramlar chiqarilmayapti ekan,- dedi suhbatdoshimiz.

"Yoshlar" telekanalining o‘zini tanishtirmagan xodimidan esa "Yo‘q mumkin emas", degan qa‘tiy javob bo‘ldi.

Suhbatlashganimiz ikkita telekanal xodimlari ham taqiq sabablariga oydinlik kiritmadi.


"Qorbobo va Qorqizsiz yangi yil o‘tadimi?"


Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligining o‘zini tanishtirmagan xodimi mamlakat televideniyesida Qorbobo va Qorqizga taqiq qo‘yilanini rad qildi.

- Yo‘q, chiqariladi. Yangi yilda Qorbobo, Qorqiz chiqmasa, bo‘lmaydi-ku, deydi vazirlik xodimi.

Mazkur vazirlikning Teatr va tomoshalar boshqarmasining ismini oshkor qilmayotganimiz xodimi masalaga biroz oydinlik kiritdi.

- Hali protokol chiqishi kerak Vazirlar mahkamasining. Hali chiqqani yo‘q. Yangi yil bayramini o‘tkazish bo‘yicha protokol chiqadi Vazirlar mahkamasiniki. Ana o‘shanda ko‘rsatiladi qanaqa o‘tadi, qayerda o‘tadi. Uni tepa, rahbariyat, hukumat hal qiladi. Internet yozaveradi. Lekin bizga "mumkin emas", degan rasmiy hujjat kelgani yo‘q,- dedi Teatr va tomoshalar boshqarmasi xodimi.

Qorbobo va Qorqiz obrazlarining televizordan "badarg‘a" qilinishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangan Ozodlikning Toshkentdagi manbasiga ko‘ra, yaqinda O‘zbekiston Ma‘naviyat va targ‘ibot markazida o‘tkazilgan yig‘ilishda chetdan kirib kelgan Qorbobo, Qorqiz va Yalmog‘iz kabi ertak qahramonlari o‘rniga milliy folklor qahramonlarini chiqarishni tavsiya qilingan.

Ismini oshkor qilmayotganimiz manbaga ko‘ra, MTRK O‘zbekiston Ma‘naviyat va targ‘ibot markazining ushbu tavsiyasiga amal qilayotgani uchun Qorbobo va Qorqiz singari obrazlarni yangi yil tomoshalarida ko‘rsatmaslikka qaror qilgan.

Ozodlik muxbiri Toshkentdagi ayrim bolalar bog‘chalari, maktablar bilan bog‘lanib, "yangi yil tomoshalarida Qorbobo, Qorqiz obrazlari ishtirok etayapti" degan javobni oldi.

Yangi yil arafasida bayram tomoshalari o‘tkazadigan Toshkentdagi Yosh tomoshabinlar teatri sahnalaridan ham Qorbobo va Qorqiz obrazlari olib tashlanmagan.


"Badarg‘a qilinib, qayta qaytgan Archa bayrami"


O‘zbekiston hukumati 2005 yilda ham bolalar uchun yangi yil bayramiga bag‘ishlab sahnalashtirilgan ommaviy tomoshalarni o‘tkazishni man qilgan edi.

O‘sha paytda bu qaror asosan, bolalar va ota-onalar bir joyga yig‘ilganda terrorchilik harakatlari sodir etilishi ehtimoli mavjudligi vajidan ehtiyotkorlik chorasi sifatida baholangan edi.

Lekin 2006 yildan boshlab ommaviy yangi yil tomoshalariga qayta ruxsat berildi.
XS
SM
MD
LG