Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:16

MXX tazyiq qilgan 19 yoshli o‘zbek Moskva SIZOsida o‘zini osdi


Marhum Abdusamat Dadayevning yaqinlariga ko‘ra, bunga qadar uni Moskva SIZOsi yerto‘lasida O‘zbekiston MXX xodimlari so‘roqqa tutgan va "Turkiston jamoati" nomli ekstremistik tashkilotiga a‘zolikda ayblab, tazyiq o‘tkazgan.

8 dekabrdan 9 dekabrga o‘tar kechasi Moskva shahrining Medvedkovo tumanidagi Ekstraditsiya qilinuvchilarni vaqtinchalik saqlash 4-izolyatorida saqlangan namanganlik 19 yoshli Abdusamat Dadayev o‘zini osib qo‘ydi.

Dadayevning yaqinlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bunga qadar Abdusamat va u bilan birga SIZOda saqlanayotgan yana 4 namanganlik yigitni O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari so‘roqqa tutgan.

5 yigit shu yilning 15 noyabrida Moskvaning Vnukovo aeroportida Toshkentga uchishi oldidan qo‘lga olingan edi.

Ularning himoyasi bilan shug‘ullanayotgan Markaziy-osiyolik siyosiy qochqinlar jamiyati rahbari Bahrom Hamroyevning Ozodlikka aytishicha, marhum Abdusamat Dadayev va u bilan birga hibsga olingan Rahmatullo Muhammadxo‘jayev, Avazbek Nizomov, Olim Jalolov va Hakim Jalolovlar O‘zbekiston huquq tartibot idoralari tomonidan qidiruvga berilgan.

Ularning hammasi 1990-1993 yillar oralig‘ida tug‘ilgan namanganlik yigitlardir.

- Rossiya hukumati bularni O‘zbekiston qidiruvga berganini aytgan edi. 8 dekabr kuni esa SIZOning yerto‘lasiga O‘zbekiston MXX xodimlari kirgan. "Tirnoqlariningni sug‘urib tashlaymiz, keyin bulbulday sayrashni boshlaysan, O‘zbekistonga olib ketamiz baribir", degan. Toshkent shevasida gapirgan o‘zbek maxsus xizmatlarining bolalari ekan. O‘sha voqea bo‘lishi bilan kechasi menga SIZOda o‘tirgan Jalolov Olim telefon qilib, hammasini so‘zlab berdi,- deydi huquq faoli Bahrom Hamroyev.

Hibsga olinganlar orasida eng yoshi bo‘lgan Abdusamat, uning yaqinlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, qattiq qo‘rqib ketgan va tongga yaqin o‘z joniga qasd qilgan.

Moskva shahar Jazoni ijro etish boshqarmasidan hozircha voqea yuzasidan ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, boshqarmaning ayni masala bilan shug‘ulanayotgan rasmiysi Tatyana Nikolayevna bilan suhbatlashgan Bahrom Hamroyevning aytishicha, rasmiylar avvaliga voqeani yashirishga uringan.

- Hozir bu ish hammaga oshkor bo‘lib ketdi. GUINdagilar ham bilishadi. Tasavvur qiling, O‘zbekiston MXXchilari kelib, Moskva SIZOsining yerto‘lasiga tushib, bemalol bu yigitlarga tazyiq o‘tkazgan,- deydi Bahrom Hamroyev.

Marhumning Moskvadagi qarindoshlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Abdusamat Dadayevning jasadi hanuz SIZOda qolayotganini aytdi.

Unga ko‘ra, hibsdagilarning qarindoshlari va do‘stlari Medvedkovo izolyatoriga borishga qo‘rqmoqda.

"O‘zbekistonning MXXsidan kelganlar haliyam o‘sha yerda ekan. Hozir o‘sha bolalarning telefonida nomeri bo‘lgan bollarga telefon qilib: "Sizlarni ham topib, olib ketamiz O‘zbekistonga, nima ishlar qilib yuribsanlar Rossiyada?" deb do‘q qilayotgan ekan. Meni ham surishtirishibdi", dedi Abdusamatning qarindoshlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Moskva SIZOsida saqlanayotgan yigitlardan ikki nafari - Rahmatullo Muhammadxo‘jayev va Avazbek Nizomovning akalari - Xayrullo Muhammadxo‘jayev va Ulug‘bek Nizomovlar shu yilning oktyabr oyida Kaliningraddan Namanganga borgan vaqtida hibsga olingan edi.

Ularning yaqinlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Medvedkovo izolyatoridagi so‘roq chog‘ida o‘zbek maxsus xizmatlari vakillari O‘zbekiston hibsxonasida saqlanayotgan ikki yigit haqida ham gapirgan.

"Senlarni akalaring "Turkiston jamoati", degan tashkilotga a‘zo, senlar ham a‘zosanlar, deganga o‘xshash gaplarni qilishibdi. Agar O‘zbekistonda bo‘lganingda boshqacha gaplashardim, deb qo‘rqitibdida bollarni. Endi bilasizku, biznikilarni", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Abdusamatning ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan qarnidoshi.

O‘zbek maxsus xizmati xodimlari tilga olgani aytilgan "Turkiston jamoati" diniy-ekstremistik tashkiloti haqida hozircha Ozodlikda hech qanday ma‘lumot yo‘q.

Rossiyalik inson huquqlari faoli Bahrom Hamroyev ayni paytda jasadi berilmayotgan Abdusamat Dadayevning yaqinlariga ko‘maklashayotgani va hibsda qolayotgan boshqa to‘rt o‘zbekistonlikning qiynoqlar qo‘llaniladigan O‘zbekistonga ekstraditsiyasini to‘xtatishga urinayotganini aytmoqda.

Shuningdek uning yana qo‘shimcha qilishicha, 4-izolyatoridagi so‘roq-savol chog‘ida O‘zbekiston maxsus xizmatlari vakillari Rossiyada ishlab yurgan namanganlik yigitlarni "baytul-mol" yig‘ayotganlik va O‘zbekistondagi diniy-ekstremistik harakatlarni moliyaviy ta‘minlashga uringanlikda ayblagan.

Huquq faoli O‘zbekiston maxsus xizmatlarining Rossiyada yurgan o‘zbekistonlik muhojirlarni asossiz ayblovlar bilan qidiruvga bergani va bunga Rossiya huquq-tartibot idoralarining ko‘makchi bo‘layotganidan xavotir bildirmoqda.

Ayni paytda, qish sovug‘i tushgani bois Rossiyadagi mavsumiy ishlarni to‘xtab, O‘zbekistonga qaytayotgan mehnat muhojirlarining bu kabi voqealardan xabar topganlari ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushgan.

- Sovuqda bu yerlarda qololmasak. Uyga borsak: "Sen terrorchilarga ishlab, pul topib bergansan", deb qamab qo‘ysa!? Bu nimasi a?!- deya jig‘ibiyron bo‘ldi Ozodlikka so‘zlagan andijonlik mehnat muhojiri Xayrullo.

Ozodlik bu voqea rivojini kuzatishda davom etadi va kun davomida sizni yangiliklardan xabardor qilib boradi.
XS
SM
MD
LG