Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:17

“Bilayn” internet sifati yaxshilanishini va‘da qilmoqda


O‘tgan haftadan boshlab “Bilayn” aloqa operatori xalqaro internet-kanali sig‘imini 20 foizga oshirdi. Endilikda mobil internetining sifati yaxshilanishi va‘da qilinmoqda.

“Bilayn” mobil kompaniyasi xalqaro internet-kanali sig‘imini 1,2 Gbit/s.ga oshirdi.

Bu haqda “Bilayn” kompaniyasi Toshkentdagi Bosh ofisining ismini oshkor qilmayotganimiz xodimi ma‘lum qildi.

Uning Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, abonentlarning talab va istaklaridan kelib chiqib, shunday qarorga kelingan.

“Bizda iyul oyi oxirida tashqi internet-kanalining sig‘imi 850 Mbit/s.ni tashkil qilar edi. Avgust oyida sig‘imni 1 Gbit/s.ga oshirgan edik. Endilikda yana 20 foizga oshirdik va bu 1,2 Gbit/s.ni tashkil qiladi. Biz aloqa kanallariga yuklamalar keskin o‘sgach, tashqi kanalni 20 foizga oshirishga qaror qildik”, dedi “Bilayn” xodimi mikrofonsiz suhbatda.



“Bilayn” xodimi tashqi internet kanalining sig‘imi 20 foizga oshirilishi natijasida mobil internetining sifati yaxshilanishini ta‘kidladi.

Yangi media bo‘yicha ekspert To‘lqin Umaraliyev fikricha, xalqaro internet-kanalida sig‘imning oshirilishi, odatda sifat o‘nglanishiga xizmat qiladi.

- Internet O‘zbekistonning ichidan chiqmaydi buloqqa o‘xshab. “Bilayn” ham internetni tashqi provayderdan oladi. Shuning uchun “Bilayn”ning tashqi provayderdan olaëtgan interneti kengligi, kattaligi soniyasiga 1,2 Gbit/s.ga oshdi, degani bu mobil operatorining mobil internet tezligiga o‘z ta‘sirini ko‘rsatadi. Chunki bu yerda 20 foizga o‘sish bo‘layapti. Menimcha, oddiy mobil foydalanuvchilarining internet tezligi kamida 20 foizga o‘sadi, ya‘ni bundan avval bir sahifa 10 soniyada ochilgan bo‘lsa, endi 8 soniyada ochiladi deganida bu, deydi To‘lqin Umaraliyev.

Lekin ayni paytda “Bilayn” abonentlari mobil interneti xizmati sifatida yaxshilanish kuzatilmayotganini aytishmoqda.

Toshkentlik Musabekning aytishicha, MTS yopilganidan buyon mobil aloqa operatorlari taqdim qilayotgan internet sifati keskin yomonlashgan.

- Kamida bir oyda 2-3 marta “Bilayn” internet xizmati 2-3 soat, ba‘zida umuman ishlamay qoladi. Odatda kechki soat 8dan 10gacha bo‘laëtgan holatlarda. Qolaversa, “Bilayn”ning internet traffigi oz miqdorda oshgan, ya‘ni narxlari oshgan. Oldin 10 dollar bo‘lgan internet paketlar hozir 11 dollarga ko‘tarilgan. Sifat borasida esa “Bilayn”ni ham, “Yusell”ni ham maqtab bo‘lmaydi. Ob-havoning sovuqlashuvi ëki o‘zgarishi natijasida odam kerakli narsani o‘z vaqtida internetdan olomaydi. Oddiygina pochtani ochish uchun 15-20 daqiqa kutishingizga to‘g‘ri keladi. Vaziyat o‘zgarganicha yo‘q. Hozirgi kunda ko‘pchilik imkoniyati borlar uy telefonlari orqali svyazni ulashga harakat qilayapti, dedi Musabek.

Joriy yilning 17 iyul kuni MTS faoliyati to‘xtatilgach, mazkur kompaniyaning foydlanuvchilari “Bilayn” va “Yusell” kompaniyalariga o‘tib ketdi.

MTS yopilgach, O‘zbekistonda mobil aloqa sifati keskin yomonlashganidan shikoyatlar Ozodlikka deyarli har kuni bo‘layapti.

Shuningdek, Facebook va Twitter ijtimoiy tarmoqlarida “Bilayn” va “Yusell”ning mobil interneti sifatidan norozilik chiqishlari muntazam kuzatilmoqda.

Hozir “Bilayn” O‘zbekiston mobil aloqa kompaniyalari orasida eng katta tashqi internet-kanali sig‘imiga ega shirkat hisoblanmoqda.
XS
SM
MD
LG