Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:33

"Turkiston islomiy harakati"ga a‘zolikda ayblangan 16 dindor sudlanayapti


Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Bektemir tuman sudida sudlanayotgan 16 dindor "Turkiston islomiy harakati" ekstremistik tashkilotiga a‘zo ekani va O‘zbekistonda hukumatni ag‘darish maqsadida bo‘lgani aytildi.

11 dekabr kungi sud majlisida davlat ayblovchisi 28 yashar Akmal Ollonurovga 16 yil, 21 yashar Bahodir Dadajonovga 14 yil va 29 yashar Dilshod Muhammadjonovga 10 yil so‘radi.

Boshqa sudlanuvchilarni esa 5 yildan 9 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilish so‘raldi.

Dindorlar ustidan sud majlisi xavfsizlik choralari kuchaytirilgan holda olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Tergov boshqarmasi tomonidan to‘plangan jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, dindorlar shu yilning bahor va yoz oylarida “Turkiston islom harakati” diniy radikal tashkilotiga mansublikda ayblanib, hibsga olingan.

Diniy tashkilot yetakchisi, deb atalayotgan Doniyor ismli shaxsga nisbatan xalqaro qidiruv e‘lon qilingan.

Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi IIV yerto‘lasi, so‘ngra Toshkentdagi 64/1-sonli vaqtinchalik saqlash izolyatorida tutib turilgan dindorlarning 6 nafari tergov davrida garov evaziga ozodlikka chiqarilgan.

Dindorlar O‘zbekiston Respublikasi JKning 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) hamda 2442-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan ayblangan.

Ayblov xulosasiga muvofiq, mazkur shaxslar mamlakat konstitutsiyaviy tuzimini ag‘darish va o‘zlari a‘zo bo‘lgan diniy oqim uchun baytulmol yiqqan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida separatistik, diniy radikalizm ruhidagi qarashlarni targ‘ib qilgan.

Shuningdek, hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash hamda aksil konstitutsiyaviy boshqaruv usulini joriy qilish g‘oyalarini ham ilgari surgan.

Dindorlarning ota-onalariga ko‘ra, farzandlari yuqorida nomi zikr qilingan tashkilotni, hatto eshitishmagan ham. Aksincha, ayblanuvchilar tergov izolyatori va yerto‘lada shafqatsiz qiynoqlarga solinib, ulardan zo‘raki iqrorlik ko‘rsatmalari olingan.

Tergov davomida dindorlar ota-onalari, yaqinlariga ko‘rsatilmagan. Ular himoya huquqidan mahrum qilingan, ayrimlariga esa nomigagina adovkatlar tayinlangan. Hatto sudlanuvchilarga mahkama tugab borayotganiga qaramay ayblov xulosalari ham berilgani yo‘q.

Toshkent Islom instituti prorektori A.Karimovga ko‘ra, hozirgi vaqtda tashkiliy jihatdan “Al-Qoyda”ning tarkibiy bo‘linmasiga aylangan “Turkiston islom harakati” o‘z faoliyatini Markaziy Osiyo hududida hamda uning tashqarisida ichki va tashqi moliyaviy kanallariga ega.

“Turkiston islom harakati”ning janggari bo‘linmalari Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston orqali o‘tadigan narkotik moddalarni yetkazib berish bilan ham faol shug‘ullangani aytildi.

O‘zbekiston rasmiylari ushbu terrorchi tashkilot nafaqat qurol-yarog‘ va o‘q-dori bilan, balki Afg‘oniston va Tojikistonda qazib olinayotgan qimmatbaho toshlarning kontrabandasi bilan ham faol shug‘ullangani bo‘yicha ma‘lumotlar mavjudligini ta‘kidlamoqda.
XS
SM
MD
LG