Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:35

Sevara Nazarxon “Golos”ni tark qildi


7 dekabr kuni "Golos" loyihasida hakamlik qilgan rus qo‘shiqchilari Leonid Agutin¸ Aleksandr Gradskiy¸ Pelageya va Dima Bilan o‘zbekistonlik ikki qo‘shiqchi Sevara Nazarxon va Svetlana Sa‘diyevalarni tanlovdan chiqarish uchun ovoz berdi.

"Golos" loyihasining uchinchi bosqichigacha kelgan Sevara Nazarxon “U yerda men yo‘qman”, degan rus romansini ijro qilgan edi.

Keyingi bosqichga chiqish yo‘lida Sevara Nazarxonga Artem Kocharyan raqib bo‘ldi.

Bu ikkala qo‘shiqchini eshitgan hakamlar Artem Kocharyanni musobaqaning yakunlovchi bosqichiga o‘tkazdi.

Sevara Nazarxon - "Tam net menya" ("Golos" loyihasi)



O‘zbek muxlislar norozi


Tanlovdan keyin O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon Rossiyaning “Komsomolskaya pravda” gazetasiga bergan intervyusida: ”Rus tili mening ona tilim”, deb ta‘kidladi.

Bu e‘tirofga qaramasdan, Sevara Nazarxon uchun o‘z hamyurtlari ko‘proq qayg‘urayotganday tasavvur hosil bo‘ldi.

"Golos" televizon qo‘shiq tanlovining o‘zbek hofizlari Sevara Nazarxon va Svetlana Sa‘diyevalar qatnashgan dastlabki ikki dasturi efirga uzatilmadi.

O‘zbekistondagi teleuzatish markazining o‘zini G‘ayratbek Sodiqov, deb tanishtirgan muxandisining Ozodlikka aytishicha¸ "Golos" televizon qo‘shiq tanlovi jonli tarzda efirga uzatilgani bois O‘zbekistonda yoyinlanmagan.

Shunga qaramasdan, O‘zbekiston aholisi internet va sun‘iy yo‘ldosh vositasida musiqa musobaqasini tomosha qila oldi.

Sevara Nazarxonning musobaqadan chiqarilishiga uning hamkasblari salbiy munosabat bildirdi.

Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar Sevara Nazarxonni musobaqadan chetlatgan hakamlar haqsiz, degan fikrda sobit qoldi.

Sevara Nazarxon bilan hamkorlik qilib kelgan Toshkentlik bastakor Ali Niyozimbetov ham shunday fikrda:

- Ha, adolatdan bo‘lmadi lekin. Endi mening o‘ylashimcha, o‘zimizniki bo‘lsin degan maqsadda ular Sevarani chiqarib yubordi. Chunki Sevaraning katta kuchligini, katta ovoz qudratini ular ko‘rib turibdi. Agar ular bo‘pti, deb unga ovoz berganda, Sevara Nazarxon polniy nima qilib yuborardi. Sevara bilan juda yaxshi aloqadamiz. Juda ham talantli u qiz. Sevara Nazarxon Rossiya shou biznesida bizlarning tilimizda "katta voyna" qilib berardida. Sevara Nazarxon bo‘lib ketardi. O‘shanga yo‘l qo‘ymadi shekilli. Men shunaqa deb bildim.

Ozodlik: "Golos" loyihasining asosiy maqsadi yangi yulduzlarni kashf qilish. Lekin, Sevara Nazarxon shakllangan, professional artistku, eskidan yulduzku u?!

-To‘g‘ri, u O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist. Uni hammasi bilib o‘tiribdi. Men aytayapmanku, shunaqa deb bildimda. Agar "Za" berganida, Sevara Nazarxon juda "katta voyna" qilib berardida.

Ozodlik: O‘zbekistondagi tomoshabinlar qanchalik qiziqib tomosha qildi? Yoki bu faqat sizga o‘xshagan tor doiradagi bastakorlar guruhigagina qiziq bo‘ldimi?

- Yo‘q, bu hammaga ham qiziq bo‘ldi. Ko‘p joyda gaplashdik, muhokama qildik. Endi achindik, to‘g‘risi. Hammamiz shunaqa tushundikki, bu yerda bir natsionalniy vopros ketdi shekilli. O‘sha narsadan biz g‘alati bo‘lib qoldik.

Ozodlik: O‘zbek ashulachisi Sevara Nazarxonning oldin sho‘ro davridagi kabi faqat Moskvaga intilishiga qanday qaraysiz?

- Juda ham yaxshi qarayman. Sportsmenlar mana O‘zbekistonning dong‘ini ko‘tarayapti. Nimaga biz san‘atkorlar ko‘tara olmaymiz?

Ozodlik: Moskvadan boshqa Nyu York, Parij, London, degan katta shaharlar ham borku, Katta musiqa markazlari bor?

- Endi bilasizmi, Sevara o‘sha yerdagi xalqqa ko‘rindi. U yoqda prodyuserlar chiqadi, uni ko‘tarishga harakat qiladi baribir. Ular ham juda axmoq odam emas. Talantni ko‘rgandan keyin u odamning orqasidan pul ishlashni baribir yaxshi ko‘radi. Ularda shou biznes yaxshi rivojlangan.

Ozodlik: O‘tgan yil men Germaniyaga Ruslan Chagayevning boks musobqasiga borgandim. Chagayev yutqazdi, lekin bittasi “Ruslan yutqazib yutdi”, dedi. Yutqazib yutish iborasini Sevaraga nisbatan qo‘llash mumkinmi?

- Mumkin. Bu narsani men 100 foiz garantiyasi bilan aytaman, mumkin. Chunki u yoqda prodyuserlar ko‘p. Qiziqadigan prodyuserlari bor. Ular Sevarani qayerdandir baribir ro‘yobga chiqaradi.

Ozodlik: O‘zbekistonda “O‘zbeknavo”dan izn olgan 500ga yaqin pop ashulachi bor ekan. Sevara Nazarxonning ular orasidagi o‘rni qanaqa?

- Sevara Nazarxonning obro‘yi juda yaxshi. Juda ham hurmatga sazovor san‘atkor. Sevara Nazarxonning yutug‘i shundaki, u lyuboy yo‘nalishda – hohlang milliy, hohlang maqom, hohlang klassika, hoh estrada - u qizga Olloh har taraflama bergan. Tem boleye¸ Sevara Nazarxon dutorchilar ansamblidan chiqqan.

Ozodlik: Mansur Toshmatov bilan birgalikda “Sideris” guruhini tuzishgan.

- Mansur Toshmatov qilganlar bu guruhni. To‘rtta qizdan iborat bo‘lgan. Eng asosiy solisti Sevara Nazarxon edi. Qarangki, to‘rtta qizning orasidan bitta o‘zi chiqib kelayapti. Sevara Nazarxon bo‘ldi. Mana siz Pragadan turib¸ men esa Toshkentda¸ ikkalamiz Sevara Nazarxon haqida muhokama qilayapmiz. Bu yutuq degani emasmi?

Ozodlik: Demak, yutqazganidan hafa bo‘ldingiz, lekin yutdi, deb hisoblaysiz?

- Ha, men baribir Sevara Nazarxon tomondaman¸ deydi bastakor Ali Niyozimbetov Ozodlik bilan suhbatda.

Rossiya Birinchi telekanali o‘tkazgan “Golos” loyihasi shu paytgacha o‘tkazilgan musiqa musobaqalaridan farqlanadi.

"Golos" haqida


Ushbu loyiha hakamlari yuzlab nomzod ichidan eng loyiqlarini faqat eshitish yo‘li bilan tanlaydilar. Tanlov davomida hakamlar xonandalar yuzini ko‘rmasdan ovoz beradilar.

Tomoshabinlar tanlovi


Hakamlar g‘alviridan o‘tgan qo‘shiqchilargina jonli efir mobaynida tomoshabinlar tanloviga loyiq ko‘riladi.

Teletomoshabinlar qo‘l telefonlaridan SMS yuborib, loyihada ishtirok etgan eng kuchli ovoz sohibini aniqlashadi.

Sevara Nazarxon haqida


Sevara Nazarxon 1978 yili Andijonda tug‘ilgan.

Avvaliga G‘anijon Toshmatov rahbarligidagi "Dutorchi qizlar" ansamblida milliy musiqadan saboq olgan.

Keyinchalik Sevara Nazarxon G‘anijon Toshmatovning o‘g‘li Mansur Toshmatov tashkil qilgan “Sideris” pop-musiqa guruhiga o‘tgan.

“Sideris”da qaddini rostlagan Sevara Nazarxon sal o‘tmay bu guruhni tark etib, yakkaxon xonanda sifatida faoliyat boshladi.

Sevara Nazarxon britaniyalik musiqachi Piter Gabriyel bilan birgalikda kuylab, albom chiqargan.

2005 yilda BBC Music Awards tanlovida qatnashgan Sevara Nazarxon “Osiyoning yaxshi ijodkori”, degan nominatsiyada mukofot oldgan ei.
XS
SM
MD
LG