Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:51

O‘zbekiston Internet tezligi eng sust davlatlar qatorida


Internetni tadqiq qiluvchi Ookla shirkati O‘zbekistonni Internet tezligi eng sust va zaif bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shdi. Internet tezligi bo‘yicha O‘zbekiston MDHning boshqa mamlakatlaridan ancha ortda qolgan.


Keng tasmali aloqa va Internet tarmog‘ini tashhis etuvchi dasturlar bilan shug‘ullanuvchi Ookla shirkati dunyo davlatlaridagi Internet tezligiga oid so‘nggi statistik ma‘lumotlarni e‘lon qildi.

O‘zbekiston Internetdan ma‘lumotlar yuklab olish tezligi bo‘yicha 180 ta davlat ichida 166-o‘rinni (1,81 Mbs) egallagan.

Ro‘yxatdagi O‘zbekistonning o‘rni 2012 yil 10 dekabridan 2013 yil 8 yanvargacha bo‘lgan muddatda o‘tkazilgan test natijalar tahlili asosida aniqlangan.

Internet tezligini aniqllash uchun shirkat O‘zbekiston ichida joylashgan 48351 ta haqiqiy IP adreslar orqali jami 180638 ta test o‘tkazgan.

Internetdan ma‘lumotlar yuklab olish tezligi bo‘yicha ro‘yxatda Qozog‘iston 51 (10,94 Mbs), Qirg‘iziston 64 (7,79 Mbs), Tojikiston 78 (6,58 Mbs), O‘zbekiston 166-o‘ringa (1,74 Mbs) qo‘yilgan. Ro‘yxatda Turkmaniston yo‘q.


O‘zbekistonda Internet sustligi sabablari


O‘zbekiston Internet sustligi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlardan ancha ortda qolgani borasida mutaxassislar bir xil fikrda emas.

Ba‘zilar Internet sustligini hukumatning Internetni nazorat qilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytsa, boshqalar buni O‘zbekistonda kuchli serverlar yo‘qligi bilan izohlamoqda.

Ookla shirkati e‘lon qilgan ro‘yxatda O‘zbekistondan oldingi 165-o‘rinni Eron egallagan.

Ozodlik radiosi Eron xizmatining Internet bo‘yicha mutaxassisisi Fred Petrosyan Eronda Internet tezligi O‘zbekistondagi kabi sust ekanini ko‘pchilik hukumat Internet ustidan nazorat o‘rnatgani bilan izohlashini aytdi.

- Birinchidan, Internet tezligiga oid savolingizga Eron rasmiylari yoki hukumatidan hech qachon rasmiy javob ololmaysiz. Ikkinchidan, 2012 yilda Eronda Internet tezligi ancha sekinlashdi va Internet aloqasi bir necha marta uzilib qoldi.

Hukumat mamlakatda ro‘y berishi ehtimoli bo‘lgan noroziliklar haqida xorijga ma‘lumotlar chiqishining oldini olish maqsadida Internet ustidan kuchli nazorat o‘rnatgan, dedi Fred Petrosyan.

O‘zbekistondagi “Infokom” jurnali muxarriri Aleksandr Suchkov Ozodlik bilan suhbatda mamlakatda Internet sustligini Internet hukumat tomonidan nazorat etilishi bilan emas balki, O‘zbekistonda ma‘lumotlar saqlaydigan kuchli serverlar yo‘qligi bilan izohladi.

- Asosiy sababi biz Internetga ma‘lumotlar qo‘yishdan ko‘ra, ancha ko‘p ma‘lumot olamiz. Shuning uchun bizdagi 80 foizdan ko‘proq trafik xorijiy. Masalan, siz bilan suhbatimiz xorijiy davlat orqali amalga oshyapti. Bizning elektron pochtamiz bor. Ammo u xorijdagi serverda. Bir-birimizga elektron pochta orqali xat jo‘natsak ham xorijiy orqali jo‘natamiz.

Tezlik oshishi uchun O‘zbekistonda kuchli ma‘lumotlar markazi bo‘lishi kerak. Pochta yozishmalarini saqlaydigan, faol ishlaydigan kuchli serverlar bo‘lishi kerak. Bizda mahalliy trafik generatsiyasi juda kam. Bu rivojlanyapti, ammo talab darajasida emas, dedi Aleksandr Suchkov.

Ookla shirkati Internetdan ma‘lumot yuklab olish tezligi bo‘yicha e‘lon qilgan ro‘yxatda dastlabki uchta o‘rinni Hongkong, Singapur va Yaponiya egallagan.

Ro‘yxat ostidan Botsvana, Senegal va Jazoir o‘rin olgan.

BMT komissiyasi keng tasmali aloqa bo‘yicha 2012 yil sentyabrida e‘lon qilgan hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston aholining Internetga chiqa olish imkoniyati bilan ta‘minlanganligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda ikkinchi o‘rinda turadi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 10 millionga yaqin odam Internetdan foydalanadi.

Hisobotga ko‘ra, Qozog‘istonda aholining 45 foizi, O‘zbekistonda 30,2 foizi, Qirg‘izistonda 20 foiz, Tojikistonda 13 foiz, Turkmanistonda 5 foiz aholi Internetga chiqish imkoniyatiga ega.

Jahonning 177 mamlakatidagi Internetdan foydalanuvchilarga oid ma‘lumotlar keltirilgan BMT hisobotida shu kunda dunyodagi 2 milliard 260 million odam global tarmoqdan foydalanish imkoniyatiga ega ekani bildirilgan.
XS
SM
MD
LG