Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 00:09

Shvetsiya Oliy sudi TeliaSonera ishi bo‘yicha o‘zbeklarni tergov qilishga ruxsat berdi


Shvetsiya Oliy sudi mamlakat hukumatiga qarashli TeliaSonera mobil shirkati O‘zbekistonda pora bergani bilan bog‘liq ishning Shvetsiya huquq-tartibot idoralari tomonidan tergov qilinishiga ruxsat berdi. Shvetsiya prokuraturasi TeliaSonera O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirish uchun Gulnora Karimovaga yuzlab million AQSh dollari miqdorida pora berganiga oid iddaolarni tergov qilayotgan edi, lekin jinoyat mamlakat tashqarisida sodir etilgani va bu ishni Shvetsiyada tergov qilish bilan bog‘liq yurisdiktsiya masalasi noaniq qolayotgan edi. Shvetsiya Oliy sudining chorshanba kungi qarori bu masalani aniqlab berdi.


Shvetsiya Oliy sudi yashil chiroq berdi


Shvetsiya prokuraturasining TeliaSonera ishini tergov qilish huquqi tasdiqlandi.

Stokholm mintaqaviy sudi o‘tgan yil noyabrida TeliaSonera sodir etgani aytilayotgan pora berish holati mamlakat tashqarisida ro‘y bergani vajidan, mazkur ish mamlakat huquq-tartibot idoralari yurisdiktsiyasiga kirish-kirmasligini aniqlash masalasini Oliy sudga oshirgan edi.

Shvetsiya bosh prokuraturasining Korruptsiyaga qarshi kurash bo‘limi tergovchisi Band Barrigerning Ozodlikka aytishicha, Oliy sud qarori bilan TeliaSonera pora berish jinoyatini mamlakat tashqarisida sodir etgan bo‘lsa-da, Shvetsiya yurisdiktsiyasi doirasida tergov qilinishi qonuniy deb topilgan:

- Oliy sud mazkur ishning mintaqaviy sudda ko‘rib chiqilishiga ruxsat berdi. Ya‘ni oliy sud mazkur ish Shvetsiya yurisdiktsiyasiga kiradi, deya qaror qildi, deydi Oliy sudda Shvetsiya prokuraturasiga vakillik qilgan prokuror Barriger.

Uning aytishicha, sud qaroriga ko‘ra, mamlakat huquq-tartibot idoralari Shvetsiya tashqarisidagi shaxslarni ham mazkur jinoyat ishi doirasida javobgarlikka tortishi mumkin bo‘ladi:

- Biz tergovni davom ettirishimiz mumkin, jumladan Shvetsiya tashqarisidagi shaxslarni ham tergov qilishimiz mumkin bo‘ladi. Ya‘ni nafaqat pora berganlar, balki porani olganlarni ham javobgarlikka tortish vakolati berildi, deydi Band Barriger.

Shvetsiyada tergov qilinayotgan jinoyat ishida O‘zbekistonning uch fuqarosi Gayane Avakyan, Behzod Ahmedov va Alisher Ergashev pora olganlikda gumonlanayotgan shaxslar ekani ma‘lum. Gulnora Karimovaga yaqin ekani aytiladigan bu shaxslar Shveytsariyada ham pul yuvish va pora olish jinoyatlarida gumonlanmoqda.


Pora olgan o‘zbeklar ham javobgarlikka tortiladi


Shved prokurori mamlakat tashqarisidagi pora olganlar, deganda kim nazarda tutilayotganini aniqlashtirishni istamadi. Lekin Ozodlik muxbirining pora olganlikda gumon qilinayotgan Gayane Avakyan, Behzod Ahmedov va Alisher Ergashev Shvetsiya prokuraturasi tomonidan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinmi, degan savoliga “nazariy jihatdan, ha”, deb javob berdi:

- Nazariy jihatdan, ha ularni javobgarlikka tortish huquqimiz bor. Lekin hozir bu haqda gapirishning fursati emas. Biz uchun asosiy masala TeliaSonera ekanini aytishimiz lozim, deydi prokuror.

Band Barriger TeliaSonera shirkatidan pora olganlikda gumon qilinayotgan O‘zbekiston fuqarolarini qidiruvga berish istiqbollari haqida gapirishni istamadi.

Shved prokurorlari ochiqlagan imeyllarga ko‘ra TeliaSonera 2007 yilda Gulnora Karimova bilan kontakt o‘rnatishga uringan.
Shved prokurorlari ochiqlagan imeyllarga ko‘ra TeliaSonera 2007 yilda Gulnora Karimova bilan kontakt o‘rnatishga uringan.
Shvetsiya prokuraturasi shu oy boshida Oliy sudga TeliaSonera O‘zbekistonda ish boshlashdan avval O‘zbekiston prezidenti oilasi, xususan Gulnora Karimova bilan kontakt o‘rnatishga uringaniga ishora qiluvchi, shirkat ijrochi mulozimlari o‘rtasidagi imeyl yozishmalarni taqdim qildi.

Bu yozishmalarga ko‘ra, TeliaSonera bilan Gulnora Karimova nomidan o‘sha paytda raqib shirkat MTS bosh direktori bo‘lgan Behzod Ahmedov muzokara qilgan.

TeliaSonera ishini yaqindan o‘rganayotgan shvetsiyalik jurnalist, TT agentligi muxbiri Ola Vesterberg Shvetsiya Oliy sudining chorshanba kungi qarori mamlakat huquq-tartibot idoralariga, o‘zbekistonliklar tomonidan pora olishda vositachi sifatida ishlatilgan Takilant Ltd. firmasiga qarashli aktivlarni hibsga olish vakolatini ham beradi, deydi. Gulnora Karimova nazorat qilishi aytiladigan Takilantning 30 million AQSh dollariga teng mablag‘i Shvetsiyada allaqachon hibsga olingan.

- Bu ish va Takilant pullarini muzlatish masalasi Shvetsiyada ko‘rib chiqilishi mumkin, deb topildi. Endi prokuratura Stokholm mintaqaviy sudiga Takilantning boshqa aktivlarini, 2 milliard shved kronasigacha (taxminan 340 million AQSh dollari) pulini muzlatish masalasini oshiradi. Shvedlarning bu pullarga qo‘li yetsa, albatta. Lekin nazariy jihatdan ular Takilantning qo‘shni Shveytsariyadagi bank hisob raqamlaridan olishi mumkin. Bundan tashqari Takilant nazoratida UCell mobil kompaniyasining 6 foiz ulushi bor, o‘shani ham shved prokuraturasi hibsga olishi mumkin, deydi shved jurnalisti.

TeliaSonera 2007 yil iyul oyida O‘zbekistondagi Coscom uyali aloqa operatori ulushlarining 74 foizini qariyb yarim milliard AQSh dollariga sotib olgan edi. Keyinchalik Ucell deya nomi o‘zgartirilgan shirkatning 26 foiziga egalik qilgan Takilant Ltd. shirkati yana 20 foizlik ulushni 2010 yilda 320 million AQSh dollariga sotgan.

Shvetsiya prokuraturasi ochiqlagan imeyl yozishmalariga ko‘ra, Takilant Ucell shirkatining qolgan 6 foiz ulushini o‘tgan yilning aprelida 85 million AQSh dollariga sotishga uringan. Lekin o‘sha paytda Shvetsiyada Ucell mobil operatori O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatiga o‘z mijozlariga oid ma‘lumotlarni bergani bilan bog‘liq janjalning chiqishi ortidan bu amalga oshmay qoladi.

Katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga tegishli TeliaSonera shirkati O‘zbekiston telekommunikatsion bozoriga kirish uchun prezident Islom Karimovga yaqin shaxslar, xususan Gulnora Karimovaga 320 million dollar pora berganiga oid ayblovlar ilk bor o‘tgan yilning sentyabr oyida Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi namoyish qilgan “TeliaSonera – o‘zbek ishi” nomli hujjatli filmda ilgari surildi.

O‘tgan oyda shved jurnalistlari “TeliaSonera va Diktatorning qizi” nomli navbatdagi surishtiruv reportajini efirga berdi.
XS
SM
MD
LG