Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:43

Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan chegarasini yopib¸ tikanli sim tortmoqda


Qirg‘iziston parlamentining 17 yanvar kuni o‘tkazilgan yopiq yig‘ilishida deputatlar Botken viloyatidagi “Charbaq” chegara zastavasi va O‘zbekistonning So‘x anklavida yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qildilar. Deputatlar Qirg‘iziston parlamentining bu xususdagi qarorini asos sifatida qabul qilib, ko‘rib chiqishni boshladi.

15 banddan iborat bo‘lgan bu qarorda, ikki davlat o‘rtasidagi chegaralarda delimitatsiya va demarkatsiya ishlarini faollashtirish, anklav perimetlari bo‘yicha injener-to‘siq qurilmalari o‘rnatish masalasini hal qilish, xorijiy fuqarolarning Qirg‘iziston fuqarolari mulkiga yetkazgan zararini undirish kabi masalalar ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Qirg‘iziston parlamenti bu masala bo‘yicha 19 yanvar kuni qaror qabul qiladi.

Qirg‘iziston parlamenti o‘zbek-qirg‘iz chegarasida yuzaga kelgan mojaroni kun tartibiga qo‘yib¸ So‘xdagi vaziyat qirg‘iz nashrlari diqqat-markazida qolayotgan bo‘lsa, ayni paytda bu haqda O‘zbekiston parlamenti ham, mamlakat ommay axborot vositalari ham lom-mim demayotir.

Ayni paytda, O‘zbekiston So‘x voqeasida moddiy ziyon ko‘rgan qirg‘izistonliklarga 56 ming dollar tovon puli to‘lab berdi.

Qirg‘iziston hukumatining Botkendagi vakolatxonasi tarqatgan xabarda aytilishicha, tovon puli so‘xliklar tomonidan pachoqlangan qirg‘izistonliklarga tegishli 12 ta avtomashina uchun to‘langan. Tovon puli har bir mashina egasiga topshirilgan. Shundan so‘ng o‘zbek va qirg‘iz rasmiylari tovon puli to‘langani to‘g‘risidagi protokolni imzolagan.

O‘zbekistonning yana Qirg‘iziston elektr tarmog‘i va aholi uy-joylariga keltirilgan ziyon uchun yana taxminan 8000 dollarlik zararni qoplashi aytilmoqda.

So‘x janjali oqibatida zarar ko‘rgani aytilayotgan qirg‘izistonliklarga to‘lanadigan tovon puli mahalliy aholi va tadbirkorlardan yig‘ilayotgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Ayni paytda jabr ko‘rgan o‘zbekistonliklar uchun Qirg‘iziston tomoni qanday tovon to‘lashi haqida hech qanday xabar yo‘q. 5 yanvardagi So‘x janjalida besh nafar o‘zbekistonlik qirg‘izistonlik chegarachilar otgan o‘qdan yaralangan edi. Ulardan biri, biqinidan o‘q yegan Shakar Abdufattoyevning komadan chiqqani, biroq ahvoli hanuz og‘ir ekanligi aytiladi.

So‘x janjalidan so‘ng Qirg‘iziston tomoni chegaraga tikanli simlar tortishni boshladi. Qirg‘izistonning Botken viloyati rasmiysi Abdinazar Ergeshov payshanba kuni Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmati muxbiri bilan suhbat chog‘ida ishchilar So‘x bilan Botken o‘rtasidagi 136 kilometrlik chegaraning 10 kilometrlik qismiga tikanli sim tortila boshlaganini ma‘lum qildi.

17 yanvar kuni Qirg‘iziston tomoni O‘sh shahridan O‘zbekistonga o‘tadigan “Do‘stlik” chegara o‘tkazuv punktini yopib qo‘ydi. AKIpress axborot agentligining xabar berishicha, Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri Shamil Ataxanov bu holatga izoh berar ekan, bu harakatning “o‘zbek tomonining Qirg‘izistonga o‘tadigan yetti yo‘lni yopib qo‘yganiga javob” ekanligini aytgan.
XS
SM
MD
LG