Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:04

"Qirg‘iz tomoni so‘xliklarga atalgan gumanitar yordamni o‘tkazmadi"


So‘xga jo‘natish uchun Rishtonda tayyorlab qo‘yilgan yuk mashinalari.
So‘xga jo‘natish uchun Rishtonda tayyorlab qo‘yilgan yuk mashinalari.

Benzin, solyarka, oq yog‘...


Yuk to‘g‘risidagi xabarni Rishtondan Ozodlikka mahalliy inson huquqlari himoyachisi Bahodir Eliboyev yetkazdi.

U mashinalar turgan joydan mana bunday xabar qildi.

- Oltita benzovozda benzin, uchtasida solyarka, 18 metrlik furada oq yog‘
va shunga o‘xshash boshqa yuklar.

Ozodlik: Bu gumanitar yordammi yoki tovarmi?

- Bu gumanitar yordam. Haydovchilar aytdi, dedi Bahodir.

Eliboyev o‘zining Facebookdagi sahifasida So‘xga yo‘l olishni kutib turgan avtokarvon suratlarini ham e‘lon qildi.


“Ikki tomon kecha kelishib olgan edi...”


Farg‘onalik boshqa bir huquq himoyachisi Abdusalom Ergashev ham So‘x bo‘hronini kuzatib kelmoqda.

U so‘xliklarga mo‘ljallangan yuk to‘g‘risida mana bunday ma‘lumot berdi.


- Hokimiyatdagi ishonchli manbaga muvofiq kecha Qirg‘iziston va O‘zbekiston rasmiylari o‘rtasida rasmiy bir kelishuv bo‘lgan ekan. Qamalda qolayotgan So‘x va Shohimardon anklavidagi O‘zbekiston fuqarolariga oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyoj tovarlari ortilgan bir necha yuk mashinasini o‘tkazish to‘g‘risida. Kelishuv oxiriga yetgan ekan, lekin bugun mashinalar endi yo‘lga chiqayotgan paytda Qirg‘iziston tomoni aytilmagan sabablarga ko‘ra, kolonnalarni o‘tkazishni taqiqlabdi.

Ozodlik: Qaysi hokimiyat?

- Viloyat hokimiyati.

Ozodlik: Demak 21 yanvar kuni kelishilgan-a?

- Ha, ikkala tomon rasmiy kelishishgan.

Ozodlik: Jo‘natilayotgan yuklar gumanitar yordam ekanmi tovar ekanmi?

- Gumanitar yordamda endi. Oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyoj tovarlari, deyishdi.

Ozodlik: Men bitta so‘xlik bilan gaplashdim. U “Gumanitar yordam emas. So‘x matlubot savdo o‘zining tovarlarini olib kelmoqchi shunaqa qilib” dedida.

- Yo‘q, qamalda qolayotganlarga yordam dedi. Sotishga deyilgani yo‘q, deydi Abdusalom Ergashev.


Bishkek nima dedi?


Farg‘onalik huquq himoyachisi Abdusalom Ergashevdan olingan ma‘lumot ketidan Qirg‘iziston respublikasi Davlat chegara xizmatining matbuot xizmati bilan bog‘landik.

Xizmat boshlig‘i Gulmira Bo‘rubayeva savolimizga javob berishga tayyor emasligini, rahbariyat bilan maslahatlashgach, ma‘lumot berajagini va‘da qildi. Biroq hozircha Bo‘rubayeva xonim bilan qayta bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.


Temir yo‘l ustidagi chegaralar yopildi


O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlariga doir seshanba kuni tarqatilgan yana bir yangilik.

Qirg‘iziston respublikasi Davlat chegara xizmatining xabar qilishicha, 2013 yilning 21 yanvarida O‘zbekiston o‘zbek – qirg‘iz chegarasini kesib o‘tuvchi temir yo‘llardagi nazorat – o‘tkazish marralari: “Qizilqiya-temir yo‘l”, “Qorasuv-temir yo‘l”, “Jalolobod-temir yo‘l” va “Shamoldisoy-temir yo‘l” punktlarini bir tomonlama yopib qo‘ydi.

“O‘zbekiston tomonidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, “Qorasuv-temir yo‘l” nazorat-o‘tkazish punkti teplovozning nosozligi tufayli yopib qo‘yilgan. Qolgan punktlarning yopilish sababi to‘g‘risida O‘zbekiston tomoni ma‘lumot bermagan, deyiladi Qirg‘iziston respublikasi davlat chegara xizmati xabarnomasida.

O‘tgan haftada O‘zbekiston avtomobil yo‘llaridagi chegara punktlarini ham bir tomonlama yopib qo‘ygan edi
.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, chegara punktlarining yopilishi rasmiy Toshkentning Qirg‘iziston tomonidan So‘x yo‘llari to‘sib qo‘yilishiga javobdir.

O‘tgan haftada Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi vakili Janob Razzaqov Ozodlik savollariga javob berar ekan, “qirg‘iz tomoni muzokaralar o‘tkazish uchun o‘zbek tomonini bir necha bor uchrashuvga da‘vat qilgan, biroq o‘zbek tomoni hech qanday munosabat bildirmadi” degan edi.

Biroq ertasi kuni So‘x tumani hokimiyatining “Sadoi So‘x” gazetasi muxbiri Nigora Ne‘matova qirg‘iz hukumati vakilining bu gaplarini “bo‘htondan iborat”, dedi.


Nima bo‘lgan edi


5 yanvar kuni Qirg‘iziston chegarachilari ikki davlat o‘rtasida bahsli bo‘lib turgani aytilayotgan hududga simyog‘ochlar o‘rnata boshlaganiga O‘zbekistonga qarashli So‘x anklavidagi Hushyor qishlog‘i aholisi norozilik bildirgan edi.

6 yanvar kuni bu norozilik qirg‘iz chegarachilarini o‘q uzishga majbur qilgan va har ikki tomondan odamlar garovga olingan katta janjalga aylandi.

7 yanvar kuni janjalning keskin fazasi to‘xtatilgan.

O‘shandan beri So‘x anklavi qamal holatida. Qirg‘iziston rasmiylari ko‘rilgan moddiy zarar to‘lanmagunicha yo‘llarni ochmasligi to‘g‘risida bayonot bergan.
XS
SM
MD
LG