Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:33

Shohimardonlik ayol: Bir amallab yashayapmiz!


So‘x va Shohimardonga mo‘ljallangan insonparvarlik yordami ortilgan mashinalar.
So‘x va Shohimardonga mo‘ljallangan insonparvarlik yordami ortilgan mashinalar.
Uch haftadan ziyod qamalda qolayotgan Shohimardon aholisiga shu kunlarda gumanitar yordam tarqatila boshladi. Biroq tashqi dunyodan uzilib qolgan shohimardonliklar ijtimoiy muammolar girdobida yashamoqda.

O‘zbekistonning Qirg‘iziston hududidagi uchta ekslavidan biri bo‘lgan Shohimardonga borish uchun qo‘shni respublikaning 17 kilometrlik hududini bosib o‘tish lozim. 90 kvadrat kilometr maydonga ega Shohimardonda olti mingga yaqin aholi yashaydi.

So‘x eksklavida 5-6 yanvar kunlari mahalliy aholi va Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida mojaro chiqqanidan beri So‘x tumani va Shohimardonni mamlakatning qolgan qismi bilan bog‘lovchi yo‘llar to‘siq qolmoqda.

25 kun davomida qamalda yashayotgan shohimardonliklarning bugungi kundagi ahvolini bir oila misolida o‘rganishga harakat qildik.

Suhbatlashganimiz shohimardonlik ayol ismi oshkor qilinmasligini iltimos qilgani uchun, uni shartli ravishda Gulsum momo deb atadik.

Yoshi 50 dan oshgan Gulsum momo turmush o‘rtog‘i va bir nevarasi bilan yashaydi. Momoning aytishicha, Shohimardonga jo‘natilgan insonparvarlik yordamidan bir qismi uning oilasiga ham tekkan.

- Uch litr yog‘ berishdi. Un 10 kilo berishdi uch kishiga. 800 gramdan shakar va har bir xo‘jalikka bir donadan sovun oldik, deydi Gulsum momo.

26 yanvar kuni O‘zbekiston hukumati tomonidan So‘xga 31 ta, Shohimardonga esa 16 ta yuk mashinasida insonparvarlik yordami yetkazilgan.

Shohimardon qishloq fuqarolar yig‘inidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, aholiga yog‘, un, shakar va kir sovun tarqatilgan.

Shuningdek, gumanitar yordam bilan birgalikda benzin, piyoz va sabzi ham keltirilib, aholiga arzon narxda sotilgan.

Gulsum momoning aytishicha, Shohimardon ahli g‘amlab qo‘ygan oziq-ovqatining tagi ko‘rinib qolgan paytda gumanitar yordam ularga juda asqotgan.

Lekin suhbatdoshimiz, aholi ro‘zg‘orga zarur bo‘lgan ayrim narsalarning yetishmasligidan qiynalib yashashda davom etmoqda, deydi.

- O‘zimiz kartoshka ekamiz. Piyoz bilan sabzidan qiynalayotgan edik. Bu narsalarni yo‘l ochiq payti qoplab olib kelgandik. Tugab bo‘ldi. Yordamga kelgan sabzidan 3-4 kilo oldik. Go‘shtni endi odamlar qo‘y-molini so‘yib sotayapti. Endi ro‘zg‘orga ketadigan mayda-chuyda narsalar do‘konlarda tugab qoldi. Choy, qand, pechenьe, tuxum va shunga o‘xshagan narsalar mashinalar o‘ta olmayotganiga tugab ketdi. Yo‘limiz ochilsa, yana bo‘lib qolar deb o‘tiribmiz. O‘zimni ro‘zg‘orimda sovun tugagan edi. Kecha sovun berishdi, bugun kir yuvdim. Shakar tugagandi, shakar berishdi, shuni ishlatayapmiz. Endi ko‘mirimiz oz qoldi. Qish yana qancha bo‘lishini bilmaymiz. Shu o‘tin, ko‘mirdan qiynalamiz. Hozir ikki qop ko‘mirimiz qoldi. Bu ikki haftaga yetsa kerak,- deydi Gulsum momo.

Suhbatdoshimiz oziq-ovqat yetishmovchiligidan ham ko‘proq Farg‘onada o‘qiyotgan jiyanlari taqdiridan tashvish bildiradi.

Gulsum momoning ikki jiyani Farg‘onada o‘qiydi. Momoning aytishicha, Shohimardon qamalda qolganidan buyon jiyanlari uyiga kela olmayapti.

- Jiyanlarim Farg‘onaga ketishgani bo‘yicha kela olishmayapti. Endi ular iqtisodiy tomondan nima bo‘layapti deb tashvishdamiz. Jiyanlar har shanba-yakshanba kuni kelib, oziq-ovqat, pul olib ketishardi,- deydi Gulsum momo.

Shohimardon chegaralari yopilganidan buyon qishloqda bitta ham to‘y o‘tkazilmadi. Gulsum momoning Qo‘qonga uzatilishi niyat qilingan jiyanining ham to‘yi to‘xtatib qo‘yilgan.

- To‘yga oziq-ovqatni shahardan qilib kelardik. Hozir to‘y qilishga imkoniyat yo‘q. O‘zimning jiyanimni chiqarmoqchi edik. Yo‘l ochilishini kutib turibmiz. Uni Qo‘qonga uzatamiz. Shu yo‘l ochilsa, to‘yni boshlasak kerak,- deydi Gulsum momo.

Shohimardon qamalda qolganidan buyon qishloqda uch kishi olamdan o‘tgan. Qishloq ahli ularning marakalari uchun oziq-ovqat mahsulotlariga yordam berishgan. Shuningdek, Shohimardon qishloq fuqarolar yig‘ini oziq-ovqat zahirasidan ma‘raka o‘tkazayotgan oilalarga ko‘mak bergan.

Qishloq fuqarolar yig‘inidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, o‘tgan yili ham chegaralar yopilgani bois Shohimardon o‘n kun qamalda qolgan edi.

So‘x majorosidan so‘ng So‘x va Shohimardondan tashqari ayni paytda O‘zbekiston hududida joylashgan Qirg‘izistonning Barak qishlog‘i ham o‘zbek chegarachilari tomonidan to‘sib qo‘ilgan.

O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaradagi vaziyat borasida muzokara qilgan bo‘lsa-da Toshkent rahbariyati So‘x mojarosi va eksklavdagi vaziyat xususida hamon rasmiy munosbat bildirgani yo‘q.
XS
SM
MD
LG