Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 22:48

MTRK sayti hakerlar hujumiga uchradi


CLONE-SECURITY hakerlar guruhi hujum uchun ma‘suliyatni zimmasiga olib, bundan maqsad O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi xalqqa yolg‘on axborot tarqatayotganiga e‘tibor qaratish ekanini aytmoqda.

30 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:00 larda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining rasmiy sayti www.mtrk.uz hakerlar hujumiga uchradi.

Dastlab saytning bosh sahifasida "CLONE-SECURITY tomonidan hujum qilindi" degan yozuv paydo bo‘ldi. Oradan 20 daqiqa o‘tgach, sayt butunlay ishlamay qoldi.

O‘zini CLONE-SECURITY deb atayotgan hakerlar guruhining shaxsini oshkor qilishni istamagan a‘zosi Ozodlik bilan bog‘lanib, mtrk.uz saytiga qilingan kiber hujum uchun mas‘uliyatni guruh o‘z zimmasiga olishini ma‘lum qildi.

Hakerga ko‘ra, mtrk.uz saytiga “Antilag‘mon” siyosiy aktsiyasi nomi ostida joriy haftada ikkinchi bor hujum uyushtirilgan.

Ilk hujum 27 yanvar kuni soat 23:00 larda bo‘lganiini aytadi ismi oshkor qilinishini istamagan haker.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hujumlar “Milliy teleradiokompaniya xalqqa tarqatayotgan axborotlar yolg‘on axborotdir!” shiori ostida o‘tkazilgan.

“Milliy teleradiokompaniya ko‘rsatuvlaridan xalq qoniqmaydi. Masalan, MTS yopilishi bilan bog‘liq voqealar MTRK kanallarida umuman yoritilmadi. Bir kunda millionlab odam aloqasiz qoldi. Bu haqda umuman gapirilmadi. MTS haqida muntazam axborot berib kelgan olam.uz sayti esa bugungi kunda yomonotliq qilinayapti. Keyin O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi voqealar, So‘x mojarolari haqida ham umuman MTRKda gapirilmayapti. Keyin nodavlat telekanallarini ham o‘z nazoratida ushlab turadi. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin” deydi CLONE-SECURITY guruhi a‘zosi.

Haker so‘zlariga ko‘ra, "CLONE-SECURITY mtrk.uz saytini umuman ishdan chiqarish imkoniga ega bo‘lsa-da saytga jiddiy putur yetkazmagan".

“MTRKning yolg‘on axborot tarqatayotgani bizni shu ishga undadi. Maqsadimiz xalq haqiqatdan xabardor bo‘lsin. MTRK xalqqa haqqoniy axborotni uzatishini istaymiz”, deydi anonim qolishni istagan haker yigit.

CLONE-SECURITY guruhi a‘zosiga ko‘ra, O‘zbekiston qonunlarida kiber hujum jinoyat hisoblanganini bilgan holda bu ishni amalga oshirishgan.

“Haqiqat yo‘lida bu ishga qo‘l urdik”, deydi haker yigit.

O‘tgan yilning iyul oyida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Tibbiyot portaliga uyushtirilgan hujum uchun ham mas‘uliyatni CLONE-SECURITY hakerlar guruhi o‘z zimmasiga olgan edi.

Guruh o‘sha paytda ayni hujum O‘zbekiston hukumatining aëllarni sterilizatsiya qilish siësatiga norozilik sifatida amalga oshirilganini ta‘kidlagan edi.

Hukumat saytlarini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan o‘zbekistonlik xakerlar saytlarning bosh sahifasiga “Bizning onalarimizni sterilizatsiya qilmanglar!” degan yozuvni joylashtirgan va bu talab ostiga "CLONE-SECURITY” deya imzo qo‘ygan edi.

CLONE-SECURITY guruhi saytlarga qilinayotgan ushbu hujumlarni O‘zbekiston ichkarisida turib amalga oshirayotganini ta‘kidlab kelmoqda.

Ushbu material chop qilingan paytda, Toshkent vaqti bilan soat 18:45 da ham www.mtrk.uz sayti ishlamayotgan edi.
XS
SM
MD
LG