Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:37

O‘zbekiston yana matbuoti bo‘g‘ilgan davlatlar qatorida


O‘zbekiston matbuot erkinligi mutlaq bo‘g‘ilgan davlatlar qatorida qoldi. Markazi Parijda joylashgan Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti 2013 yil uchun e‘lon qilgan “Matbuot erkinligi indeksi”ga ko‘ra, O‘zbekistonda matbuot o‘tgan yilgiga nisbatan yanada bo‘g‘ilgan.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti chorshanba kuni ochiqlagan “Matbuot erkinligi indeksi”da O‘zbekiston 179 mamlakat orasida 164-o‘rinni egallagan. O‘tgan yilgi hisobotda O‘zbekiston 157 o‘ringa qo‘yilgani hisobga olinsa, bu yetti pog‘ona pastroqdir va hukumat matbuot ustidan nazoratni kuchaytirganini anglatadi.

“O‘zbekistonda vaziyat o‘zgargani yo‘q. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning mustabid diktatorlik rejimi Internet ustidan nazoratni yanada kuchaytirdi, matbuotni bo‘g‘ishda davom etdi va o‘nlab jurnalistni ayanchli sharoitda qamoqda ushlab turdi”, deya ta‘kidlanadi Chegara bilmas muxbirlar hisobotida.

Tashkilotning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Yoxann Bir, Ozodlik bilan suhbatda, O‘zbekistonning bu yilgi reytingda 7 pog‘ona pastga tushib ketishi, aslida “diktator Islom Karimov” boshchiligidagi rejim “loyiq bo‘lgan” joyga qaytganini anglatadi, deydi.

- O‘tgan yili O‘zbekiston 157-o‘ringa qo‘yilgan edi. Aslida bu O‘zbekistonda matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangani bois emasdi. Dunyoning turli mintaqalarida keyingi 2 yil davomida kuzatilayotgan isyonlar tufayli matbuotga nisbatan bosimlar kuchaygani bois ba‘zi mamlakatlarning reytingi pasaygan edi va natijada O‘zbekiston sun‘yi tarzda, bir nechta pog‘onaga ko‘tarilib qolgan edi. Bu yil esa, O‘zbekiston yana o‘zi loyiq bo‘lgan joyiga qaytdi. Shuning uchun O‘zbekistonning o‘tgan yilgi reytingini aslida bu mamlakat uchun g‘ayrioddiy, bu yilgisini esa odatiy, deb atasa bo‘ladi,- deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti vakili.

Matbuot erkinligi indeksi odatdagidek ikki asosiy omilga ko‘ra tuzilgan. Birinchisi, matbuotning umumiy manzarasi, senzura darajasi va hukumatning matbuot ustidan o‘rnatgan nazorati ko‘lami bo‘lsa, ikkinchisi, muayan vaqt davomida matbuotga nisbatan tazyiq va ta‘qiblar ko‘lamidir.

Ayni paytda, deb davom etadi Yoxann Bir, O‘zbekistonning reyting tubida qolib kelayotgani bu mamlakatda mustaqil jurnalistlar yo‘qligini anglatmaydi.

- Repressiyalar davom etayotgani va hukumat matbuotni bo‘g‘ish ko‘lamini oshirayotgani jurnalistlar erkinlik uchun kurashmayapti, degani emas. Aksincha, mamlakatda qolayotgan sanoqli jurnalistlar mustaqil tarzda axborot yig‘ish, voqealarni xolis yoritish harakatlarini davom ettirmoqda. Ular, albatta, erkin faoliyat olib bora olmaydi va Fergana.ru, Ozodlik o‘zbek xizmati kabi xorijdagi matbuot vositalari bilan hamkorlik qilishga majbur. Lekin bu juda muhimdir, ularning harakatlari taqsinga sazovordir va buni doimo yodda tutishimiz kerak.

O‘zbekistonda keyingi bir yil davomida Internet ustidan nazoratning kuchaytirilishi, mahalliy matbuot mamalakatda ro‘y berayotgan voqealarni yorita olmagani, xalqaro jurnalistlarning mamlakatga kiritlmagani ko‘zga tashlandi.

2012 yil boshida Bi-Bi-Si muxbiri Natalya Antelava va Rossiyada chiqadigan “Novaya gazeta” muxbiri Viktoriya Ivleva O‘zbekistonga kiritlmadi.

O‘zbekiston hukumati mustaqil, rasmiy ko‘z-qarashlardan farq qiluvchi xabarlarni berib boradigan Internet saytlariga to‘siq qo‘yishda davom etdi.

Bundan tashqari 2012 yil davomida, O‘zbekiston hukumati “Oriat Dono” ko‘ngilochar radio rahbari Alisher Xoldorov Rossiyaning “Golos Rossii” radiosi bilan hamkorlik qilganlikda ayblanib, 6,5 yilga qamaldi.

Xorazm viloyat televideniyesi raxbari, 36 yashar jurnalist Botir Sultonov poraxo‘rlik va besoqolbozlikda ayblanib, qamoqqa olindi.

Jurnalistlarning yaqinlari bu ayblovlar ularning faoliyati bilan bog‘liqligini aytishmoqda.

Shuningdek, Solijon Abdurahmonov, Dimurod Said, Xayrulla Hamidov, Muhammad Bekjonov, Yusuf Ro‘zimurodov va boshqa jurnalistlar hamon O‘zbekiston qamoqlarida qolmoqda.

2013 yilgi “Matbuot erkinligi indeksi”da O‘zbekistondan tashqari ro‘yxat tubidan o‘rin olgan mamlakatlar orasida Sudan, Shimoliy Koreya, Turkmaniston, Eron, Eritreya kabi mamlakatlar bor.

Mintaqa davlatlaridan Qirg‘iziston 106, Tojikiston 123, Qozog‘iston 160 va Turkmaniston 177-o‘rinlarga qo‘yilgan.

Matbuot eng erkin bo‘lgan mamlakatlar qatorida Finlyandiya, Hollandiya, Norvegiya, Lyuksemburg kabi mamlakatlarni ko‘rish mumkin.

Qo‘shma Shtatlar o‘tgan yilgi 47-o‘rindan 32-o‘ringa ko‘tarilgan.
XS
SM
MD
LG