Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:58

Xorijdan nima olib kirish mumkin?


O‘zbekistonga qiymati 1000 AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish mumkin.
O‘zbekistonga qiymati 1000 AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish mumkin.
OzodJavobning navbatdagi sonida chet eldan O‘zbekistonga boj to‘lovisiz tovar olib kirish tartib-qoidalari borasida suhbatlashamiz.

Londonda o‘qiyotgan jizzaxlik Jasur ismli talaba yigit xorijdan O‘zbekistonga qanday tovarlarni boj to‘lovisiz olib kirish mumkinligi bilan qiziqdi.

“Men bu yil o‘qishimni tugatib, O‘zbekistonga qaytaman. iPhone telefonim bor. iPhad olganman. Eski Noutbuk ham bor. Bularni o‘zim bilan olib ketmoqchiman. Keyin akamga Samsung Galaxy sovg‘a qilmoqchi edim. Singlim ham iPhad zakaz qildi. Keyin onam bilan otamga ham sovg‘alar olmoqchiman. Lekin Toshkentda bojxonachilar buncha narsani o‘tkazmaydi deyishayapti. Iltimos, O‘zbekistonga chet eldan nima va qancha miqdorda olib kirish mumkinligini o‘rganib bersangiz” , deya email maktub yo‘lladi Londondan Jasur.

O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘onistondan faqat 10 AQSh dollari qiymatidagi iste‘mol mollarini mamlakat hududiga boj to‘lovisiz olib kirishga ruxsat qilinadi.

Dunyoning boshqa davlatlardan esa qiymati 1000 AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlar uchun bojxona to‘lovlari to‘lanmaydi.

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining ismini oshkor qilamyotganimiz mutaxasisiga ko‘ra, bojxona va soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan mahsulotlarni faqat cheklangan miqdorda olib kirish mumkin.

“Pivo, alkogolli va alkogolsiz ichimliklar, sharbatlar – 2 litrdan, tamaki mahsulotlari – 10 qutigacha, zargarlik buyumlari – 5 dona, ko‘pi bilan 30 grammgacha, qandolat mahsulotlari – 5 kilogrammgacha, qandil – ko‘pi bilan 2 donaga ruxsat etiladi. Jismoniy shaxslarning boj to‘lovisiz mamlakatga olib kirishi mumkin bo‘lgan tovarlar ro‘yxatiga, 0,5 kilogramm ikra, 5 kilogram shokolad, 5 kilogram kir yuvish vositalari, 15 kvadrat metr hajmdagi gilam, 5 kilogram meva-cheva, 40 litr benzin ham kiradi. Shuningdek, xorijdan uch xil turdagi kiyim-kechakni faqat bitta donadan bojsiz olib kirish mumkin. Bu kabi yana bir qancha turdagi narsalar to‘lovsiz olib kiriladi” dedi bojxona mutaxasisi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, xorijdan noutbuk, kompyuter va televizor kabi elektronik texnikani faqat bir donadan boj to‘lovisiz olib kirish mumkin.

Bojxona mutaxasisiga ko‘ra, xorijdan mobil telefon olib kirish biroz murakkabroq.

“Agar fuqaroning yonida o‘zi ishlatayotgan mobil telefonidan boshqa yana bitta telefon bo‘lsa, bojxona tekshiruvidan o‘tayotganida Elektromagnit moslashuv markazidan ruxsatnoma talab qilinadi. Shu ruxsatnoma bo‘lsa, o‘zinikidan tashqari yana bitta mobil telefonini boj to‘lovisiz olib kirishga ruxsat etiladi” dedi mutaxasis.

Toshkent shahridagi Elektromagnit moslashuv markazining ismini oshkor qilmayotganimiz mutaxasisiga ko‘ra, mobil telefonlari radio-elektron vositalari ro‘yxatiga kiritilgani bois, ularni mamlakatga olib kirish uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinadi.

- Sotoviy telefonlar katta partiyada kontrabanda yo‘li bilan kirib ketmasligi uchun qilingan bu. Bitta dona olib kelsa, ruxsat talab qilinmaydi. Shaxsiy foydalanishga deb. Bittadan oshib ketsa, buni endi hech qayerda keltirib bo‘lmaydi bu sovg‘aga, bu sotuvga deb, ikkita va undan ortig‘iga bizlarda olib kirish uchun ruxsatnoma rasmiylashtiradi. Bizlarga murojaat qiladi. O‘zbekistonga kirib kelgach, aeroportda tamojenniy organ bor o‘sha yerda deklaratsiya to‘ldirtiriladi. Osmotr qilganda akt izyatiye oladi tamojenniy organ. Undan keyin akt izyatiye bilan bizlarga keladi. O‘sha akt izyatiye bilan bitta ariza tashlab ketadi. "O‘zbekiston Respublikasi hududiga men tomondan xarid qilingan... shu proizvolniy tekstni yozib beradi. Pasport kopiyasini beradi. Akt izyatiye o‘shaning nusxasini taqdim qiladi. Buning bitta siz yutqazadigan tomoningiz, biz uch kun ko‘rib chiqamiz. To‘laydigan pulingiz 1518 so‘m, deydi Elektron moslashuv markazi mutaxasisi.

Xorijdan olib kelinayotgan tovarlarni albatta “T-6 shaklidagi bojxona deklaratsiyasi”da ko‘rsatish va rasmiylashtirish shart hisoblanadi.

Bojxona mutaxasisiga ko‘ra, deklaratsiya 2 nusxada to‘ldiriladi. Deklaratsiyaning bir nusxasi bojxona xodimlarida qoladi, ikkinchi nusxasi deklaratsiyani to‘ldirgan shaxsga beriladi va unda ko‘rsatilgan tovarlar va predmetlarni olib kirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qonunga ko‘ra, deklaratsiya yo‘qolgan taqdirda qayta tiklanmaydi va uning egasi unda ko‘rsatilgan tovarlar va predmetlarni to‘siqsiz olib o‘tish huquqini yo‘qotadi.

O‘zbekistonga boj to‘lovisiz olib kiriladigan tovarlarning to‘liq ro‘yxati Lex.uz saytida e‘lon qilingan. Fuqarolar bu turdagi tovarlarni jami 1000 dollardan ko‘p bo‘lmagan qiymatda olib kirishiga ruxsat etiladi.

Bojxona mutaxasisiga ko‘ra, fuqarolar 1000 dollardan ortiqcha qiymatda olib kelingan tovarlari uchun bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirib va bojxona to‘lovlarini to‘lab, O‘zbekistonga olib kirishlari mumkin.

Amaldagi qonunchilikka asosan O‘zbekistonga tovarlarni olib kirishda quyidagi bojxona to‘lovlari undiriladi:

1) Bojxona qiymatidan kelib chiqib 0,2% miqdorida bojxona yig‘imi;

2) Import boji;

3) Aktsiz solig‘i;

4) 20% miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i;


5) Jismoniy shaxslar tomonidan uchinchi davlatda ishlab chiqarilib, qo‘shni davlatlardan olib kiriladigan tovarlar uchun 20% miqdorida bojxona yig‘imi.

6) Musiqa asboblari va ularning qismlarini mamlakatga olib kirishda ushbu tovarlarning bojxona qiymatining 10 % miqdorida import boji to‘lanadi.

O‘zbekistonga olib kirish taqiqlangan narsalar:

O‘zbekistonga qurol-yarog‘, narkotik moddalar, pornografik materiallar olib kirish taqiqlanadi.

"Qizil kitob"ga kiritilgan hayvon va o‘simliklarni O‘zbekiston tabiatni muhofoza qilish qo‘mitasi ruxsatisiz, tibbiy dori-dorman va tibbiy uskunalarni O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi ruxsatisiz, radio-elektron vositalarini O‘zbekiston aloqa vazirligining Elektron moslashuv markazi ruxsatisiz, o‘simlik va chorvachilik mahsulotlaridan tayyorlangan mahsulotlarni Sanitariya- epidemiologiya xizmatlari ruxsatisiz olib kirish taqiqlanadi.

Shuningdek, mamlakat qonunlarida hukumat va jamoatchilikka xavf tug‘diruvchi, terrorizm, zo‘ravonlik, urushni targ‘ib qiluvchi, milliy va diniy adovat ruhidagi materiallarni O‘zbekiston hududiga olib kirish ham qat‘iy taqiqlanadi.

Aziz mushtariy¸ agar sizning bugungi savolga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz - OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni Skype orqali OzodSkype yoki ErkinMikrofon manzillariga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 221 123 381 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG