Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:15

Rim papasi Benedikt XVI iste‘foga ketadi


Rim papasi Benedikt XVI
Rim papasi Benedikt XVI
Vatikan rahbariyati Rim papasi Benedikt XVI 28 fevraldan iste‘foga ketishini ma‘lum qildi. G‘arb axborot vositalari berayotgan xabarlarga ko‘ra, Benedikt XVI Kardinallar kengashiga "yoshi keksaygani uchun" iste‘fo berishga qaror qilganini bildirgan.

Vatikan rahbariyati Rim papasi Benedikt XVI fevral oyi oxiridan iste‘foga ketishini ma‘lum qilar ekan, hozircha iste‘fo sabablarini ochiqlamadi.

Papaning matbuot xizmatiga ko‘ra, Benedikt XVI "yoshi keksaygani uchun" iste‘fo berishga qaror qilganini bildirgan.

Shu yilning aprel oyida 86 yoshga to‘ladigan Benedikt XVIning dushanba kuni ertalab Vatikanga yig‘ilgan kardinallar majlisida bergan bu bayonoti aksar axborot vositalari tomonidan favqulodda kutilmagan, deya baholanmoqda.

"Xudo oldida vijdonimni qayta va qayta so‘roqqa tutar ekanman, yoshim keksaygani bois bundan buyon mening kuch-quvvatim Rim papasiga yuklatilgan vazifani bajarishga muvofiq emasligiga qat‘iy ishonch hosil qildim", deya papaning so‘zlaridan iqtibos keltiradi bu haqda birinchilardan bo‘lib xabar qilgan Theage.com.au axborot sayti.

Rim Papasi o'rniga da'vogarlik qilayotgan kardinallar.
Rim Papasi o'rniga da'vogarlik qilayotgan kardinallar.


Ushbu sayt xabariga ko‘ra, Benedikt XVIning o‘zi qarorini "cherkov hayoti uchun juda muhim qaror", deya baholagan.

Benedikt XVI bunga qadar 2010 yilda ham vazifani bajarishga qodir emasligini his qilgudek bo‘lsa, iste‘fo berajagiga ishora qilgan edi.

CNN telekanali keyingi paytlarda Benedikt XVIning sog‘ligi ancha og‘irlashgani va vazifasi taqozo qilgan marosimlarda ishtirok etishga juda qiynalib qolganini xabar qilmoqda.

Benedikt XVI Vatikanning 600 yillik tarixida iste‘fo bergan ilk papa bo‘lmoqda.

Shuningdek, u besoqolbozlik hamda bir jinsli nikoh keskin qoralangan bayonotlari ortidan katta shov-shuv va noroziliklarga sabab bo‘lgan papa sifatida ham tarixda nom qoldirmoqda.

Bunga qadar iste‘fo bergan papa Gregoriy XII bo‘lgan va u 1415 yilda iste‘fo bergan.

Hozircha Benedikt XVIning o‘rniga kim tayinlanishi haqida biror ma‘lumot yo‘q.

Ammo, uning kutilmagan qarori bois Vatikan, odatan papaning vafoti paytida qo‘llanadigan tartibga muvofiq mart oyining o‘rtalariga qadar Kardinallar kengashining yashirin saylovi orqali keyingi papani aniqlab olishi lozim.

86 yashar Benedikt XVI 2005 yilda - papa Jon Paul IIning vafotidan so‘ng Rim papasi etib saylangan edi.
XS
SM
MD
LG