Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:25

O‘zbek militsiyasi bilan san-manga borgan qo‘shiqchi


Xonanda Abdulla Qurbonov.
Xonanda Abdulla Qurbonov.
Toshkentda b ir kechada 10 ta to‘yda xizmat qila olgani uchun “birrov qiroli”, deb nom qozongan xonanda Abdulla Qurbonovning o‘zbek militsionerlarini “poraxo‘r”, deya so‘kkani aks etgan videotasvir internet va qo‘l telefonlarida tarqatilmoqda.

Internetdagi Youtube.com portaliga 17 fevral kuni yuklangan videotasvirda Toshkentdagi militsiya bo‘limlaridan birida qo‘li o‘rindiqqa kishanlangan qo‘shiqchi Abdulla Qurbonov militsionerlarni poraxo‘rlikda ayblagani va bo‘ralab so‘kkani aks etgan.

O‘zbek qo‘shiqchisining militsiya zobitlariga faol qarshilik ko‘rsatgani ba‘zi internet mushtariylari simpatiyasiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Ayni paytda qo‘shiqchining ayrim muxlislari Ozodlik bilan suhbatda uning odob doirasidan chiqqanidan tashvish ham bildirishdi.

Biz bu tasvir ortidan xonanda Abdulla Qurbonovning o‘zi bilan bog‘lanib, uning munosabatini so‘radik.

- Ular meni hech bir sababsiz kishanlab onamni so‘kishdi. Men ham militsionerlarning onasini so‘kdim. O‘g‘il bola bo‘lib tug‘ilganman. Jonimga tegishdi va tegishli javobini olishdi. Bunaqa holat har bir insonda bo‘lishi mumkin. Boshimdan ko‘p narsa o‘tdi. Ko‘p tuhmatlar qilishdi. O‘shanda faqat siz sabr bilan, shukr bilan g‘olib chiqarkansiz. Nega? Haqiqat bo‘lsa, haq bo‘lsangiz egishadi, bukishadi, baribir sindirisholmaydi¸ deydi qo‘shiqchi Abdulla Qurbonov Ozodlik bilan suhbatda.

Qo‘shiqchiga ko‘ra¸ xozir qo‘l telefonlari va internetda tarqatilayotgan bu videotasvir o‘tgan yil oxirida Toshkentdagi militsiya bo‘limlaridan birida uning iznisiz suratga olib, tarqatilgan.

Qo‘shiqchining hibsga olinishi aks etgan tasvirni tomosha qilgan chexiyalik huquqshunos Daniyela Vrbovaga ko‘ra, tasvirdagi holat O‘zbekistonda mavjud qonunlar¸ xususan Xabias korpusi talablariga zid tarzda olib borilgan va mahbusdan ruxsat so‘ramasdan tasvirga olib tarqatilgan.

Vrbovaga ko‘ra, bu holatda ashulachi militsiya xodimlari tarafidan ataylab obro‘sizlantirilgan, deyishga asos bor.

Qo‘shiqchi Abdulla Qurbonovning o‘zi esa bu voqayega qo‘l siltaganini aytdi.

- O‘zi men militsiyadan yordam so‘rab borsam qo‘pollik qilib, meni kishanlab qo‘yishdi. El tanigan odamga bular shunday munosabat qilishsa, endi oddiy odamga qanaqa munosabat qilishlarini tasavvur qilavering! Mayli, o‘tgan ish o‘tdi¸ deydi suhbatdosh.

"O‘zim aytgan qo‘shiq misralarini boshimga ish tushganida anglab yetdim"¸ degan hofiz mana bu misralarni hirgoyi qildi:

Boshinga tushganda kulfatu tashvish,
Hatto, suygan yoring tashlab ketarmush.
Do‘stingman, deb yurgan ba‘zi marazlar¸
Ortingdan tarqatsa, turli mish-mish.
Sen uchun yig‘lagan mayusu homush
O‘sha kampir onang bilan otang bo‘larmish.


San‘atkor odobi


Internetdagi Youtube.com portaliga qo‘yilgan tasvirda Abdulla Qurbonovning odob doirasidan chiqqan holda militsiya xodimlarini so‘kkani aks etgan.

San‘atkor jamiyatda o‘z odobi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak emasmi?

Ozodlikning bu savoliga javob bergan Abdulla Qurbonov o‘zining quyushqondan chiqqanini tan oldi.

- Yoshligimizda sho‘x bo‘lganmiz, maishat qilganmiz. Ammo vaqt o‘tib, o‘zingiz qilayotgan ishlaringizning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini tarozi pallasida o‘lchab ko‘rarkansiz. Bilasizmi, ayrimlar meni "giyohvand”, derkan. Astag‘firullo, hayotimda qilmaganman bu ishni. Avtohalokatga uchraganimda ham rosa mish-mishlar bolaladi. Shukrki, xudojo‘yman. Meni duo qilib turgan ortimdan qancha odamlarim bor. Qanchadan-qancha nogiron, mehribonlik uylarida yetim-esir bolalarim bor. Ular meni dada deydi, aka deydi. Mana hozir ham yetimxonaga borib, ularni holidan habar olib kelyapman. Yetimlar duosi bois omon yuribmiz¸ deydi san‘atkor.


Kuyovto‘ra Abdulla


Abdullla Qurbonov 37 yoshda. Bir qiz uch o‘g‘ilning otasi. 1987 yilda "Anori donayu dona” qo‘shig‘ini aytib taniqli qo‘shiqchi Farrux Zokirovning nazariga tushgan.

Ana shundan keyin 1990 yilda Farrux Zokirov unga atab “Kuyovto‘ra Abdulla” nomli qo‘shiqni ijro qilganidan keyin Abdulla Qurbonovning piligi ko‘tarilib, san‘at olamida tanilgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasida ishlayotgan qo‘shiqchi bor yo‘g‘i uch sinfni bitirgani¸ boshqa o‘qimaganini aytdi.

- Olloh yuqtirgan ashulachiman. O‘z vaqtida o‘qimagan bo‘lsam ham, ustozlardan o‘rganganman. Muhriddin Holiqov, Farrux Zokirovlarni ustoz, deb bilaman. Ulardan ko‘p narsani o‘rganganman¸ deydi suhbatdosh.

Suhbat so‘nggida Abdulla Qurbonov Ozodlik tinglovchilari uchun qo‘shiqlaridan birini xirgoyi qilib berdi.

O‘zbekiston qo‘shiqqa kon diyorsan,
Ta‘rif tasnifi yo‘qdir, bag‘ri bahorsan.
Mehnatkashu halol sohibi korsan,
Men kuylamay kim kuylasin baxtingdan,
Alloh taolloh qayta bergan taxtingdan.

Abdulla Qurbonov bilan suhbatni to‘la tarzda quyida tinglash mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:09 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG