Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:11

Farg‘onada 15 ayol diniy ekstremizmda ayblanib qamoqqa olindi


Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga tayanib, ma‘lumot tarqatgan 12.uz nashriga ko‘ra¸ bu ayollar “Hizb ut-Tahrir” va “Turkiston Islomiy harakati” faollari sifatida qamoqda jazo o‘tayotgan mahkumlarning yaqinlaridir.

Ayni nashrda yozilishicha¸ 30 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan bu ayollar¸ diniy ekstremizm¸ O‘zbekistonda konstitutsion tuzumga tajovuz qilish¸ noqonuniy diniy tadbirlar tashkil qilish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Bu ayollarning qachon hibsga olingani haqida nashr ma‘lumot bermagan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot vakili va Farg‘ona viloyat ichki ishlar vazirligi mulozimlari Ozodlikka ayollarning xibsga olinishi yuzasidan izoh berishmadi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot vakili “tergov siri” deb atalgan protsedura bois hali sud hukmi chiqmagan mahbuslar borasidagi har qanday axborot matbuotga chiqarmasligini bildirdi.

O‘zini Gulchehra opa deb tanishtirgan farg‘onalik ayolning eri ham diniy ekstremizmda ayblanib, o‘n yildan beri qamoqda jazo o‘tamoqda.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Gulchexra opa o‘tgan hafta bir guruh ayollarning hibsga olinganini tasdiqladi.

- Ular qamoqdagi erlarini ko‘rishga borganda bir birlari bilan tanishib qolishgan¸ keyin har hafta bir birlarinikida ziyofat tashkil qilishgan. Ana shu ziyofatlardan keyin ular qamoqqa olingan,- deydi suhbatdosh.

12.uz nashrida e‘lon qilingan maqolada Unigulsin Holiqnazarova boshchiligidagi 15 nafar ayol har hafta yig‘ilib Arab dunyosi va Afg‘onistondagi kabi voqealarni O‘zbekistonga tadbiq etish istiqbollarini muhokama qilishgani aytildi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga tayanib, ma‘lumot tarqatgan 12.uz nashriga ko‘ra, bu ayollar Qirg‘iziston orqali “Hizb ut-Tahrir” tashkilotidan pul olib turishgan.

Farg‘onadagi qama-qamalar haqida ma‘lumotga ega bo‘lgan “Memorial” inson huquqlari tashkilot faoli Mo‘‘tabar Ahmedovaning Ozodlikka aytishicha, bu ayollar eng kamida 6 yildan qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

- 159 qo‘yadi albatta. Juda kam bersa, olti yarim yil. Agar porasini berib kechirim so‘rashsa, uch yarim yil olishi mumkin¸- deydi suhbatdosh.


159 bolalari soni yana ko‘payadi


Farg‘onada qo‘lga olingan ayollarning erlari qamoqda ekani bildirildi.

30 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan bu ayollarning har biri to‘rt-besh farzand onasi, deydi farg‘onalik Gulchehra opa.

- Ota mehrisiz ulg‘aygan bu bolalar endi onadan ham uzoqlashadi¸- deydi suhbatdosh.

“Memorial” inson huquqlari tashkiloti faoli Mo‘‘tabar Ahmedovaga ko‘ra¸ bu bolalarning taqdiri boshqa yuzlab shunga o‘xshash oilalar taqdiriga uyqash bo‘ladi.

- Bolalar qolaveradi. Buvisining yo amakisining qo‘lida. yoki kattarog‘i bo‘lsa, kichiklarga qarab eplashtirib o‘tiradi¸- deydi "Memorial" faoli.

Toshkentlik Jamila opa 60 yoshda. Jamila opa Qorovulbozor qamog‘ida 12 yildan beri 159-modda bilan jazo o‘tayotgan o‘g‘li Umidjon Hojimurotovning farzandlarini katta qilmoqda:

- Nevaralarni men katta qilyapman. Otam qamoqda deb o‘ksimasin deya qo‘limdan kelganini qildim. O‘qishlari yaxshi nevaralarimni. Xudo xohlasa kattasi bu yil oliy o‘quv yurtiga topshiradi. Yanvarda borib qamoqdagi otasini ko‘rib kelishibdi. Endi nimasini aytay, o‘g‘lim Umidjonni namozxonsan deb, 7 yilga kesishuvdi. Qamoq muddati tugay deganda yana 7 yil qo‘shib berishdi¸- deydi mahbusning onasi.

Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonda 11 mingga yaqin e‘tiqod mahbusi mavjud.

E‘tiqodi uchun qamalgan siyosiy mahbuslarning aksariyati asosiy jazo muddatini allaqachon o‘tab bo‘lgan, ammo hanuz panjara ortida.

Faollar buning sababini davlatning qora ro‘yhatiga bog‘lashadi.
XS
SM
MD
LG