Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:59

Andijonda mehnat muhojirlari ro‘yxatga olinyapti


Andijon viloyatida militsiya xodimlari boshchiligidagi maxsus ishchi guruh uyma-uy yurib, xorijga ishlashga ketgan fuqarolar ro‘yxatini tuzmoqda.

Joriy yilning 18 fevralidan boshlab Andijon viloyatidagi mehnat muhojirlarini ro‘yxatga olish tadbirini amalga oshirish uchun mahalla qo‘mitalarida maxsus ishchi guruhlar tuzildi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan Andijondagi Ozodlik mahallasining o‘zini tanishtirmagan faoliga ko‘ra, ishchi guruhga mahalla faollari, o‘qituvchilar, shifokorlar va shahar sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari jalb qilingan bo‘lib, ularga militsiya xodimlari boshchilik qilmoqda.

- Maktab o‘qituvchilari, vrachlar, Gorsesdan. Uchastkovoy bilan birgalikdada, hamkorlikda. Uchta-uchta odam gruppa bo‘lib chiqdik mahallaga. Hammamizni mahallaga bo‘lib yubordi. Xonadonma-xonadon yurib, etajli domlarimizga ham kirdik. Kim chet elga ketgan, qaysi shaharga, nima qilishlik uchun, u yerga borib nima ish qilayapti, shularning ro‘yxatini olib keldik. Daje ishchi guruhi tuzilib, ishlarning taqsimotini qilib, undan keyin mahallaga yurdik. Uchastka inspektoriga kunlik kunligini nechta xonadonda bo‘ldik, nima qildik, grafa bor, to‘ldirib topshirayapmiz uchastkovoyga. Hamma mahalla tugallangandan keyin umumiylashtirib elektrovariant qilamizda,- dedi Ozodlik mahallasi faoli.

Andijondagi Qo‘shariq mahalla qo‘mitasining ismini oshkor qilmayotganimiz faoliga ko‘ra, ishchi guruh a‘zolari mehnat muhojirlarini ro‘yxatga olish bilan birgalikda aholi orasida odam savdosi bo‘yicha tushuntirish ishlarini ham olib borayapti.

- Ichki ishlar xodimi keldi, maktabni jalb qildik, uchastkovoy bilan birgalikda yana domlarga yurib shularni qayta ro‘yxatga olayapmiz. Qayta ro‘yxatga olib kelganlarni, tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tishga jalb qilayapmiz. Ketganlarni ro‘yxatga olayapmiz. Qachon ketgan, qayerda, nima, aloqa bormi oilalari bilan yo‘qmi hamma ëqni so‘rayapmizda,- deydi mahalla faoli.

Suhbatdoshga ko‘ra, endilikda chet elga ishlashga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolar mahalla qo‘mitalari faollariga uchrab, maxsus suhbatdan o‘tishi va tushintirish xati yozib topshirishlari shart.

- Qayerga ketayapsizlar, nima maqsadda ketayapsizlar deb so‘raymiz. Undan keyin ulardan tushuntirish xati olayapmiz. Tushuntirish xati olib, nima maqsadda ketaëtganligini so‘rab olayapmiz. Tushuntirish xatida ular ëzayapti nima maqsadda, siësatga qarshi boshqa nimalarga qo‘shilmaymiz degan ma‘noda ëzilayapti. U ëqda boshqa oqimlarga kirib qolishining oldini olish bo‘yicha ularga tushuntirish olib boramiz noqonuniy oqimga kirib qolishining oldini olish bo‘yicha. “Mana shunaqa nimalarga kirib qolmang. To‘g‘ri yuring. Yana siësatga qarshi ish qilmang” deb tushuntiramiz. Odam savdosiga qarshi mana ketaëtganlarni biz ular bilan suhbat o‘tkazamiz. “Kim bilan ketayapsiz? Nima maqsadda ketayapsiz?”, mana ko‘pincha Rossiyaga ketaëtganlarni “Tayin joyda ketayapsizmi?”, birov chaqirayapti desa, “Ishonchli odammi?”, ertaga aldanib qolishning oldini olish haqida so‘raymiz. “Kim u? Aldanib qolmang. Mana bu yerga ma‘lumotini bering. Uydagilarga ma‘lumotini bering” deb tushuntiramiz,- deydi suhbatdosh.

Andijondagiga o‘xshash tadbir mamlakatning boshka viloyatlarida amalga oshirilayotgani to‘g‘risida ma‘lumotlar hozircha yo‘q.

Ayni paytda, Toshkentdagi mahalla qo‘mitalaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, keyingi bir hafta davomida mahalla faollari chet elga ishlashga ketayotgan fuqarolar bilan uchrashib, odam savdosi bo‘yicha tushintirish ishlarini olib borayapti.

18-19 fevral kunlari O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan chet elga ishlashga ketayotgan fuqarolar yo‘li to‘silib, qo‘lida xorijlik ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi bo‘lmaganlar ortga qaytarildi.

Keyingi kunlarda mehnat muhojirlariga nisbatan nazoratning kuchaytirilishi joriy yilning 18 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan majlisda prezident Islom Karimovning o‘zbekistonliklar Rossiyada mardikorlik qilayotgani borasida Ichki ishlar vaziri Bahodir Matlubov va bosh prokuror Rashid Qodirovni keskin tanqid qilgani bilan bog‘lanmoqda.
XS
SM
MD
LG