Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:49

33 yil avval bedarak yo‘qolgan o‘zbek askari Hirotdan topildi


Sobiq sovet askari samarqandlik Bahriddin Hakimov - Shayx Abdulla.
Sobiq sovet askari samarqandlik Bahriddin Hakimov - Shayx Abdulla.
Bundan 33 yil avval Afg‘onistonda xizmat qilgan payti bedarak yo‘qolgan samarqandlik Bahriddin Hakimov shu yilning 23 fevral kuni Hirot viloyatidan topildi.

53 yoshli Bahriddin Hakimovni MDHga a‘zo davlatlar hukumat boshliqlari Kengashi huzuridagi Baynalmilalchi jangchilar ishlari bo‘yicha qo‘mita faollari topdi.

Bu haqda Ozodlikka mazkur qo‘mita raisining o‘rinbosari Aleksandr Lavrentyev ma‘lum qildi.

Lavrentьev joriy yilning 23 fevral kuni Hirotda Bahriddin Hakimov bilan shaxsan uchrashib, suhbatlashgan.

- U o‘zbek. U rus tilini unutgan, faqat ayrim so‘zlarni eslaydi. Lekin o‘zbekcha gapiradi. Mening tarjimonim bir qancha tillarni biladi. Unga o‘zbekcha savol bergandi. U o‘zbekcha javob berdi,- deydi Lavrentyev.

Bahriddin Hakimov harbiy xizmatdaligi paytida.
Bahriddin Hakimov harbiy xizmatdaligi paytida.
Asli Samarqand shahridan bo‘lgan Bahriddin Hakimov, 101-motorlashgan o‘qchi polkida xizmat qilgan.

Lavrentyevga ko‘ra, Bahriddin Hakimov 1980 yilning sentyabr oyida Afg‘onistonning Eron bilan chegaradosh Hirot viloyati hududida bo‘lgan shiddatli jangda og‘ir yarador bo‘lib, asirga tushgan.

- Jang tugagach uni izlashgan. Biroq u yarador bo‘lib yiqilgan joyidan topilmagan. U asirlikka tushgan ekan,- deydi Lavrentyev.

Asirlikka tushgan Hakimovni mahalliy tabib giyohlar bilan davolab, oyoqqa turg‘izgan. Tabib uni o‘g‘il qilib olib, giyohlar bilan davolashni o‘rgatgan. Hozir Bahriddin Hakimovning o‘zi ham tabiblik bilan shug‘ullanadi.

Bahriddin Hakimov hozirda Shayx Abdulla ismini olgan. Shayx Abdulla afg‘onistonlik ayolga uylangan, biroq farzandi bo‘lmagan. Rafiqasi o‘lgach esa, Abdulla boshqa uylanmagan, hozirda yolg‘iz yashaydi.

33 yil avval bedarak ketgan o‘zbek askari bilan shaxsan ko‘rishgan Lavrentyevning aytishicha, Shayx Abdullaning qo‘lida shaxsini tasdiqlovchi birorta ham hujjat yo‘q. Lekin u Samarqanddagi qarindoshlari haqida va qaysi harbiy qismda xizmat qilgani borasida to‘liq ma‘lumot bergan.

Baynalmilalchi jangchilar ishlari bo‘yicha qo‘mita Bahriddin Hakimovning daragi chiqqach, u bilan uchrashishga qariyb bir yil sarflagan.

- Men taxminan bir yil avval Hirotda asirlikka tushgan sobiq sovet askari yashayotgani haqida ma‘lumot oldim. Afg‘onistonda davom etayotgan urush va mamlakatdagi vaziyat bois bu askarni topish bir yilga cho‘zildi. Nihoyat 23 fevral kuni u bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldik,- deydi Lavrentyev.

Bahriddin Hakimov (chapda) va Aleksandr Lavrentyev (o‘ngda)
Bahriddin Hakimov (chapda) va Aleksandr Lavrentyev (o‘ngda)
Suhbatdoshga ko‘ra, Bahriddin Hakimov hozirda Hirot shahri yaqinidagi yarim ko‘chmanchi pushtunlar qabilasida yashaydi.

- U viloyat chekkasida yashaydi. U yerda telefon aloqasi yo‘q. Elektr energiyasi ham yo‘q. Biz bilan uchrashishga kelgan payti, mahalliy boylardan biri unga pul berib, bozordan kiyim olib kiyintirdi,- deydi Lavrentyev.

Samarqand viloyati baynalminalchi jangchilar bo‘limi rahbari Eson Hasanovning Ozodlikka aytishicha, Bahriddin Hakimovning ota-onasi olamdan o‘tib ketgan. Uning yolg‘iz akasi - Sharof Hakimov militsiyada uzoq yillar ishlab, hozir pensiyaga chiqqan. Podpolkovnik unvoniga ega Sharof Hakimov ukasi Bahriddinning rasmlaridan tanigan.

Aleksandr Lavrentyevga ko‘ra, Bahriddin Hakimov agar Samarqanddagi qarindoshlariga zarar yetmasa, ular bilan uchrashish niyatini bildirgan.

- Men undan o‘z yaqinlaringni ko‘rishni istaysanmi deb so‘raganimda, u agar ular uchrashishni xohlasa, albatta ko‘rishish niyati borligini aytdi. Lekin u, bunday uchrashuv yaqinlariga zarar keltirmasa, ko‘rishishini aytdi,- deydi Lavrentyev.

Samarqand viloyati baynalminalchi jangchilar bo‘limi rahbari Eson Hasanovning aytishicha, Bahriddin Hakimovning yaqinlari bilan uchrashish masalasi bir hafta ichida hal bo‘ladi.

MDHga a‘zo davlatlar hukumat boshliqlari Kengashi huzuridagi Baynalmilalchi jangchilar ishlari bo‘yicha qo‘mita 1992 yilning 13 mart kuni tashkil qilingan. O‘tgan vaqt davomida qo‘mita tomonidan Afg‘onistonda bedarak yo‘qolgan 31 sobiq sovet askari topilgan.

Hozirda qo‘mita Afg‘on urushida bedarak ketgan yana 263 nafar askarni qidirishda davom etmoqda.

Afg‘onistondagi o‘n yillik urush chog‘ida, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan Afg‘onistonga 65 mingdan ziyod askar yuborilgan.

Ulardan 1512 nafari halok bo‘lgan, 2500 dan ziyod askar va zobit nogiron bo‘lib qaytgan.
XS
SM
MD
LG