Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:35

“Internet dushmanlari” ro‘yxatida bu yil O‘zbekiston yo‘q


“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining “Internet dushmanlari” ro‘yxatida bu yil O‘zbekiston yo‘q. Lekin, tashkilotga ko‘ra, O‘zbekistonning bu yil "qora ro‘yxat"ga kiritilmagani uning "Internet dushmanlari" safidan chiqarilganini angalmaydi.

Xalqaro tashkilot bu yil “Internet dushmanlari” ro‘yxatiga besh davlat - Suriya, Xitoy, Eron, Bahrayn va Vyetnamni kiritdi.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko‘ra, mazkur davlatlardagi repressiv tuzumlar Internetni nazorat etish, kuzatuv olib borish uchun barcha turdagi choralarni qo‘llamoqda.

Bular internet tsenzurasidan tortib, o‘zgacha fikrlovchi Internet foydalanuvchilarini qamoqqa tashlash kabi choralardir.

“Kibertsenzura 2012”, deb nomlangan hisobotda Eron o‘zining alohida Internet tizimini yaratgani bildirilgan. Tehron buni mamlakat yadroviy inshootlariga kiberhujumlar uyushtirilishining oldini olish maqsadida qilingani bilan izohlagan.

Hisobotda Rossiya “yoshlarni himoya qilish” bahonasida zararli vebsaytlar “qora ro‘yxati”ni tuzganlik uchun tanqid qilingan.

Tashkilot hisobotida dunyodagi har uch Internet foydalanuvchisidan biri erkin internetga kirish imkoniyatidan mahrum ekani aytiladi.

"Chegara bilmas muxbirlar" o‘zining yangi yillik hisobotini "Internetda tsenzuraga qarshi kurash kuni" arafasida e‘lon qildi.

Tashkilot har yili e‘lon qiladigan “Internet dushmanlari” ro‘yxatida bu yil O‘zbekiston yo‘q.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi direktori Yoxan Bir, Ozodlik bilan suhbatda, O‘zbekistonning bu hisobotga kiritilmagani mamlakat "Internet dushmanlari" ro‘yxatidan chiqarilganini anglatmaydi, deydi.

- O‘zbekiston shak-shubhasiz hozir ham Internetning ashaddiy dushmanlaridan biridir. Bu yil tashkilotimiz Internetdagi nazorat va kuzatuvlar masalasiga urg‘u bergani bois asosiy e‘tibor bu borada katta muammo mavjud bo‘lgan beshta davlatga qaratildi, O‘zbekiston bu ro‘yxatga kirmadi. O‘zbekiston kiberfazoda so‘z erkinligi istiqboli qorong‘uligicha qolayotgan mamlakat bo‘lib qolmoqda, - deydi Yoxan Bixr.

O‘zbekiston behayo saytlarni to‘sish, konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga qaratilgan axborotni to‘xtatish vaji bilan qator xalqaro ommaviy axborot vositalari veb-saytlariga to‘siq qo‘ygan va "Internet dushmanlari" ro‘yxatiga kiritilgan mamlakat hisoblanadi.

"Chegara bilmas muxbirlar"ga ko‘ra, hukumatni tanqid qilish, iqtisodiyotning haqiqiy ahvoliga oid ma‘lumotlar, inson huquqlari va ijtimoiy holat bilan bog‘liq sharoit O‘zbekistonda qaltis mavzular sanaladi.

O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilari soni bugunga kelib 8 milliondan oshgan.

O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi bergan bu ma‘lumotlarga ishonilsa O‘zbekistonda har uch odamning biri Internetdan foydalanadi.
XS
SM
MD
LG