Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:08

Peterburg muhojiri rus tilini o‘rganishga oshiqmayotir


Sankt Peterburgdagi Markaziy-osiyolik mehnat muhojirlariga ko‘maklashish jamg‘armasi xodimlari rus tilini o‘qitish bo‘yicha tashkil etilgan darslarga deyarli hech kim kelmayotganidan taassuf bildirmoqda. Muhojirlar esa buni rus tilini o‘rganishga vaqtlari yo‘qligi va bepul darslar haqida eshitmaganliklariga yo‘ymoqda.

Rossiyada 2012 yilning 1 dekabridan kuchga kirgan qonunga binoan migrantlar ishga ruxsatnoma olish uchun rus tilidan maxsus imtihon topshirishlari zarur. Bunga qo‘shimcha qilib, Rossiya Ta‘lim va fan vazirligi Rossiyada mehnat qilishni istagan har bir muhojir rus tilida kamida 850 kalimani bilishi kerakligi to‘g‘risida talablarni e‘lon qildi.

Muhojir rus tilida o‘qish, sodda matn mazmunini tushunish va oddiy maishiy dialoglarda ishtirok eta olishi zarurligi uqtirilgan.

Lekin, Rossiya hukumati tomonidan rus tilini o‘rganishga bo‘lgan talab oshib borayotganiga qaramasdan, mehnat muhojirlari bir qarashda uni o‘zlashtirishga shoshilmayotir.

Sankt Peterburgda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga Markaziy-osiyolik mehnat muhojirlariga ko‘maklashish jamg‘armasi tomonidan maxsus tashkillashtirilgan rus tili darslariga hech kim qatnashmayapti.

Bu masala yuzasidan tarqatilgan xabarnomada jamg‘arma raisi va ta‘sischisi Igor Belousov rus tilini o‘qitish kurslari o‘tilishi uchun hamma narsa tayyor – faqat o‘quvchilar yo‘qligini ma‘lum qildi.

“Men rus tilini o‘rganish mahalliy odamlarga hurmat belgisi ekaniga mehmonlarimizning e‘tiborini bir necha marotaba qaratganman. Biz o‘zbek ishchilariga darslarni tashkillashtirdik, o‘zbek tilida dars bera oladigan malakali o‘qituvchilarni tanlab oldik, o‘quv dasturlarini ishlab chiqdik. Buning barchasi bepul. Ishchilarim bu kurslar haqida shahar bo‘ylab e‘lonlarni tarqatib chiqdi. Biroq, hozir bizda eng asosiysi – o‘quvchilarning o‘zi yo‘q”, deb yozadi tadbirkor Igor Belousov.

Aniqlanishicha, bepul mashg‘ulotlar Jamg‘arma tomonidan Peterburgda 2013 yilning fevral oyidan tashkil etilgan.

Muhojirlarga yordam berish uchun Rossiyaning shimoliy poytaxtida tuzilgan jamg‘arma xodimlari o‘zbek migrantlari rus tili darslariga qatnamayotgani sabablarini o‘rganib, kunduz kuni o‘tilayotgan mashg‘ulotlar vaqti migrantlarga to‘g‘ri kelmayotganini aniqladi, deydi Ozodlikka Markaziy-osiyolik mehnat muhojirlariga ko‘maklashish jamg‘armasi raisi muovini Marina Melnik.

- Muhojirlar bizga bildirgan asosiy sabab – ularga darslarning o‘tilayotgan vaqti to‘g‘ri kelmasligi. Ularning asosiy qismi kechki 8-9 largacha, masalan, qurilishlarda ishlaydi. Shu sababli mashg‘ulotlar 9-10 da boshlanishi kerak. Dasrlar uchun xonalarni taqdim etishga tayyor bo‘lgan jamoatchilik muassasalari esa o‘zog‘i bilan 8 da yopiladi. Shu sababli hozir bu masala yuzasidan bizga yordam berishni xohlayotgan faollarni, tashkilotlarni qidiryapmiz. Hozirda asosiy masala ularga qulay bo‘lgan o‘quv jadvalini yaratib berish, deydi Marina Melnik.

Sankt-Peterburg shahar ma‘muriyati tomonidan ham uyushtirilgan bunday tashabbuslar natija bermagani ma‘lum bo‘ldi. O‘tgan yilning yozida Peterburg ma‘muriyati migrantlarga shahar tarixini o‘rgatish bo‘icha 20 kishilik ikki guruh tashkil etib, bu loyihaga 320 ming rubl ajratgan. Rasmiylar 12 mashg‘ulotdan iborat bu kursning hatto bitta guruhiga odam to‘plana olmaganini ma‘lum qildi.

Peterburg rahbariyatining “Mehnat muhojiri ma‘lumotnomasi”ni tuzish bo‘yicha tashabbusi esa katta siyosiy-ijtimoiy janjalni keltirib chiqargani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Kuzatuvchilar migrantlarning bu mashg‘ulotlarga qatnamasligini bir necha sabablarga bog‘lamoqda.

Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, 167 ming kishilik rasmiy ishlashga berilgan kvotadan tashqari Peterburgda bir millionga yaqin noqonuniy mehnat muhojiri yashab kelmoqda.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Akbarjon har qaysi noqonuniy o‘zbek muhojiri Peterburgda bunday tadbirlarga qatnashishga jur‘at eta olmasligini gapiradi. Shunga qaramasdan Sankt-Peterburg migrantlarida rus tilini o‘rganishga ishtiyoq katta, deydi u.

- Meni tanishlarim ichidan ham taklif qilishdi – borib o‘qisak, deb. Shaharning bir nechta joyida ochilganligi to‘g‘risida tarqaldi bu xabar. Menimcha, vatandoshlarimizning bunga sayozroq qarayotgani ko‘pchilikning bundan xabari yo‘qligida deb bilaman. Agarda mana shu o‘qishning tashkil qilingani, bepulligiga e‘tibor qaratilsa o‘quvchilar nihoyatda ko‘p, deb o‘ylayman, deydi Akbarjon.

Muhojirning so‘zlariga ko‘ra, rus tilini o‘rganishga qiziquvchilar muhojirlar orasida juda ko‘p, lekin ular ish joyidagi tor jamoada yashab, atrofda nima bo‘layotganidan bexabarligicha qolmoqda.

- Sankt-Peterburg shahrida ishlayotgan yoshlardan 70 foizi rus tilini yaxshi bilmaydi. Bu juda katta ko‘rsatkich! Ular bir kunda 12 soat ishlashga majbur. Faqat ayrimlarida haftasiga bir kun dam olish imkoniyati bor. Men bilganlarning ko‘pchiligi yakshanba kuni dam oladi. Ko‘pchilikning 9 dan 9 gacha, kimdir kunduzi - kimdir kechasi ishlaydi. Ruslar kabi 8 soatlik ishlaydiganlar ham bor. Masalan, 9 dan kechki 6 gacha ishlaydiganlar usiz ham rus tilini yaxshi bilishadi. Rus tiliga muhtoj bo‘lganlarning esa ish vaqti, ish sharoiti to‘g‘ri kelmaydi. Ular majbur 700-800 rublga 12 soatlab ishlashga, deydi Akbarjon.

Joriy yilning aprelida Duma birinchi o‘qishda qabul qilgan qonunga ko‘ra, Rossiyaga ishlashga kelayotgan mehnat muhojirlari 2015 yilning 1 yanvaridan rus tilidan topshiriladigan imtihondan tashqari Rossiya tarixi va mamlakat qonunchiligi asoslari bo‘yicha bilimlari sinaladi.

5 ming rubl turadigan bu “xizmat turi” yillik ishchi vizasi, Rossiyada vaqtinchalik yashash huquqini olish va vizasiz Rossiyaga kirib kelayotgan muhojirlar ishga ruxsatnoma olishda qo‘llaniladi. Bu imtihonlarni eson-omon topshirganlik to‘g‘risidagi sertifikat 5 yil muddatga amal qilishi aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG