Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:33

Velosipedchilar maxsus militsiya brigadasi nazoratida


Toshkentda militsiya xodimlari bir necha kundan buyon velosiped mingan yosh-yalangni ushlab, jarimaga tortmoqda. Velosiped egalari 26 ming so‘m jarima to‘laganidan keyin maxsus suhbatdan ham o‘tkazilmoqda.

Bu ma‘lumotlarni Ozodlikka bildirgan Toshkent shahar Avtomobil nazorati idorasi xodimi kapitan Musurmon Xudoyqulovga ko‘ra¸ bu tadbir mobaynida poytaxtdagi velosipedlarni ijaraga beruvchi punktlar yopib qo‘yilmoqda.

Velosiped ovi


O‘zbekiston Davlat avtoinspektsiya idorasidagi o‘zini Shoira, deb tanishtirgan mulozimaga ko‘ra, joriy hafta Toshkentda velosiped haydovchilari xavfsizligi borasida maxsus tadbir o‘tmoqda.

Suhbatdoshga ko‘ra, maxsus brigadalar Toshkent ko‘chalarida velosipedni bejo boshqarganlarni ushlab, jarimaga tortmoqda.

- Brigadalar ishini maxsus shtab muvofiqlashtirmoqda, deydi suhbatdosh.

Toshkentdagi velosiped haydovchilarini nazorat qilishga safarbar qilingan maxsus brigadaning kattasi kapitan Musurmon Xudoyqulov ayni paytda shtab a‘zosidir.

Ozodlik bilan suhbatda Xudoyqulov velosiped haydovchilari ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari ko‘paygani bois, bu tadbir amalga oshirilayotganini aytdi.

- Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari oldini olish uchun bu tadbirga qo‘l urdik. Chunki, velosiped haydovchilari ishtirokidagi avariyalar ko‘payib ketdi¸ deydi suhbatdosh.

Musurmon Xudoyqulovga ko‘ra, tadbir voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘limi va Toshkent shahar hokimligi bilan muvofiqlashtirilgan holda olib borilmoqda.

- Velosipedni ijaraga beradigan tochkalarni yoptiryapmiz birin-ketin. Bu ish endi hokimiyat bilan kelishilgan xolda qilinyapti¸ deydi DAN mulozimi.

Toshkent shahrida velosipedlarni prokatga berish bilan shug‘ullanadigan oltita shirkatning birortasi bilan chorshanba kuni bog‘lana olmadik.

Ular telefon qo‘ng‘irog‘iga javob berishmadi.

Velosipedni ijaraga beradigan shirkatga oid saytda ularning vaqtincha ishlamayotgani bildirilgan.

Bu asnoda, O‘zbekistondagi qator nashrlar militsiya xodimlari bir necha kundan buyon poytaxt ko‘chalarida odamlarning velosipedlarini tortib olishmoqda, degan habarlarni tarqatishdi.

Kapitan Musurmon Xudoyqulov Ozodlik bilan suhbatda: "Toshkent militsiyasi poytaxtda velosipedlar musodara etilmayapti balki egasidan olib qo‘yilyapti", deb vaziyatga aniqlik kiritdi.

- Musodara qilinmayapti. Birovning mulkiku bu. Jarimasini to‘laguncha, egasidan vaqtincha olib qo‘ymoqdamiz¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlik bilan suhbatda Musurmon Hudoyqulov faqat voyaga yetmagan yosh-yalanglargina tadbir nishoni ekanligini alohida eslatdi.

- Masalan, bir yoshi katta odam ishdan velosipedda tinchgina qoidaga rioya qilib kelayotgan bo‘lsa, biz unga tegmaymiz. Asosiy e‘tibor yoshlarga. Bir-ikkitasi spirtli ichimlik ichib, velosiped haydayotganida qo‘lga tushdi. Tartib bo‘lishi kerak bu sohada¸ deydi DAN mulozimi.

Velosipedimni sotaman


Toshkentda velosipedchilarga qarshi keng qamrovli nazorat ketayotgan bir paytda velosipedimni sotaman, mazmunidagi e‘lonlar ko‘paydi.

Ana shunday elonlardan biridagi telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildik.

Go‘shakni ko‘targan Ergash ismli 29 yashar yigit bir yil oldin ancha qimmatga sotib olgan velosipedini sotish sabablarini Ozodlik muxbiriga gapirdi.

- O‘zi zo‘r velosiped. Gap yo‘q. Zo‘r bo‘lgani uchun militsiya diqqatini tortyapti. Rama orasida prujinasi bor. Kechagida yo‘lda to‘xtatgan militsioner o‘sha prujinaga e‘tiroz bildirdi. "Sen bu velosiped bilan ariqdan sakramoqchimisan", deydi menga. Xullas, sotib qutilaman endi. Ortiqcha gapni keragi yo‘q. Tinch yuraylik¸ deydi toshkentlik velosipedchi Ergashboy.

Toshkentdagi xususiy e‘lonlar bilan shug‘ullanuvchi shirkatning o‘zini Nadejda, deb tanishtirgan xodimi so‘nggi paytda velosiped sotish haqidagi e‘lonlar ko‘payganini aytdi.

Mototsikl taqiqlangan shahar


Bundan yetti yil oldin Toshkent shahrida mototsikl va skuterlar harakatlanishi taqiqlab qo‘yilgan edi.

Ba‘zi norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, mototsikl mamlakat prezidenti hayotiga suiqasd oldini olish maqsadida ma‘n etilgani aytiladi.

O‘zbekiston poytaxtidagi asosiy yo‘llar chetida velosiped uchun yo‘lakchalar ajratilmagan. Bu esa velosipedni ham istalmagan harakatlanish vositasiga aylantiradi.
XS
SM
MD
LG