Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:29

Tsarnayevlar: "Aka-ukalarning portlashlarga aloqasi yo‘q!"


Moskva, Bishkek va Grozniyda Bostondagi portlashlarda ayblanayotgan aka-uka Tsarnayevlar himoyasiga varaqalar paydo bo‘ldi. Bu varaqalarga aloqasi yo‘qligini aytayotgan Tsarnayevlar oilasi a‘zolari 11 may kuni Germaniyada terrorchilikda ayblanayotgan aka-ukalar himoyasiga miting uyushtirilishini aytmoqda.

Grozniy va Bishkekdan keyin Moskvada ham varaqalar paydo bo‘ldi


Rossiya poytaxti ko‘chalarida AQShning Boston shahrida portlashlarni uyushtirganlikda ayblanayotgan Javhar Tsarnayevni himoya qiluvchi varaqalar paydo bo‘ldi. “Javhar Tsarnayevning aybi yo‘q, Javhar haqiga duo qiling”, deb yozilgan va kseroksda ko‘paytirilgan varaqalardan biri Moskvaning shimolidagi Beskudnikovskiy bulvarida savdo maydoni oldidagi uylardan birida yopishtirilganini xabar qildi hodisa guvohlariga tayanib “Russkaya slujba novostey” radiosi.

Bundan avval Boston marafonidagi portlashlarini uyushtirganlikda gumonlanib, qo‘lga olingan Javhar Tsarnayevni himoya qiluvchi varaqalar Qirg‘iziston poytaxti Bishkek va Checheniston poytaxti Grozniy shaharlarida tarqalgani xabar qilingan edi.

Bishkekdagi varaqalarda Moskvadagi kabi Javharning aybsiz ekani va uning uchun duo qilishga chaqiriqlar chop etilgan.

1 maydan 2 mayga o‘tar kechasi Grozniyda tarqatilgan qog‘ozlarda ikkita fotosurat – biri Javharning ijtimoiy tarmoqdagi fotosi, ikkinchisi qo‘liga qo‘lyozma varaq ko‘targan onasi Zubaydat Tsarnayeva rasmlari bor. Zubaydat qo‘lidagi qog‘ozda telefon va pul o‘tkazmalari uchun elektron hamyon raqamlari aks etgan.

“Bu Javhar Tsarnayev, Boston teraktini sodir etganlikda ayblanayotgan 19 yashar yigit. Lekin ko‘pchilikka bu ayblovlar asossiz ekani ma‘lum bo‘ldi, unga qarshi birorta dalil yo‘q. U hozir turma kasalxonasida juda og‘ir ahvolda qolmoqda, unga tibbiy va yuridik yordam kerak. Javharning ota-onasi o‘g‘liga yordam uchun pul yig‘ishga ko‘maklashishni so‘ramoqda, chunki uni katta o‘g‘illari kabi yo‘qotib qo‘yishlari mumkin”, deb yozilgan Grozniyda paydo bo‘lgan varaqalarda.


Tsarnayevlar adolatli tergov talab qilmoqda


Rossiyada yashayotgan Tsarnayevlar yaqinlari Tamerlan va Javharning Boston fojeasiga aloqasi yo‘qligi va adolatli tergov olib borilishini talab qilmoqda.

Tsarnayevlarning Grozniyda yaqinlaridan biri Said Tsarnayev, Ozodlik bilan suhbatda, o‘zi shaxsiy jurnalistik tergov o‘tkazayotgani va bu portlashlar ortida maxsus xizmatlar turganiga ishonishini ta‘kidladi.

- Men varaqalarni kim tarqatayotganini bilmadim, lekin buni aka-ukalar aybsizligiga va ular siyosiy o‘yin qurboni bo‘lganiga ishonayotgan odamlar qilayotganini taxmin qilishim mumkin. Bundan tashqari, 11 may shanba kuni Germaniyaning Hamburg shahrida Javhar Tsarnayev himoyasiga bag‘ishlangan katta miting bo‘lib o‘tadi. Men Germaniyada bo‘lajak tadbirga ham aloqam yo‘q. Uni mahalliy faollar uyushtirayotgan bo‘lishi mumkin,- dedi Said Tsarnayev.

Said tergov yakunlanmasdan va sud qarori chiqmasdan Tamerlan va Javharni aybdorga chiqarish aybsizlik prezumptsiyasiga zid ekanini ham qo‘shimcha qildi.

Suhbatdoshimiz, Boston portlashlaridan 4 kun o‘tib 19 aprel kuni politsiya amaliyoti paytida otib o‘ldirilgan 26 yoshli Tamerlanning tanasi uning Vashington yaqinida yashayotgan amakisi Ruslan Tsarniga topshirilgani, biroq mahalliy ulamolar uning bu hududdagi qabristonga ko‘milishiga qarshi chiqayotganini ham gapirib berdi.

- Mahalliy muftiy musulmonlar qabristoniga uni ko‘mishni ta‘qiqlabdi. Menimcha, bu muftiyga ham AQSh hukumati tomonidan bosim o‘tkazilgan, uni shunchaki qo‘rqitib qo‘yishgan. Kuni kecha Anzorga (Tamerlan va Javharnig otasi.-Tahr.) AQShdagi singlisi telefon qilibdi. U Javharning ham tirigi unga topshirilmasligiga ishonishini bildirgan. Shuningdek bilishimcha, Anzorning AQShda uy qamog‘ida qolayotgan qizlari tahqirlanayotgani, ularning uyiga tosh otilayotgani va ularga tinimsiz kimdir do‘q-po‘pisa qilayotganini bilaman. Javharning advokatiga ham tahdidlar bo‘layotgani aniq. Shuningdek, hatto Rossiyada yashayotgan Tsarnayevlarga kimdir Amerikadan qo‘ng‘iroq qilib qo‘rqitayotganini menga xabar qilishdi, deydi Said Tsarnayev.

Ayni paytda, AQSh jamoatchilik faollari 26 yoshli Tamerlan Tsarnayev AQShdan tashqariga olib chiqib qo‘milishi, yana ayrimlari uning dafn etish marosimi bilan FBR yoki boshqa federal agentlik shug‘ullanishi kerakligini gapirmoqda.

19 aprel kuni og‘ir yaralanib qo‘lga olingan 19 yashar Javhar Tsarnayev Devens shaharchasidagi turma shifoxonasida saqlanmoqda.

22 aprel kuni unga ommaviy qurolini ishlatlanlik bo‘yicha ayblov e‘lon qilindi. Javhar bilan do‘stlashgan ikki nafar Qozog‘iston fuqarolari Dias Qodirboyev va Azamat Tajayaqovlar ham moddiy dalillarni yo‘qotishdagi ayblov e‘lon qilindi va ularning jinoiy ishi mahkamasi 14 may kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Etnik chechen bo‘lgan Tsarnayevlar Qirg‘izistondan avvaliga Dog‘istonga, keyinchalik Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tgan va fuqarolik olgan.

15 aprel kuni sodir etilgan Boston portlashlarida uch kishi halok bo‘lgan va 260 dan ortiq odam yaralangan edi.
XS
SM
MD
LG