Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:41

Xorazmga uch oyda xorijdan 14 ta tobut keldi


“Najot” inson huquqlari tashkiloti ma‘lumotiga ko‘ra, joriy yilning uch oyi davomida Rossiya, Qozog‘iston, Ukrainadan Xorazmga 14 nafar mehnat muhojirining tobuti kelgan. So‘nggi uch yil davomida uch xorazmlik mehnat muhojirining o‘ligi xorijda qolib ketgan.

Joriy yilning 25 aprel kuni Xorazm viloyatining Yangibozor tumani Madaniyat qishlog‘ida yashovchi 56 yashar Qadamboy O‘tamovning tobuti Rossiyadan keltirildi.

Bu haqda Ozodlikka “Najot” tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov ma‘lum qildi.

- O‘tamov Qadamboy aka Rossiya fuqarolari tomonidan o‘ldirilgan. Lekin ma‘lum bir huquq-tartibot idoralari tomonidan uning oilasiga yoki yaqinlariga uning o‘limi haqida hech qanday hujjat berilmagan. Qadamboy aka to‘g‘risida biror-bir surishtiruv yoki tergov ishlari olib borilmayapti. Shu ish bilan faloncha militsiya idorasi yoki faloncha prokuratura shug‘ullanayapti, degan hujjatlar umuman yo‘q, deydi huquq faoli.

“Najot” tashkiloti o‘tkazgan monitoring natijasiga ko‘ra, joriy yilning o‘zida Yangibozor tumanida yashovchi 32 yashar Anvar Qo‘chqorov, 39 yashar Odilbek Xidirov, 40 yashar Shonazar ismli shaxslar ham temir tobutda Rossiyadan keltirilgan.

- Xorazm viloyatidan bu yil yanvar, fevral, mart oylarida 5000ga yaqin fuqaro oilamni boqaman, deb Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina davlatlariga ishga ketgan. Joriy yil boshidanoq mazkur yaqin xorij mamlakatlaridan mehnat “fronti”dagi xorazmliklarning ona yurtlariga o‘zlari emas, temir tobutlari kela boshladi. Ularning soni bugungacha 14 nafarga yetgan. Bu raqam faqat "Najot" monitoringgi natijasida aniqlangani. Aslida ko‘p bo‘lishi mumkin. Yangibozor tumani bu ro‘yxatning boshida turibdi. Bu tumanga yil boshidan buyon to‘rt fuqaroning o‘ligi keldi, deydi huquq faoli.

Haytboy Yoqubovga ko‘ra, “Najot” tashkiloti o‘tkazgan monitoring natijasida aniqlanishicha, xorijdan tobuti kelayotgan xorazmliklarning o‘limi sabablari noma‘lum qolmoqda.

- Keyingi bir necha yil ichida qancha xorazmlik fuqarolar o‘lib keldi. Shularning birortasida oilasidan qolgan yetim bolalarga Rossiya, Qozog‘iston yoki Ukraina davlatidan pensiya yoki nafaqa tayinlanmadi. Ularning ishlari sud va boshqa huquq-tartibot idoralarida ko‘rib chiqilmadi. Yopig‘liq qozon hamma vaqt yopiqligicha qolib ketayapti. Bizlarning mazkur davlatlardagi elchilarimiz yoki elchixona vakillari shu narsa bilan shug‘ullanishmaydi, deydi huquq faoli.

“Najot” tashkiloti ma‘lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida Xorazmning Gurlan, Urganch tumani va Xiva shahridan bo‘lgan uch fuqaroning o‘ligi rus o‘lkasida qolib ketgan.

Rossiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining turli sabablarga ko‘ra qurbon bo‘lish holatlari tez-tez kuzatiladi.

Joriy yilning aprelida Nijniy Novgorod shahrida 40 yashar o‘zbekistonlik fuqaro pichoqlab o‘ldirilgan.

O‘tgan yilning dekabrida Kaliningradda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ikki erkak va bir ayol zaharlanib o‘lgan.

O‘tgan yilning 25 dekabr kuni Sankt-Peterburgning Primorskiy tumanidagi bozorlardan birida chiqqan yong‘inda uch o‘zbek mardikori halok bo‘lgan.

O‘tgan yilning noyabr oyida Moskvaning Odintsovo tumanida chiqqan yong‘in oqibatida 2 o‘zbekistonlik mehnat muhojiri kuyib o‘lgan.

O‘tgan yilning aprelida Moskvaning Kachalovo bozoridagi angarlardan birida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 17 o‘zbek o‘lgan.
XS
SM
MD
LG