Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:25

Oshlik o'zbeklar BMTga shikoyat yo‘lladi


O‘sh shahri atrofidagi Sharq qishlog‘ining Imomota mavzesi aholisi huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan etnik o‘zbeklar huquqlari buzilayotganidan norozilik bildirib, xalqaro tashkilotlarga va O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy prezidentlariga murojaat jo‘natdi.

Ilojsizlikdan yozilgan murojaat


O‘shlik advokat Rashid Muzaffarovning aytishicha, murojaatga 150 odam imzo chekkan. Imomotaliklar bundan avval o‘z huquqlari himoya qilinishini iltimos qilib Qirg‘iziston prezidentiga, hukumatiga va bosh prokuraturaga ariza kiritgan. Advokat Muzaffarov bu arizalarga javob bo‘lmaganidan keyin mavze aholisi xalqaro tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lganini aytdi:

-Militsiyaga, hukumatga kiritilgan arizalarga hech qanday munosabat bildirilmaganidan so‘ng imomotaliklar ilojsizlikdan BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarga murojaat qilayapti. Ular bu ishlar xalqaro mutaxasislar tomonidan tekshirilsin deb talab qilishayapti. Imomotaliklar tergov jarayonida odamlarni kaltaklash, qiynoqlarga solish muammosini xalqaro mutaxasislar o‘rgansin, degan fikrda, - dedi Rashid Muzaffarov.

Gap shundaki, Imomota mavzesida yashovchi Ubaydullo Abdullajonov, Ikromjon No‘monov va “O‘sh sadosi” gazetasining bosh muharriri Muhammadsoli Ismoilov 2010 yilning iyun oyida mahalladoshi, o‘zbek millatiga mansub Anvar Mahmudovni o‘ldirganlikda gumonlanmoqda. Muhammadsoli Ismoilovdan boshqa ikki gumonlanuvchi 31 mardan beri hibsxonada saqlanmoqda. O‘sh sudi Muhammadsoli Ismoilovga uy qamog‘i ehtiyot chorasini belgilagan.


"Hamma melisadan bezib qolgan"


Imomota mahallasi oqsoqollaridan birining aytishicha, mazkur ayblov yuzasidan har kuni militsiya idorasiga o‘nlab odamlar so‘roq uchun olib ketilayapti. Bu esa mahalla ahli orasida qo‘rquv hissini paydo qilgan.

- -Har kuni organdan kelib bolalarni olib ketishayapti. So‘roq qilib, ayrimlarini qo‘yib yuborayapti, ayrimlarini olib qolishayapti. To‘rt-besh kundan beri mana shu ahvol. Kuniga bir necha martadan kelib olib ketishayapti. Hamma qo‘rqib qolgan, ayniqsa ayollarimiz qiy-chuv ko‘tarishib, hamma melisadan bezib qolgan, - dedi Imomota mahallasi oqsoqollaridan biri.

So‘roqqa chaqirilganlardan ayrimlari esa Ozodlik radiosiga o‘zlarining tergov davomida kaltaklanganlarini bildirgan edilar. Ulardan biri Habibullo Saydaliyev.

-Meni militsionerlar ko‘kragimga tepishgan,oyoq va biqinlarimga urishgan. Rost gapni aytasan, bo‘lmasa hozir podvalga olib kirib qamaymiz. O‘sha yerda aytmaydigan gaplaringni ham o‘zing aytib berasan, deb qo‘rqitishdi, - dedi Habibullo Saydaliyev.

Rashid Muzaffarovning aytishicha, qiynoqlarga solingan odamlar o‘z huquqlari uchun kurashishdan qo‘rqadi.

-Ularga “kaltaklanganinglar to‘g‘risida ariza yozinglar”, desam “Bizni shundan so‘ng yana kaltaklashadi, uyimizga o‘q tashlab qiynashadi”, deb javob berishayapti. Haqiqatdan ham bu ish bilan shug‘ullanayotgan militsiya xodimlari qancha-qancha bolalarni olib kelib, kaltaklashgan. Men qirg‘iz aybdor yoki o‘zbek aybdor demoqchi emasman. Bu yerda ayrim huquq-tartibot xodimlari noqonuniy harakatlarni qilayotgani haqida gap ketayapti, - dedi Rashid Muzaffarov.


Imomotadan yana yuzdan ortiq odam tergov qilinadi


O‘sh viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Jenish Ashuraliyevning aytishicha, Imomotada o‘ldirilgani tahmin qilinayotgan o‘zbek millatiga mansub Anvar Mahmudov bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha 45 odam so‘roq qilingan. Tergovga yana yuzdan ortiq odam chaqirilishi mumkin.

Jenish Ashiraliyev tergov qonun doirasidan chiqmagan holda amalga oshirilayotganini ta‘kidlagan holda, imomotaliklarga ularning xalqaro tashkilotlarga murojaatlaridan hech qanday naf bo‘lmasligini pisanda qilib o‘tdi.

-Borshqa davlatlar va ularning prezidentlari bizning ichki ishlarimizga kirisha olmaydi. Ikkinchidan, shikoyat qilish uchun hech qanday asos ham yo‘q. Tergov qonun doirasida olib borilayapti. So‘roqqa chaqirilgan har bir odam advokat va BMT xodimlari nazorati ostida so‘roq qilinayapti, -dedi Jenish Ashiraliyev.
XS
SM
MD
LG